Gazeta qadriyatmi? - Bosma nashrlar taqdiri borasidagi munozaralar haqida

Jamiyat 09:16 / 27.04.2020 12527

Insoniyat o‘zi shunaqa, har qanday sharoitda avval noqulaylik his qilsa-da, keyin yana o‘z shakliga, azaliy mavzulariga qaytadi. Bosma nashrlar — internet qarama-qarshiligi bizda xuddi shunday, azaliy mavzu.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov o‘z intervyusida bosma nashrlarning davri o‘tgani, matnli axborot shakl almashtirish vaqti kelganini aytishi hamono, unga hujumlar boshlandi: hatto gazetachilikka qarshi bo‘lgan odamlarni ma'naviyatsiz, kitob o‘qimaydigan, madaniy merosimizning dushmani sifatida aks ettirganlar ham bo‘lyapti. Bosma nashrlar o‘ziga xos tarzda qadriyat sifatida namoyon qilinmoqda.

Aslida, bu bahsning o‘z konteksti bor va Komil Allamjonov bosma nashrlar haqida fikr yuritganda ham, unga berilgan javoblarni ham o‘sha kontekst asosida tushunishimiz lozim. Asosiy nuqta gazetaning bir vosita ekani, vosita esa, hech qachon qadriyat bo‘la olmasligidir.

Tasavvur qiling, yengil avtomashinalar chiqqach, ot aravani qadriyat deb himoya qilmaymiz-ku? Qo‘l telefonlari paydo bo‘lgach, simli telefonlar taqdiridan qayg‘urib, aziyat chekmaymiz-ku? Maqsad bir nuqtadan boshqasiga borish yoki kimdir bilan gaplashish ekan, buni qanday vositalar bilan amalga oshirishimiz muhim qadriyat emasku, to‘g‘rimi?

Bosma nashrlar ma'naviyatga ega chiqib, bor baloni, feyklaru, axloqsizlikni internetga to‘nkashi ham shu qadar mantiqsiz. Ishontirib aytamanki, dunyoni tebratgan butun madaniy-ma'rifiy matnlarni, har qanday buyuk asarni internetdan topsa bo‘ladi. O‘z navbatida, payg‘ambarimiz (s.a.v.)ni masxara qilib chizilgan karikaturalar gazetada chop etilgan edi.

Aytmoqchimanki, eng muhimi, matnning, asarning mazmuni, uning o‘zidir. O‘quvchiga bu qaysi formatda taqdim etilgani mutlaqo ahamiyatga ega emas.

Boz ustiga, o‘quvchiga tezkor ma'lumotni yetkazishda, elektron shakldagi OAVning bugun har tomonlama ustunlikka ega bo‘layotganini ham tan olishimiz kerak. Chunki, tezkorlik uchun texnik sharoit ham, o‘quvchiga yetib borish shaklida ham, mushtariylar bilan munosabat o‘rnatish imkoniyatlaridan tortib, ma'lumotni taqdim etish formatlarida elektron OAV ancha ustundir. Shuningdek, aynan internet saytlariga zamonaviy boshqaruv ancha erta kirib keldi va ular moliyaviy tomondan o‘zini o‘zi mustaqil ta'minlash yo‘lida ancha qadamlar ham bosib qo‘yishdi.

«Saytlar xalqimizga eng to‘g‘ri ma'lumotlarni yetkazish, ularning ma'naviyatini yuksaltirish vazifasini bajarmoqda, shuning uchun ularni asrashimiz kerak, yo‘qolib ketmasligi lozim», deb bong urilmayapti, harholda. Raqobat va erkin bozorda o‘rnini topa olgan yashab ketyapti, aks holda yo‘q.

Bu tushunarli. Xo‘sh, masalaning asosiy qismi — bosma nashrlar kerakmi?

Aslida, savol bu shaklda qo‘yilmasligi lozim. Kerak yoki kerak emasligini hamma uchun kimdir hal qilishi noto‘g‘ridir. Bosma nashrlar ham xuddi oldingi abzatsning oxirida keltirilgan shartlar asosida yashay olsa, yashab ketsin. Hech kim qarshilik qilmasa kerak.

Asosiy e'tirozlar mana shu yerda kelib chiqadi. Bosma nashrlarga qarshi, deb ta'rif berilayotgan hech kim, aslida, bu shaklga qarshi emas. Hech kim jadidlarga, Julqunboyga yoki «O‘zbek adabiyoti va san'ati» bizga kerak emas, demayapti. E'tiroz — gazetalarimizning boshqaruv shakli va buning oqibati sifatida vujudga kelayotgan bugungi matnlarga.

Birinchisi — majburiy obuna. Ya'ni, ma'lum gazetaning menga kerak yoki kerak emasligini, qiziq yoki qiziq emasligini boshqa birov belgilaydi va majburan obuna qildiradi. O‘qiymanmi, yo‘qmi, men o‘sha nashrni sotib olishim shart. Sababi — o‘sha gazetani asrashimiz kerak ekan.

Avval ham yozgandim, masalan dorixonaga kirasiz. Kimdir sotuvchiga retseptni uzatadi. Allaqaysi dori besh dona yozilgan bo‘lsa, avval narxini so‘raydi va keyin «ikki dona berib turavering-chi hozircha», deydi. Menga shunaqa narsalar juda ta'sir qiladi.

Endi, shunaqa odamlarga kimdir 200 ming so‘mlik majburiy obuna qildirsa va ba'zi jurnalistlar chiqib «xalq o‘qimay qo‘ydi, ma'naviyatimizni, ma'rifatimizni oshirish kerak, obuna bo‘lish kerak» desa, qanchalik to‘g‘ri?

Ikkinchi e'tiroz, birinchisidan kelib chiqadi. Majburiy obuna qilishda gazetalarga ma'muriy resursi bilan yordam beradigan hokim yoki boshqa amaldorning faoliyati keyinchalik o‘sha nashrlarda xolis baholanishi mumkinmi?

Nashrlar budjetdan moliyalashtirilgan taqdirda ham, mazmunan o‘sha. Budjet ham xalqning puli va bu ham majburan gazeta o‘qitishdan yoki xalq pulini noo‘rin sarflashdan farqi yo‘q. Tirik qolishi qaysidir davlat amaldoriga yoki mahalliy hokimlarga qarab qolgan nashrdan xolis bahoni yoki xalq dardini kutishdan mantiq qolmaydi.

Agar mana shu ikki e'tiroz (e'tibor bersangiz, bu e'tirozlar madaniyatga, ma'naviyatga, jurnalistikaga, qadriyatlarga, mentalitetga emas) amalda o‘rinsiz holga kelsa, bosma nashrlar o‘z-o‘zini qoplab, yashay olsa, yana ming yil turmaydimi, hech kimning qarshiligi yo‘q.

Gazetachilar raddiyalarida aytayotgan fikrlar, bu formatning davri o‘tmaganini isbotlash uchun keltirilgan «chet elning falon million nusxalarda chiqayotgani» ham, aslida, o‘sha raddiyachilarga tanbeh va o‘rnak bo‘lib yangrashi lozim. Axir o‘sha nashrlar majburiy obuna tashkil qilmadilar, davlatdan subsidiya olmadilar. Ular zamonamizning texnologik o‘zgarishlariga moslasha oldilar, to‘g‘ri marketing siyosati orqali, shu sharoitda ham yashab qolish yo‘lini topdilar.

Darvoqe, jahonning o‘sha mashhur bosma nashrlari o‘zlarini qadriyat sanab, internetni yomonlab o‘tirmadilar. O‘z saytlarini ochdilar va aytish mumkinki, nashrni o‘sha cho‘qqida ushlab turish uchun elektron imkoniyatlardan foydalandilar.

Endi, xuddi Allamjonov singari, men ham muharrirlarga, nashr egalariga murojaat qilaman.

Bosma nashrlarda ishlaydigan va zo‘r berib, gazetalarni himoya qilishga urinayotgan hamkasblarimga ba'zida achinaman. Chunki ularni tushunish mumkin — ertaga, gazeta yopilsa, obunalar yoki budjet kamaytirilsa, ishsiz, maoshsiz qolishadi.

Lekin aslida, ular gazetani emas, aksincha, gazeta ularni himoya qilishi, kelajakka ishonch uyg‘otishi, moliyaviy barqaror sharoit taqdim etishi lozim. Bu esa sizning qo‘lingizda.

Toki, zamonaviy shartlarga integratsiyalashmas ekansiz, boshqaruvdagi xatolarni tuzatib, o‘sha hamkasblarimning mehnatlari, fikrlari, tahlillari, dardlari o‘quvchilarga eng tabiiy shartlarda yetib borishini ta'minlay olmas ekansiz, sizni tushunib bo‘lmaydi.

Bu — jurnalistikaga xiyonatdir. Asl qadriyat — mana shu!

Qahramon Aslanov.

Ko‘proq yangiliklar: