«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi muhtoj oilalarga yordam beradi

Jamiyat 08:37 / 24.04.2020 2865

«Saxovat va ko‘mak» jamg‘armasi va uning bo‘linmalari Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va poytaxt bo‘limlari, tumanlar (shaharlar) bo‘linmalari huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda ochiladi.  
 
Norma’ning yozishicha, jamg‘arma mablag‘lari karantin davrida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga, ko‘p farzandli oilalarga, nogironligi bo‘lgan shaxslarga va yolg‘iz qariyalarga, o‘z daromadini yo‘qotgan vaqtincha ishsiz bo‘lgan jismoniy shaxslarga yordam berish uchun ishlatiladi. Ular pul mablag‘lari, kundalik iste'mol tovarlari, dori vositalari va boshqa mahsulotlar bilan ta'minlanadi.
 
Jamg‘arma mablag‘larini quyidagilar tasarruf etadilar:

respublika miqyosida – «Mahalla» fondi Vasiylik kengashi;

hududlar miqyosida – Jo‘qorg‘i Kenges va tegishli xalq deputatlari kengashlari.
 
Jamg‘arma mablag‘lari homiylik va xayriya mablag‘lari, yuridik va jismoniy shaxslarning, shu jumladan norezidentlarning homiylik xayriyalari, mahalliy budjetlar daromadining rejadan ortiq bajarilishidan tushgan mablag‘larning bir qismi va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan shakllantiriladi. Mablag‘lar tijorat banklarida ochilgan milliy va chet el valutasidagi alohida hisobvaraqlarda yig‘iladi. Ulardan foydalanilishi ustidan kundalik jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi.
 
Tuman va shaharlarda har bir sektor rahbari mahallalar bilan birgalikda har bir oilaning moddiy ahvolini o‘rgangan holda haftalik yordam ko‘rsatiladigan ehtiyojmand oilalar ro‘yxatini shakllantiradi. Ularga berilishi kerak bo‘ladigan mablag‘lar, dori vositalari va boshqa mahsulotlar hajmi ham belgilanadi. Yig‘ilgan ma'lumotlar xalq deputatlari mahalliy kengashlariga kiritiladi.
 
Tuman va shahar bo‘linmalarida yig‘ilgan mablag‘lar ehtiyojmand oilalar talablarini qondirish uchun yetarli bo‘lmaganda tegishli yuqori turuvchi jamg‘armalarga murojaat qilinadi.
 
Jamg‘arma va uning bo‘linmalariga mablag‘larning kelib tushishi va ulardan foydalanilishi bo‘yicha ma'lumotlar OAVda e'lon qilib boriladi. Jamg‘armaga mablag‘ o‘tkazib bergan shaxslarning ro‘yxati (ularning roziligi asosida) keng jamoatchilikka ma'lum qilib borilishi mumkin. 

Hujjat 22.04.2020 yildan kuchga kirgan.

Ko‘proq yangiliklar: