Adliya vazirligi: Davlat organlarida davlat tilida ish yuritish fuqarolar huquqini poymol qilmaydi

Jamiyat 16:32 / 26.04.2020 3524

Vazirlik qonun loyihasi yuzasidan bildirilayotgan turli fikrlar yuzasidan munosabat bildirib, qator asoslarni sanab o‘tdi.

«Birinchidan, amaldagi «Davlat tili haqida»gi Qonunning 9-moddasiga ko‘ra, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarida ish davlat tilida yuritiladi va zaruriyatga qarab boshqa tillarga tarjima qilinishi ta'minlanadi.

Loyihada qandaydir talablar kengaytirilib, tildan foydalanishda yangi cheklovlar kiritilmayapti, faqatgina amaldagi qonunning qoida va talablari hisobga olingan.

Ikkinchidan, qonun loyihasi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatini qamrab olib, qonun qabul qilingan taqdirda tegishli ravishda ma'muriy javobgarlik faqatgina mazkur davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘llanilishi mumkin.

Qonun loyihasi mansabdor shaxslarning qonun talablariga rioya etishi bo‘yicha mas'uliyatini oshirish, davlat organlari va tashkilotlari ishida davlat tilidan to‘laqonli foydalanilishini ta'minlashga qaratilgan.

Uchinchidan, qonun loyihasi hech qanday yo‘l bilan respublika hududida istiqomat qilayotgan millat va elatlarning ona tilidan foydalanish, millatlararo muloqot va ta'lim olish tilini o‘z xohishiga qarab tanlash, o‘z tilida davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilishga doir konstitutsiyaviy huquqlarini poymol qilmaydi.

To‘rtinchidan, mazkur qonun loyihasi regulation.gov.uz portalida jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan. Har bir fuqaro o‘z fikr va takliflarini maxsus platformada bayon etishi mumkin», – deyiladi Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarnomasida.

Vazirlik yuqorida bayon etilganlarni hisobga olgan holda, jamoatchilik vakillaridan «loyihani o‘zlaricha talqin qilib, jamoatchilik fikrini noto‘g‘ri o‘zanga burishga harakat qilmaslik»ni so‘rab, «O‘zbekiston jamoatchiligi oldidagi javobgarlikni unutmaslik»ka da'vat etgan.

Eslatib o‘tamiz, muhokamadagi qonun loyihasida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmagan davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslarini BHMning 2 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarimaga tortish taklif etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: