Madaniy meros departamenti: Buxorodagi qadimiy hovuzni qayta qurish ishlarini boshlash kelishilmagan

Jamiyat 22:22 / 24.04.2020 3927

22 aprel kuni Kun.uz e'lon qilgan «Buxoroning qadimiy qismida buzilayotgan hovuz: internetdagi shov-shuvlar va mahalliy mutaxassis fikri» sarlavhasi ostidagi maqola yuzasidan Madaniyat vazirligi Madaniy meros departamenti tahririyatga munosabat taqdim etdi.

Unda bayon etilishicha, Madaniy meros departamentining pritsipial pozitsiyasiga ko‘ra, YuNeSKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda olib borilishi boshlanadigan va mo‘ljallanayotgan barcha qurilish-montaj, ta'mirlash, restavratsiya qilish va xo‘jalik ishlari   departament qoshidagi ilmiy-uslubiy kengash bilan kelishilishi, shundan so‘ng o‘rnatilgan tartibda YuNeSKOga kelishish uchun jo‘natilishi kerak.

«Madaniy meros departamenti hovuzning tarixiyligi yoki zamonaviy ekanligi haqida gapirmagan (garchi buxorolik arxitektor-restavrator Z.Qilichev tomonidan keltirilgan faktlar mutaxassislar tomonidan yana bir bor tekshirib ko‘riladi). Madaniy meros departamenti Buxoro shahrining tarixiy qismida zamonaviy kanalizatsiya tizimini to‘g‘ri va sifatli qilib qurish bo‘yicha biror e'tiroz bildirmaydi.

Madaniy meros departamenti Buxoro shahrining ijroiya hokimiyatidan o‘z harakatlarini YuNeSKO ro‘yxatiga olingan hududlarda talab qilinadigan normalar va talablar asosida olib borishni so‘raydi.

Shuningdek, ma'lum qilamizki, Madaniy meros departamenti 2019 yil 30 avgustda qabul qilingan «Moddiy madaniy meros obektlarining muhofaza qilinishi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»ga qonun va Vazirlar Mahkamasining «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti faoliyatini tashkil etish hamda moddiy madaniy meros obektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 2019 yil 30 martdagi №265-sonli qaroriga binoan barcha choralar ko‘riladi», deyiladi munosabatda.

Eslatib o‘tamiz, Buxoro shahrining YuNeSKO madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan qadimiy markazida joylashgan Xo‘ja Gavkushon ansambli oldidagi hovuzning og‘ir qurilish texnikalari bilan buzilayotgani aks etgan suratlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.

Madaniyat vazirligi o‘z izohida masala yuzasidan tegishli hujjatlar Bosh prokuraturaga taqdim etilishini bildirgan.

Buxoro shahridagi qadimiy osori atiqalar restavratsiyasi bilan shug‘ullanuvchi «Ark» firmasi rahbari Zoirshoh Qilichev Kun.uz bilan suhbatda ma'lum qilgan, shaharda qator yillardan buyon yomg‘ir mavsumida suv toshqini kuzatilmoqda, Xo‘ja Gavkushon masjidi hududini ham bir necha marta suv bosgan.

«Restavratsiya qilinishiga sabab - hovuzning qiyaliklari noto‘g‘ri amalga oshirilgan. Hozir qadimiy inshootni suv bosmasligi uchun ishlar sifatliroq qilinishi nazarda tutilgan», deya tushuntirgan mutaxassis.

Ko‘proq yangiliklar: