Davlat tashqi qarzi nega oshmoqda? Moliya vaziri o‘rinbosari bilan suhbat

Iqtisodiyot 21:01 / 25.04.2020 76483

Kun.uz pandemiya va inqiroz davrida davlat tashqi qarzi dinamikasi hamda budjet masalalari bo‘yicha moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bilan suhbat uyushtirdi.

–  Ramazon oyi boshlandi, sizni mana shu qutlug‘ oy bilan muborakbod etamiz. 

–  Sizlarga ham, siz orqali ko‘rsatuv muxlislariga ham Ramazon muborak, deb qolaman.

–  Barchamizga ma'lumki, tashqi qarz ikki xil bo‘ladi: davlatning tashqi qarzlari va xususiy tashqi qarzimiz bo‘ladi. Bugungi kunda davlat tashqi qarzi birmuncha o‘sgan: 2020 yilni boshiga nisbatan hisoblaydigan bo‘lsak, tashqi qarz yalpi ichki mahsulotning 30 foizi hajmiga teng. Mana shu o‘sishlar nimaning hisobiga bo‘lmoqda va kelgusida davlat tashqi qarzining o‘sishi qaysi omillarga ko‘ra kutilmoqda?

–  Judayam yaxshi va dolzarb savol, Alisher. Meni nazarimda bu haqda oldin ham ko‘p gapirilgan. Avvalambor, davlat tashqi qarzi o‘sish omillari haqda to‘xtalib o‘tsak. Mana, moliya vazirligi tomonidan muntazam ravishda davlat tashqi qarzining holati haqda hisobotlar taqdim etilib bormoqda. Kuni kecha davlat qarzining 2019 yilgi holati to‘g‘risida sharh chop etildi. Bu hozir moliya vazirligining veb sahifasida ham bor va telegramm sahifalarda ham bor.

1 yanvar holatiga ko‘ra, davlatning tashqi qarzi 15,6 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu qarz nafaqat davlatning to‘g‘ridan to‘g‘ri olayotgan qarzi, balki, shu bilan birga davlat tomonidan tashqi qarz uchun berilayotgan kafolatlarni ham o‘z ichiga oladi.

Endi, bu qarzning o‘sish sabablari nimalardan iborat? Mana Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan islohotlar, modernizatsiya, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, yangidan yangi infrastruktura loyihalarini amalga oshirish tufayli hozirgi kunda mana shu loyihalarning asosiy qismi davlat tashqi qarzi orqali moliyalashtirilyapti.

Raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, shu vaqtgacha olingan davlat qarzining 29 foizi energetika sohasiga ketgan, bu 4,5 millard AQSh dollarini tashkil qiladi.

Ikkinchisi, transport va transport infratuzilmasini yaxshilashga ketgan, ya'ni 2,1 milliard AQSh dollari, keyingisi qishloq xo‘jaligi sohalariga 1,9 millard AQSh dollar yo‘naltirilgan. Yana agar ro‘yxatni davom ettiradigan bo‘lsak, uy-joy, kommunal xizmat ko‘rsatishga 1,8 millard AShQ dollari shu vaqtgacha sarflandi. Bu nima? Bu asosan, suv, ichimlik suvi, kanalizatsiya, chekka chekka qishloq joylardagi hududlarda ahvolni yaxshilash, turmush tarzini yaxshilash kabi loyihalarga kreditlar olinyapti.

Ta'lim va sog‘liqni saqlash uchun shu vaqtgacha 600 million AQSh dollari miqdoridagi kreditlar jalb qilingan.

Odilbek Isoqov
Foto: Moliya vazirligi axborot xizmati

Bir narsani aytib o‘tish kerakki, ko‘p mamlakatlar o‘zining budjet defitsitini qoplash uchun qarz jalb qilgan bo‘lsa, bizda asosan manashu investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun qarz jalb qilinyapti.

To‘g‘ri, budjet defitsitini qoplash uchun ham bu yil qarz olyapmiz. Sababi, pandemiya tufayli budjet daromadlari keskin tushib ketyapti, xarajatlar esa oshib ketyapti. Lekin umuman olganda boshqa mamlakatlardan farqimiz — biz olgan kreditlar aksariyati, bir dollar kredit olingan bo‘lsa bir dollardan ko‘proq daromad beradigan, o‘zini o‘zi qoplaydigan loyihalarga sarflanyapti. 

–  Odilbek aka, hozir mana o‘zingiz ham ta'kidlab o‘tyapsiz, pandemiya tufayli budjetga ham juda katta ziyon yetkazilyapti. Butun dunyoda bu kuzatilayotgan holat. Chunki pandemiya tufayli odamlar majburiy karantinda o‘tiribdi. Cheklov choralari ta'sirida talab ham taklif ham tushib borgan, soliq tushumlari yo‘q va budjetda tushumlar pasaygan. Endilikda davlat, hukumat siyosati shunday bo‘ldiki, inqirozga qarshi kurash jamg‘armasi tashkil etilgan. Bu jamg‘arma ham davlat tashqi qarzi hisobiga asosan shakllantirilishi belgilangan. Bu to‘g‘risida agar gaplashadigan bo‘lsak, kelgusida davlat tashqi qarzi yana oshishini kutishimiz mumkin, shundaymi?

–  Juda to‘g‘ri fikr bildirdingiz, ya'ni, inqirozga qarshi jamg‘arma 10 trillion so‘mlik jamg‘armani moliyalashtirish manbalari etib tashqi qarz belgilangan, lekin shu vaqtgacha biz 2,1 trillion so‘m atrofida bu jamg‘armaga pul o‘tkazgan bo‘lsak, bu asosan Moliya vazirligining fiskal zaxiralaridan ketdi, desam to‘g‘riroq bo‘ladi.

Bir qismi dividentlardan tashkil topdi, qolganlari oldin jalb qilingan kreditlar hisobiga biz 1 milliard dollardan oshiq fiskal zaxiralar to‘plagan edik. Prezidentimizning 22 aprel kuni qarori ham chiqdi. Bu qarorga muvofiq budjetni qo‘llab-quvvatlash uchun kreditlar jalb qilinyapti va bu kreditlarning hammasi inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga jalb qilinmaydi. Balki, ayrimlari budjetning boshqa to‘lovlariga ham jalb qilinadi.

O‘ziz aytganingizdek, budjet tushumlari mana shu pandemiya tufayli, karantin tufayli va boshqa sabablarga ko‘ra, importning kamayishi, turistlar oqimining kamayishi budjet daromadlariga ta'sir qilyapti. Masalan, agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, pandemiyadan oldin, fevral oyi xarajatlar prognozining aprel oyi prognozi orasida 1,8 trillion so‘m farq bor.

Shu tufayli albatta bu narsa davlatning o‘zini majburiyatlarini bajarish, avvalambor, aholimizni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, oyliklarni vaqtida yetkazib berish, pensiyalarni vaqtida yetkazib berish va shu kabi boshqa majburiyatlar uchun albatta biz mablag‘ jalb qilyapmiz va bu mablag‘lar shu maqsadda ishlatiladi. 

Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov bilan tashkil etilgan suhbatda pasayib borayotgan mamlakat yalpi ichki mahsuloti hajmi hamda ortib borayotgan davlat tashqi qarzi dinamikasi, o‘zlashtirilgan qarz mablag‘larining samarali sarflanishi haqida mulohazalar bildirilgan. 

Intervyuni to‘liq shaklda Youtube orqali tomosha qilishingiz mumkin. 

Alisher Ro‘zioxunov

Ko‘proq yangiliklar: