Andijonda soliq idorasi mas'uliyatsizligi tufayli tadbirkor ziyon ko‘rmoqda, xodimlarning maoshi kechikmoqda

Jamiyat 13:11 / 26.04.2020 22773

Kun.uz tahririyatiga Andijon shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi «Ozornyye Pochemuchki» nodavlat ta'lim muassasasidan murojaat kelib tushdi. Ushbu bolalar bog‘chasining hisob raqamiga ota-onalardan mart oyining 12 kuni uchun badal puli tushayotgani, lekin tushayotgan barcha pul mablag‘larini Andijon shahar soliq inspeksiyasi inkassa orqali olib qo‘yayotganidan shikoyat qilingan.

«Xususiy bog‘chamiz 2017 yil yanvar oyidan ish faoliyatini boshlagan. 140 nafar tarbiyalanuvchi 7ta guruhda tarbiyalanmoqda. Shu kungacha soliq bo‘yicha muammo bo‘lmagan edi. 7 aprel kuni shahar soliq inpeksiyasidan Shaxsiy kabinetimga 2018 yil uchun yagona soliq to‘lovi uchun 31 million so‘m miqdorida qarzdorlik xati keldi.

Qarzdor bo‘lishimiz mumkin emas deb, qayta hisobot jo‘natdim. 13 aprel kuni hisobotni to‘g‘rilab qayta jo‘natganimda, xususiy bog‘chalarga berilgan imtiyozni ko‘rsatib o‘tdim.

Biroq, shahar soliq inspeksiyasida men jo‘natgan so‘nggi hisobotga e'tiborsizlik bilan qarashdi va 20 aprel kuni hisob raqamimizdan 3 685 335 so‘m miqdorida pul mablag‘lari inkassa orqali olindi.

Bu holatga izoh olish uchun shahar soliq inspeksiyasi kameral bo‘lim boshlig‘i bilan telefon orqali bog‘landim. Yangi hisobot jo‘natganimni, qarzdorlik yo‘qligini aytdim va nima uchun inkassa qo‘yilganini so‘radim. Mutasaddi menga hozircha baza vaqtincha ishlamayotganini va ishlashi bilan bu ishni shaxsan o‘zi oxiriga yetkazishini aytdi.

21 aprel kuni bog‘cha mudirasi menga telefon qilib, yana hisob raqamdan 720 ming so‘m pul mablag‘lari olingani haqida SMS-xabar kelganini aytdi. Rahbarimdan rosa dakki eshitdim. O‘sha paytning o‘zidayoq shahar soliq inspeksiyasiga borib, aniqlik kiritishimni tayinladi. Inspeksiyaga bordim. O‘sha mutasaddiga hisobotni to‘g‘rilaganimni, soliq bo‘yicha imtiyoz borligini aytib, nima uchun bunday holat bo‘lganini so‘raganimda, u «Andijonda sizlarga o‘xshagan ikki mingdan ortiq tashkilot bor. Har birini ko‘rib chiqqani vaqt yo‘q», deb aytdi.

21 aprel kuni hisob raqamimizdagi inkassa taqiqini olib tashlash uchun «otzyv» (Buxgaleriya hisobotida yo‘l qo‘yilgan kamchilikni qayta to‘g‘rilash uchun hujjat)ni soliq inspeksiyasi rahbaridan tortib, barcha mutasaddilarga imzolatib o‘sha mas'ul xodimga topshirdim. Endi inkassani yechib, olingan pul mablag‘larini qaytaringlar dedim. Rozi bo‘lishdi. Lekin, bankdan «kartoteka» (Soliq inspeksiyasi tomonidan qo‘yilgan to‘lov talabnomasi) kerakligini aytishdi. «Hamkorbank» operatoridan telegram orqali olib, soliq inspeksiyasi xodimi Muhammadzokir Abdulhayevga tashlab berdim. Soat 15:30lar atrofida edi. U telegram orqali jo‘natgan xabarimni ochmadi. Keyin 5 marta qo‘ng‘iroq qildim. Javob bermadi.

Kechki payt xabarimni o‘qib, javob yozdi: «Opajonim, telefon qilgan edingiz, ololmadim. Ulgurmay qoldik. «Otzyv» ertalabga bo‘ladigan bo‘ldi, uzr», degan xabar jo‘natdi. Bog‘cha mudirasiga ertalabga hal bo‘lishini aytdim. Lekin 22 aprel kuni kechki payt yana SMS-xabar keldi. Bu safar hisob raqamdan 1 440 000 so‘m yechib olingan ekan. Yana soliq inspeksiyasining kameral bo‘lim boshlig‘iga qo‘ng‘iroq qildim. Bo‘lim boshlig‘i «Olib tashlashmagan ekanmi? Hozir aniqlik kiritaman» deb aytdi. Biroz vaqt o‘tib qo‘ng‘iroq qilib, bo‘limdagi mutasaddilar ishni oxiriga yetkazmaganini aytdi. Yana bankdan kartoteka olib berishimni aytishdi. Bank bilan bog‘lana olmadim. Karantin payti bo‘lsa, ko‘chaga chiqishning iloji yo‘q-ku? Men yashayotgan uy, bank va soliq inspeksiyasi orasida ancha masofa bor.

