Respublikada amal qilayotgan karantin rejimi tufayli aksariyat sub'yektlar ish faoliyatini to‘xtatdi. Natijada aholi daromadlarining qisqarishi yoki umuman to‘xtab qolishi kuzatildi.
Daromadsiz qiyin vaziyatda qolgan yurtdoshlarga ko‘ngilli guruhlar imkon doirasida yordam berishga harakat qilishmoqda.
Kun.uz mana shunday ko‘ngilli jamoalardan biri – «Xayriya» ijtimoiy ko‘mak guruhi faoliyati bilan tanishdi.
«Xayriya» ijtimoiy ko‘mak guruhi avvaldan ehtiyojmand oilalarga turli shaklda yordam ko‘rsatish bilan shug‘ullanib kelgan bir guruh faollar tashabbusi bilan yuzaga kelgan.
«Bir guruh do‘stlar feysbukda faollik ko‘rsatib, qiyin vaziyatdagi hamyurtlarimizga yordam ko‘rsatishda, xayriya ishlarida yelkama-yelka bo‘lib kelardik, – deydi guruh faoli Temur A'zam.
– Mart oyida O‘zbekistonda ham koronavirus aniqlanib, karantin e'lon qilingach, sub'yektlar ish faoliyati to‘xtab qoldi. O‘zbekistonda kundalik yumushlar bilan shug‘ullanib, pul topuvchilar ko‘p. Ular hozir ishsiz. Ba'zilarning esa oylik maoshlari to‘xtab qoldi. Shunday oilalarga ro‘zg‘orlik mahsulotlarini tayyorlab, yetkazib berish bilan shug‘ullanish fikriga keldik».
Temur A'zamning so‘zlariga ko‘ra, mart oyi yakunidayoq 500ta oilaga yetarli mahsulot jamlangan edi.
Guruh homiylik ko‘magi va xayriya yo‘li bilan yig‘ilgan mablag‘lar asosida yordamni tashkil etadi. Kelib tushgan mablag‘ga ro‘zg‘or uchun kerakli mahsulotlar xarid qilinadi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ehtiyojmand oilalarning so‘rovlari telefon orqali qabul qilinadi va aytilgan manzilga yetkazib beriladi.
Temur A'zamning bildirishicha, guruh sanitariya talablariga rioya qilgan holda o‘z ishini tashkillashtirgan. Ish hududi kundalik ravishda dezinfeksiya qilinadi.
«Karantin talablariga, sanitariya qoidalariga mos ravishda ishlasangiz, sharoit yaratib beramiz, deyishdi. Shunga kelishdik. Sanitariya qoidalariga qat'iy rioya qilgan holda ishlayapmiz», deydi u.
«Xayriya» ijtimoiy ko‘mak guruhi faqatgina oziq-ovqat emas, ayni kunlarda zarurat yuqori bo‘lgan boshqa mahsulotlar – gigiyena va sanitariya vositalari, bolalar bo‘tqasi va tagliklari, dori-darmon bo‘yicha ham talab doirasida yordam ko‘rsatmoqda.
Guruh faollari imkoniyat egalaridan o‘z hissalarini qo‘shgan holda xayriya tadbirlarini qo‘llab-quvvatlashni so‘raydi:
«Saxovatpesha insonlar bo‘lsa, ularni ham yordamga chaqirgan bo‘lardik. Maqsadimiz – og‘ir vaziyatda xalqimizga yordam berib turish. Xayriya qilishni xohlaydigan, lekin kimga va qanday yetkazishni bilmayotganlar bo‘lsa, bizga murojaat qilishlari mumkin».
Ehtiyojmand insonlar quyidagi telefon raqamlari orqali ro‘yxatga yozilishi mumkin:
+99899 650 00 58
+99899 650 00 59
Muhtojlarga moliyaviy yordam bermoqchi bo‘lganlar uchun karta raqami: 8600 0417 7326 6458 (Islomjon Tursunov)
Faqat homiylik bo‘yicha:
+99899 3040608 (Abduvohid Atametov)
+99897 7501525 (Abduqodir Nabiyev)