«Turkiya qilgan xatoni boshqalar takrorlamasin». Koreya va Turkiyadagi o‘zbeklarning pandemiyadagi o‘ylari

Jamiyat 16:58 / 25.04.2020 65292

Ular Janubiy Koreya va Turkiyaning pandemiyadagi hayoti, bu davlatlarda bo‘lib turgan o‘zbek migrantlari, o‘zbekistonliklarning koronavirus tarqalgan vaziyatda ishsiz va moddiy mablag‘siz qolish ehtimoli haqida ma'lumot berishadi.

– Koreyada va Turkiyada kasallanganlarga munosabat qanday? Virusdan kasallangan migrantlarga tibbiy yordam o‘z o‘rnida berilyaptimi?

Eldor Vohidov, Kun.uz'ning Janubiy Koreyadagi maxsus muxbiri:

– Fikrimcha, ayni shu masalada Koreya hukumati juda yaxshi ish qildi. Ya'ni migrant yoki davlat fuqarosi deb odamlarni ajratmadi, kimda alomatlar bo‘lsa, davlat tomonidan hamma tekshiruvdan o‘tkazildi. Va shuning hisobiga ham zararlanganlar soni ko‘payib ketdi.

Agar kimdir o‘zidan shubhalanib, test topshirishni xohlasa, unda 120-180 dollar atrofida to‘lov qilishi kerak bo‘lardi.

Hammaga teng qaralgani uchun ham, tekin va sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatilgani sabab o‘zbekistonliklar o‘zlarini bu yerda ancha xavfsiz his qilishdi.

Yana bir narsaga aniqlik kiritmoqchiman. Hali O‘zbekistonda virus qayd qilinmasdan oldin o‘zbekistonlik fuqaro Koreyada virus yuqtirgani aniqlangani to‘g‘risidagi xabar shov-shuvlarga sabab bo‘lgandi. Hozir o‘sha fuqaro allaqachon tuzalib, o‘z ishini davom ettirmoqda.

Koreyada noqonuniy ishlab yashab kelayotgan, I-card`ga ega bo‘lmagan o‘zbekistonlik va boshqa davlatlarning fuqarolari ham ko‘p. Davlat tomonidan ana shunday noqonuniy migrantlarda kasallik aniqlansa, ularning ham shaxsiy ma'lumotlari sir tutilishi belgilab qo‘yildi.

Mana shunday shaxslar ham tuzalib chiqib, hozirda davlatda yana ishlab kelmoqda.

Koreya, shuningdek, chet el fuqarolariga ham bepul tibbiy niqoblar tarqatilishini yo‘lga qo‘ymoqda.

Sanjar Ikromov, Turkiyada istiqomat qilayotgan o‘zbekistonlik ishbilarmon:

– Turkiyada hududlar bir-biridan farq qiladi. Masalan, Istanbul va Anqarada vaziyat 2 xil. Turkiyaga yillar davomida turli hududlardan qochqinlar kirib kelishi va chet ellik muhojirlar ko‘paygani hisobiga bu yerda xorijliklarga nisbatan hurmat biroz tushgan.

Davlat kasalxonalarida Turkiya fuqarolariga ham to‘liq xizmat ko‘rsatib ulgurmagani uchun o‘zbekistonliklar test topshirish uchun borganda kiritilmagani yoki tashxis qo‘yilib, lekin davolashmagani to‘g‘risida ham xabarlar tarqaldi. Lekin ularning qanchalik to‘g‘riligini aniq bilmayman.

Men tanigan ayrim odamlar xususiy tibbiy muassasalarda test topshirib ko‘rishdi. Lekin davlat muassasalariga o‘zbeklar borishganda ham yaxshi, ham yomon munosabatda bo‘lishlari tabiiy. Kasallanganlar soni ko‘pligi tufayli bu kabi 2 xil munosabat davlat fuqarolariga nisbatan ham kuzatilmoqda. Biroq umumiy holatda chet ellik va davlat fuqarolari o‘rtasida juda katta farq yo‘q.

Oziq-ovqat masalasida esa hozircha tanqislik kuzatilgani yo‘q, biroq yaqin orada tanqislik kuzatilishi mutaxassislar tomonidan prognoz qilinmoqda.

Chunki Turkiya 90 foiz oziq-ovqat mahsulotlarini chetdan import qiladi. Masalan, bug‘doyning asosiy qismi Rossiyadan keladi. Oxirgi xabarlarga qaraganda, Rossiya bug‘doy eksportini to‘xtatgan.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxida ham keskin bo‘lmasa-da, o‘zgarishlar bor.

Niqoblar mavzusida bir narsani aytib o‘taman: Turkiya buni qildi, umid qilamizki, boshqa davlatlar bu xatoni takrorlamaydi. Pandemiya paydo bo‘lguncha, turli davlatlarda niqobga talab ortdi. Bu vaziyatda niqob savdosi qora bozor qo‘liga o‘tib, Turkiya hukumati o‘z zaxirasi uchun ham qora bozordan niqob xarid qilishga majbur bo‘ldi. Narx ham keskin ko‘tarilgan pallada, qora bozorga qarshi kurashish maqsadida ikki-uch niqob saqlanayotgan omborlarga politsiya qo‘li bilan bosqin uyushtirildi. Keyin, niqoblarni sotuviga taqiq qo‘ydi. Har qanday niqobga taqiq qo‘ydi. Davlat niqobni aholiga o‘zi yetkazib berishni aytdi, ammo buni ham uddasidan chiqmadi. 

– Koreyada oziq-ovqat narxlari qanaqa?

– Narxlar xuddi Turkiyada aytilganidek, keskin emas, lekin sezilarli oshgan. Bu yerda o‘zbek tadbirkorlari va halol mahsulot iste'mol qiladigan odamlar ham ko‘p. Pandemiya tufayli mana shu yo‘nalishda – halol oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishda raqobat yuzaga keldi va, natijada, hatto ayrim oziq-ovqat mahsulotlarining narxi tushishi holatlari ham kuzatildi. Ma'lum vaqt oralig‘ida piyoz, sarimsoq, sabzi kabi birlamchi mahsulotlar narxi oshdi, lekin farq unchalik katta emas.

Pandemiyadan so‘ng odamlar dunyoqarashi qanday bo‘ladi? Sizningcha, koreys va turk xalqi pandemiyadan so‘ng qanday yashashni boshlashi mumkin?

– Mening fikrimcha, Koreyada pandemiyadan keyin katta o‘zgarish kutilmayapti. Chunki bu xalq o‘ta ehtiyotkor. Masalan, ozgina changli shamol essa ham, niqob taqishadi, doimiy ravishda antiseptik gellardan foydalanishadi. Shuning uchun Koreyada ko‘p narsa o‘zgarmasa kerak.

Sanjar Ikromov:

– Mening taxminimcha esa, Turkiyada odamlar turmush tarzida, albatta, o‘zgarish bo‘ladi. Odamlar jamoat joylariga kamroq borishi, ommaviy tadbirlarni kamaytirishi, naqd pul iste'moli o‘rniga elektron pulni ko‘proq ishlatishi mumkin yoki onlayn savdo va xizmatlardan foydalanish ommalashadi. Masalan, hozir Turkiyada ko‘pchilik ishsiz qolib turgan paytda elektron tijorat do‘konlaridan biri 10 ming odamni ishga oldi.

Davlat esa oldinlari milliardlab pulni mudofaa tizimiga ajratgan bo‘lsa, endi har qanaqa vaziyatda ham mudofaa tizimi katta yordam berolmasligini va har bir shaxsning individual himoyasini tashkil qilish lozimligini tushunib yetadi.

Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: