Karantin sharoitida biznesga berilgan yengilliklar: tadbirkorlar ko‘prog‘ini kutmoqda

Iqtisodiyot 23:47 / 27.04.2020 35795

Inqirozga qarshi kurashish respublika komissiyasi sanoat, infratuzilma, transport va logistika sub'yektlarining barqaror faoliyat yuritishini, tarmoqlarning barqaror ishlashini ta'minlash, aholi o‘rtasida ishsizlik oshib ketishining oldini olish hamda budjet tushumlarini ta'minlash uchun iqtisodiyotning qator yo‘nalishlari faoliyatiga ruxsat berdi va karantin choralarini yengillashtirish haqida qaror qabul qildi.

Xususan, qurilish materiallari bozorlari, shu jumladan, qurilish materiallarining chakana va ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchilar, yirik ishlab chiqaruvchi sub'yektlarning o‘z mahsulotlarini sotishga mo‘ljallangan do‘konlari, avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish faoliyati bilan shug‘ullanadigan tadbirkorlarga va boshqa bir qator sohalarga faoliyatini davom ettirish uchun ruxsat berildi.

Koronavirus epidemiyasi sharoitida bu korxonalar va tadbirkorlarga faoliyati davomida sanitariya-epidemologiya talablariga rioya qilishi shartligi belgilab qo‘yildi.

Biroq, karantin choralarining bunday tarzda yengillashtirilishi bu soha vakillari faoliyatini to‘liq tiklab olishi uchun yetarli emasligi, ba'zi hollarda foydadan ko‘ra zarari ko‘proq bo‘lishi mumkinligi oydinlashmoqda. Turli viloyatlarda istiqomat qiluvchi ayrim tadbirkorlar tahririyatga murojaat yo‘llab, shu haqdagi xavotirlarini bildirishgan.

Joriy sharoitlarda ularni qanday muammolar qiynamoqda va tadbirkorlar nimalarni istashmoqda? Keling, murojaatlarda bayon etilgan fikrlar va talablarga e'tibor qaratamiz.

1. Transport bilan bog‘liq muammolar

Avvalo, tadbirkorlarga o‘z ish joylari — do‘konlariga yetib borish muammo bo‘lib turibdi. Qurilish materiallari yoki avtomobillar ehtiyot qismlari bilan savdo qiluvchi bozorlarning ko‘pchiligi shaharlar chekkasida, hatto chegarasidan tashqarida joylashgan. Tadbirkorlarning hammasida ham shaxsiy transport yo‘q, borlari esa ruxsatnoma olishiga to‘g‘ri keladi.

Bundan tashqari, aholining uydan chiqishi cheklangan va jamoat transportiga cheklov qo‘yilgan sharoitda do‘konning eshigini ochib o‘tirishdan qanday naf bo‘lishi mumkin? Uy-joylarni qurish va ta'mirlash bilan shug‘ullanadigan ustalar ishsiz o‘tirishibdi. Transport vositalarini ta'mirlash ustaxonalari esa karantin tufayli yopilgan.

2. Soliq va ijara to‘lovlari bilan bog‘liq muammolar

Tabiiyki, faoliyatiga ruxsat berilayotgan sohalar uchun soliqlarni hisoblash jarayoni ham tiklanadi. Bundan tashqari, ijara to‘lovlari ham talab qilina boshlaydi (ba'zi joylarda ijara to‘lovlari hatto to‘xtatilmagan). Bozorda savdo qilayotganlardan esa shartnomaga muvofiq kundalik yig‘im ham undiriladi. Ammo mijozlar oqimining keskin pasayishi va savdo tushumining keskin kamayishi sharoitida tadbirkorlar bunday xarajatlarni ko‘tara oladilarmi? Gap hatto biznesning «hayot va mamot» masalasiga borib taqalishi mumkin.

3. To‘lovga qobil talabning pasayishi

O‘zbekiston hukumati karantin sharoitida aholiga pul tarqatish amaliyotini qo‘llamadi. Natijada, aholining to‘lovga qobil talabi keskin pasaydi. Bu esa birinchi darajali ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar (oziq-ovqat, dori-darmon) savdosidan tashqari barcha sohadagi tadbirkorlarga zarba bo‘ldi, ularning tovarlari va xizmatlariga bo‘lgan talab keskin darajada pasayadi. Qurilish materiallari va avtomobil ehtiyot qismlari savdosi shular qatorida.

Bu sohalarda hatto yetkazib berish xizmatini yo‘lga qo‘yish ham ma'noga ega bo‘lmasligi mumkin. Chunki, ustalar, ta'mirlovchilar faoliyatini davom ettirishiga hali ruxsat berilmadi.

Karantin sharoitida biznesning ba'zi sohalariga yengillik berilgani quvonarli hol. Ammo muammolar va xatarlar hamon saqlanib turibdi. Chunki cheklovlar sinxron ravishda olib tashlanmayapti. Ba'zi sohalarga berilgan yengilliklar o‘z samarasini berishi uchun boshqa sohalardan ham cheklovlar olib tashlanishi lozim. Pandemiya bilan bog‘liq bo‘lgan murakkab sharoitda hammaga ma'qul yechimni topish, «sixni ham, kabobni ham kuydirmaslik» talab qilinadi.

Nurmuhammad Said

Ko‘proq yangiliklar: