Internet tarmog‘ida audioxabar tarqaldi, unda noma'lum shaxslar eshikma-eshik yurib, niqob tarqatgani haqida so‘z yuritilgan. Aytilishicha, bu mahalliy hokimiyatning yangi tashabbusi.
Bildirilishicha, ular niqob sizga to‘g‘ri kelishini ko‘rish uchun sizdan niqobni taqishni iltimos qilishadi. Mazkur niqobga narkotik ta'sirga ega kimyoviy vositalar bilan ishlov berilgan. Shundan so‘ng ular fuqarolarni o‘marishi aytilgan va begonalardan niqob olmaslik iltimos qilingan.
Poytaxt IIBB matbuot xizmati ma'lumotiga ko‘ra, ushbu xabar haqiqatdan yiroqdir. Yunusobod tumani yoki Toshkent shahrining boshqa tumani hududida bu kabi holatlar yuz bermagan.
“Bu kabi xabarlar tarqalishi to‘g‘risida Rossiya Federatsiyasi huquqni muhofaza qiluvchi organlari ogohlantirishgan edi. Bizning fuqarolar ham ushbu holat go‘yoki Toshkent tumanlaridan birida ro‘y bergan degan holda ba'zi talqinlar bilan bu kabi xabarlarni tarqatishmoqda.
Hurmatli hamshaharlar va Toshkent mehmonlari! Rasmiy OAV, davlat idoralariga qarashli bo‘lmagan har qanday internet-manbalarda tarqayotgan xabarlarga ishonib ketavermang. Ma'lumot naqadar ishonchli ekanligini, qayerdan olinganligini tekshiring.
O‘zingizni asrang va salomat bo‘ling!” - deyiladi xabarda.