Ular Janubiy Koreya va Turkiyaning pandemiyadagi hayoti, bu davlatlarda bo‘lib turgan o‘zbek migrantlari, o‘zbekistonliklarning koronavirus tarqalgan vaziyatda ishsiz va moddiy mablag‘siz qolish ehtimoli haqida ma'lumot berishadi.
– Sanjar aka, ayni paytda Turkiyada pandemiya holati qanday? Asosan, qanaqa cheklovlar o‘rnatilgan?
– Turkiya hozir koronavirusdan zararlanish ko‘rsatkichi bo‘yicha 7-o‘rinda. 90 mingdan ortiq odam kasallangan. Ko‘rsatkich yaqin orada taxminan 95 mingga chiqishi ehtimoli bor.
Biroq shunday bo‘lsa-da, ko‘chaga ommaviy chiqish holatlari hali cheklangani yo‘q. Bu hozir ko‘pchilikning e'tiroziga sabab bo‘lmoqda. Faqat aholisi 1 milliondan oshiq bo‘lgan tumanlarda dam olish kunlari 2 kun ko‘chaga chiqish taqiqlangan. Shu hafta esa 23-26 aprel uchun 4 kunlik taqiq qo‘yildi.
Raqamlar oshib borayotgan bo‘lsa-da, ish sharoiti, jamoat joylaridagi vaziyat eski holiga qaytishni boshladi.
Oziq-ovqat do‘konlari, ovqatlanish shoxobchalari o‘z faoliyatini davom ettirmoqda. Faqat fuqarolar buyurtma qilgan narsasini o‘zi bilan olib ketishi yoki yetkazib berish xizmatidan foydalanishi mumkin.
Boshida zaruriy xizmat ko‘rsatish tizimi, tibbiy muassasalar ishlashiga ruxsat berilgan bo‘lsa, oxirgi 10 kun ichida mebel do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish maskanlari ham faoliyatini boshladi.
– Janubiy Koreyada virus ancha oldin qayd etilgandi. Hozir davlatda vaziyat qanday? Marhamat, Eldor.
– Janubiy Koreya koronavirusdan zararlanish ko‘rsatkichi bo‘yicha fevralning oxiri, martning boshlarida Xitoydan keyingi ikkinchi o‘ringa chiqqandi. O‘sha paytda, haqiqatan, vahima ko‘tarilgandek bo‘ldi.
Koreys xalqi tabiatan ancha mas'uliyatli. Shuning uchun yuqoridan majburlov choralari qo‘llangani yo‘q, lekin hamma o‘zi mas'uliyat his qilgan holda uyda qoldi. Ko‘chalar va ovqatlanish shoxobchalari bo‘shab qoldi.
Ayrim biznes turlari bu vaziyatda faoliyatini yurita olmadi, yirik bizneslar esa to‘xtab qolgani yo‘q.
Martning boshidan ahvol yaxshilanishi boshlandi. Va bu holatga «Janubiy Koreya pandemiyadan yaxshi vaziyatda chiqdi», deya baho berish mumkin.
Lekin boshida ko‘pchilik vahimaga tushgani, Koreyadagi vatandoshlarimiz ham tezroq O‘zbekistonga qaytishga intilishgani ham to‘g‘ri. Ayni paytda esa vaziyat butkul yaxshi deyishga erta bo‘lsa-da, biroq normal hayot tarziga qaytilyapti.
– Har ikki davlatda ham ish yoki o‘qish faoliyati bilan shug‘ullanib kelayotgan vatandoshlarimiz bor. Turkiyada va Janubiy Koreyada virus tarqalishi avj olganda ular o‘zlarini qanday tutishdi?
– Menimcha, Janubiy Koreyadagi o‘zbeklarning 80-90 foizi vahimaga berilgani yo‘q, aksincha, asosiy qo‘rquv ijtimoiy tarmoqlarda qayd etildi. Chunki o‘z ko‘zim bilan ko‘rgan virus avj olgan Tegu shahrida ham ta'lim muassasalari yopilgan, ish faoliyati avvalgiday bo‘lmasa-da, hayot davom etayotgandi.
Vatandoshlarimiz ikkiga: O‘zbekistonga qaytishni va bu yerda qolishni xohlovchilar guruhiga bo‘lindi.