Xodimlar ish haqini so‘rab qo‘ng‘iroq qilishmoqda. Muammo hal bo‘lmagani uchun sizlarga murojaat qildik», deydi «Ozornyye Pochemuchki» NTM hisobchisi Elvina Galiulina.

Hisobchi bilan ish joyidagi shaxsiy kompyuteridan «Bank kliyent» tizimi orqali soliq inspeksiyasi tomonidan olingan pul mablag‘lari to‘g‘risidagi ma'lumotlarni ko‘zdan kechirayotgan paytimizda 24 aprel kuni yana 1 568 005 so‘m miqdoridagi pul inspeksiya tomonidan yechib olinganiga guvoh bo‘ldik. Yechib olingan mablag‘lar jami 7 413 340 so‘mga yetgan.

«Ta'lim muassasasidagi ishchi-xodimlarga mart oyi uchun 12 kunlik ish haqi berish maqsadida bog‘cha mudirasi imkoniyati bor tarbiyalanuvchilarning ota-onalariga qo‘ng‘iroq qilib, shu oydagi 12 kunlik badal pulini hisob raqamiga o‘tkazib berishini so‘rab iltimos qilgani uchun yig‘ilgan pullar edi bu. Ota-onalarni ham to‘g‘ri tushunish kerak-ku? Karantin paytida kimdadir imkoniyat bor, kimdadir yo‘q. Biz ham hisob raqamda to‘plangan pullarni xodimlarimizga hech bo‘lmaganda, 400-450 ming so‘mdan ish haqi qilib berishni mo‘ljallagandik», deydi hisobchi.

Masalaga aniqlik kiritish maqsadida Andijon shahar soliq inspeksiyasida bo‘lib, kameral nazorat bo‘limi boshlig‘i Mirzag‘olib Mirzag‘aniyevdan izoh oldik.

«Haqiqatan ham, «Ozornyye Pochemuchki» bog‘chasi hisobchisi Elvina Galiulina inspeksiyaga kelib, «otzyv» bilan bog‘liq ishlarni yakunlagan. Hisobchi tomonidan jo‘natilgan hisobot noto‘g‘riligi uchun qayta to‘g‘rilanib jo‘natilgan edi. Ayni paytda kartoteka «otzyv»ini elektron holda bankka yetkazish jarayonida muammolar borligi uchun  vaqtida amalga oshirilmay qolyapti. Shuning hisobiga hozir ham kartotekasi ijroda turibdi», deydi Mirzag‘olib Mirzag‘aniyev.

Xulosa

Shunday qilib, hisobchi hisobot topshirishda adashdi va oqibatda unga 7 aprel kuni soliq idorasidan 10 kun ichida qayta hisobot va yoki asoslantiruvchi hujjat taqdim etish so‘raldi. Buxgalter 13 aprel kuni hisobotni qayta topshirib, xususiy bog‘chalarga berilgan imtiyozlarni ko‘rsatdi.

Qayta yuborilgan hisobot soliq idorasi tomonidan o‘rganib chiqilmadi va muassasa hisob raqamiga inkassa qo‘yildi. 20 apreldan hisob raqamdagi pullar inkassaga tushdi. 21 aprel kuni bog‘cha hisobchisi «otzyv» hujjatini rasmiylashtirdi va unga inkassa taqiqi olinishini aytishdi. Biroq, 23-24 aprel kunlari bog‘cha hisob raqamiga tushgan pullar yana inkassa orqali ushlab qolindi.

Karantin paytida aholining oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoji yanada oshgan. Agar xodimlar ish haqini o‘z vaqtida olmasa, xonadonida qiyinchiliklar yuzaga kelishi tayin. Andijon shahar soliq idorasi xodimlarining o‘z ishiga mas'uliyatsizlik bilan yondashishi oqibatida maktabgacha ta'lim muassasasi xodimlari mart oyi maoshini kutib qolishdi. Soliq xodimlari bilan 24 aprel kuni suhbatlashganimizda muammoli holat bo‘lganini tan olishdi. Biroq masala o‘sha kuni ham hal bo‘lmagan, maktabgacha ta'lim muassasasining asossiz ravishda olib qo‘yilgan pullari ortga qaytarilmagan edi. 

Sarvarbek Nazarov
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: