Ma'lumki, AQSh ayni damda koronavirusga chalinganlar soni bo‘yicha dunyo mamlakatlari orasida yetakchilik qilmoqda. 2020 yil 24 aprel holatiga ko‘ra, AQShda koronavirus bilan kasallanganlar soni 880 mingdan ortiq kishini tashkil etmoqda.
Bugungi kunda AQShdagi pandemiya holati bilan bog‘liq vaziyat bilan yaqinroq tanishish maqsadida Kun.uz muxbiri O‘zbekiston Respublikasining AQShdagi elchixonasi Konsullik bo‘limi rahbari Fahriddin Mo‘minov bilan videointervyu tashkil etdi.
- Assalomu alaykum, avvalambor jonli intervyu uchun tahririyatimiz nomidan minnatdorlik bildiramiz. Ayting-chi, hozir AQShda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat qanday?
- Bugungi kunda koronavirus bilan kasallanganlar va uning qurbonlari soni bo‘yicha AQSh dunyoda yetakchilik qilmoqda. 21 aprel holatiga ko‘ra, mamlakatda 817 mingdan ziyod kishi koronavirus bilan kasallangan. Ularning 45 mingdan ortig‘i vafot etgan, qariyib 82 ming bemor sog‘ayib ketgan.
So‘nggi paytda mamlakat aholisi ommaviy ravishda koronavirusga tashxislardan o‘tkazilgan va bu esa virus yuqtirganlar sonining tez sur'atlarda ko‘payishiga sabab bo‘lgan. Hozirgi vaqtda mamlakatda 4 millionga yaqin fuqarolarga koronavirus tashxisi qo‘yilgan. COVID-19 AQShning barcha shtatlarida keng tarqalgan. Ulardan Nyu-York, Nyu-Jyersi, Massachusets, Michigan va Pensilvaniyadagi vaziyat hamon og‘irligicha qolmoqda.
Amerika sog‘liqni saqlash tizimidagi muammolar, majburiy sug‘urtaning mavjud emasligi, meditsina xizmatining o‘ta qimmatligi, koronavirus xavfi oldindan va to‘g‘ri baholanmaganligi kabi qator omillar AQShda ushbu virus bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashuviga olib kelgan.
Nyu-York shahrida koronavirus asosan meditsina sug‘urtasi va normal yashash sharoitlariga ega bo‘lmagan aholi qatlamlari orasida ko‘p tarqalgan.
Hukumat tomonidan ko‘rilayotgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida bugungi kunga kelib mamlakatning epidemiologik holati nisbatan yaxshilangan. O‘tgan hafta AQSh prezidenti koronavirus bilan kasallanish holatlari kamayganligini e'lon qilib, pandemiya tufayli qo‘yilgan cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlash taklifi bilan chiqdi.
- Virus tarqalishining oldini olishda eng zarur va samarali chora - bu "social distancing", ya'ni ijtimoiy masofalanish hisoblanadi. Bu qoidaga amerikaliklar qanchalik amal qilmoqda, deb o‘ylaysiz? Umuman, mana shunday pandemik holatlarda aholining o‘zni tutish madaniyati qanchalik muhim?
- Koronavirus pandemiyasi sharoitida AQSh hukumati virus tarqalishining oldini olish uchun "ijtimoiy masofa" usulidan ham keng foydalanmoqda. AQSh rasmiylari zarurat bo‘lmaganda fuqarolarni uyda qolishga, katta guruhlarga birlashmaslikka va ikki metrdan kam bo‘lmagan masofada qolishga chaqirmoqda.
AQShning barcha shtatlarida imkon qadar uyda ishlash tartibi joriy etilgan. O‘rta va oliy ta'lim muassasalari yopilgan. O‘qitish masofadan turib amalga oshirilmoqda. Masjid, cherkov ibodatxona va boshqa diniy muassasalar o‘z faoliyatini onlayn tarzda yuritmoqda.
Jips holda yashovchi diniy tabaqalar, mahalliy hindu rezervatsiyalari va noqonuniy muhojirlar istiqomat qiladigan hududlarda ijtimoiy masofa qoidalarining buzilishi kuzatilgan. Shu bois qator shtatlarda bu qoidalarni buzganlik uchun katta miqdordagi jarimalar belgilangan. Mutaxassislarning ta'kidlashicha, amalda ijtimoiy masofani saqlash oson emas, biroq aholi bunga ko‘nikishi va yana kamida olti oy davomida ushbu qoidalarga rioya qilishi kerak. Bu ayniqsa keksalar va surunkali kasalliklardan zaiflashgan insonlar uchun muhimligi ta'kidlangan.
- Hukumat qanday choralar ko‘rmoqda? Amerikalik iqtisodchi va tibbiyot mutaxassislarining pandemiya borasidagi fikrlari qanday?
- Koronavirus pandemiyasi tufayli AQShda ishsizlik darajasi tez oshib bormoqda. So‘nggi to‘rt hafta ichida mamlakatda ishsizlar soni qariyb 22 million kishini tashkil qilgan. Shu munosabat bilan AQSh Federal rezerv tizimi mamlakat tarixida eng yirik – 2,2 trillion dollar miqdoridagi rag‘batlantirish dasturini ishga tushirdi. Ushbu mablag‘lar hisobidan birinchi navbatda korxonalar va mahalliy hokimiyatlarni qo‘llab-quvvatlash rejalashtirilgan.
Dasturga ko‘ra, shifoxonalarga yordam ko‘rsatish uchun 117 mlrd dollar, zarar ko‘rgan kompaniyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun 500 mlrd dollar, yiliga 99 ming dollaridan kam daromad ko‘radigan har bir amerikalik uchun 1200 dollar va voyaga yetmagan bola uchun 500 dollar ajratiladi.
Import ta'sirini kamaytirish uchun fermerlar va qishloq xo‘jaligi sohasiga qariyb 47 mlrd dollar yo‘naltiriladi.
Mamlakat iqtisodiy inqirozning oldini olish maqsadida AQSh prezidenti shtatlarning karantindan chiqish rejasini e'lon qildi. Unga ko‘ra, so‘nggi 7 kun davomida koronavirus bilan kasallangan bemorlarning soni kamaygan shtatlarda karantinni bosqichma-bosqich bekor qilishga ruxsat berildi.
Xususan, 18 aprel kuni Florida shtatida plyaj va parklar qisman o‘z faoliyatini boshlagan. Texas shtati gubernatori 30 apreldan keyin koronavirus sababli joriy qilingan karantin muddatini uzaytirmasligini e'lon qildi.
AQShning «Johnson & Johnson», «Pfizer», «Moderna», «Gilead Sciences» va «Inovio» kabi farmatsevtik kompaniyalari koronavirusga qarshi vaksina va dori vositalarini yaratish ustida tadqiqot ishlari olib bormoqda. Qator kompaniyalar 2021 yil birinchi choragiga kelib koronavirusga qarshi vaksina tayyor bo‘lishini e'lon qilgan.
- Shu vaqtgacha necha nafar o‘zbekistonlik hamyurtlarimizda virus alomatlari qayd etilgani to‘g‘risida ma'lumot bera olasizmi? Ularning ayni damdagi holati qanday?
- Bugungi kunga qadar AQShda 9 nafar O‘zbekiston fuqarolarining koronavirus bilan kasallanganligi rasman tasdiqlandi. Ulardan tashqari, bir necha o‘nlab fuqarolarimizda koronavirusning yengil shakli bilan kasallanganlik holatlari ham aniqlandi. Bu bemorlarning aksariyat qismi gospitallarga yotqizilmagan. Ular shifokorlarning doimiy nazoratida bo‘lib, karantin qoidalariga rioya qilishgan.
Hozirgi kunga kelib yuqorida ta'kidlangan fuqarolarimiz koronavirus kasalligidan sog‘ayishgan. Biroq keksa yoshdagi hamda surunkali kasalliklar bilan xastalangan 3 nafar vatandoshimiz hayotdan ko‘z yumgan.
- AQSh hududida o‘zida virus alomatlarini sezgan yurtdoshlarimiz avvalo qanday yo‘l tutishlarini maslahat berasiz?
- O‘zida isitma, quruq yo‘tal va nafas olishning qiyinlashishi kabi koronavirus alomatlarini sezgan fuqarolarimizni birinchi navbatda yashash joyida karantinga olish lozim. Ularning ovqatlanish idishlari, shaxsiy buyum va gigiyena xonalari izolyatsiya qilinishi, xonadonda doimiy ravishda dezinfeksiya ishlari olib borilishi kerak. Bemorlar virusni boshqalarga ham tarqatishi mumkinligini hisobga olib, tekshiruvdan o‘tish uchun ular shifoxonaga bormasdan, tibbiy tez yordamga murojaat qilishlari tavsiya etiladi.
- Elchixona AQShdagi o‘zbek diasporasi bilan birgalikda xavfsizlik choralarini ko‘rish va yordamga muhtojlarga ko‘maklashish bo‘yicha qanday chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda?
- AQSh va Kanadadagi o‘ndan ziyod vatandosh uyushmalari va faol yurtdoshlarimiz yordami bilan fuqarolarimizning shart-sharoitlaridan doimo xabardor bo‘lish, bemorlar va vafot etgan vatandoshlarimiz to‘g‘risida tezkor ma'lumotlar olish yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi og‘ir damlarda AQSh va Kanada shifoxona va epidemiologik markazlarida faoliyat yuritayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz tomonidan koronavirus bilan kasallangan fuqarolarimizga amaliy yordam ko‘rsatilmoqda. Saxovatpesha yurtdoshlarimiz ko‘magi bilan koronavirus bilan kasallangan fuqarolarimizning oila a'zolariga moddiy va ma'naviy yordam berilmoqda.
Shuningdek, 10 aprel kuni AQSh va Kanadadagi O‘zbekistonlik vatandosh uyushmalar tashabbusi bilan “BIZ O‘ZBeKISTONGA BeFARQ EMASMIZ” xayriya aksiyasi tashkil etildi. Ushbu xayriya jamg‘armasiga tushgan mablag‘larni “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazish rejalashtirilgan. Xalqimiz salomatligiga befarq bo‘lmagan barcha vatandoshlarimizga murojaat qilib, ularni koronavirus oqibatlariga qarshi kurashda O‘zbekistonga ko‘rsatilayotgan xayriya aksiyalarida faol qatnashishga chaqirib qolaman.