Vatanga, asosan, oilalilar, farzand kutayotganlar qaytishni lozim ko‘rishdi. Ishchi viza bilan kelgan yoki Janubiy Koreyada o‘qiyotgan o‘zbeklar esa ketmaslikka qaror qilishgandi.
Shuningdek, Janubiy Koreya tomonidan koronavirusdan zararlanganlarni bepul davolash tartibi joriy etilishi ham ko‘pchilikning davlatni tark etmasligiga sabab bo‘ldi.
Ayni paytda bu yerdagi o‘zbeklar allaqachon rejalarini tuzib, odatiy hayot tarziga qaytishgan. Faqat talabalar onlayn ta'lim olishayotgani uchun bu ozgina noqulay bo‘lishi mumkin.
Hozir O‘zbekistonda bo‘lib turgan Janubiy Koreya universiteti talabalari ham masofaviy tarzda o‘qishlarini davom ettirmoqda.
Sanjar Ikromov:
– Turkiya Xitoyga nisbatan uzoq bo‘lgani uchun boshda odamlar ancha xotirjam bo‘lishdi. Xitoy savdo va ishlab chiqarishni to‘xtatganda dunyoda ikkinchi o‘rinda turadigan ishlab chiqarish zonasi sifatida Turkiya vaziyatdan unumli foydalanishni o‘yladi. Va haqiqatan, o‘sha muddat oralig‘ida Turkiyada ishlab chiqarish va eksport ko‘rsatkichi oshgani qayd etildi.
Shu bilan qatorda turli xizmat ko‘rsatish, savdo sohasida, logistika yo‘nalishida ishlayotgan o‘zbeklar uchun qulay vaziyat bo‘ldi va umumiy holatda hamma xotirjam edi.
Turkiyada ham kasallik birinchi qayd etilgan kunda davlatga qisqa muddatga sayohatga yoki tijoriy maqsadda kelgan fuqarolarimiz qaytib ketishga harakat qila boshlashdi. Bugungi kunda surushtiruvlarga ko‘ra, O‘zbekistonga qaytish xohishida bo‘lgan hamma ketib bo‘lgan.
Hozir 2-3 oydan keyingi hayotini aniq reja qilgan odamlarni uchratganim yo‘q. Ba'zilar karantin cheklovlari tugagach O‘zbekistonga qaytishni xohlasa, ba'zilar ish va o‘qish faoliyatini shu yerda davom ettirish niyatida. Lekin umumiy manzarada mavhumlik hukmron.
– Turkiya ham, Janubiy Koreya ham o‘zining mustahkam ishlab chiqarish tizimiga ega. Ularda ishlab kelayotgan o‘zbeklar daromadi pasayib ketishidan xavotir olishmayaptimi?
– Men bilgan o‘zbeklarning 60-70 foizi qaysi sohada ishlashidan qat'iy nazar hozir uyda o‘tiribdi. Ular qachon ishga chiqishi va shunday bo‘lgan taqdirda ham ular band bo‘lgan soha oldingiday davom etadimi degan savollar paydo bo‘lgan. Mana shu sharoitda ko‘pchilik mehnat ta'tilida va uyda o‘tirgan o‘zbeklar uchun moddiy qiyinchiliklar ham boshlangan.
Lekin davlatda kasallik qayd etilishi holatlari 90 mingdan oshgan bo‘lsa-da, hali o‘zining yuqori nuqtasiga chiqqani yo‘q.
Eldor Vohidov:
– Hozir Koreyada karantin e'lon qilinmagan, yo‘llar ochiq, hukumat faqat aholiga o‘zini izolyatsiya qilishni tavsiya qilyapti. Ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish, savdo sohalari ishlamoqda. Ma'lum sonli aholi o‘zini izolyatsiya qilayotgan bo‘lsa-da, asosiy hayot davom etmoqda. Hatto ayrim yetkazib berish korxonalari o‘z daromadini oshirib ham oldi.
Bu yerda yashayotgan o‘zbeklar haqida to‘xtalsak, fevral oxirlarida ularning ish o‘rinlarini yo‘qotib qo‘yish holatlari ham uchradi. Ayrim zavodlar va ayrim kunlik ishlar vaqtinchalik to‘xtatilgani bunga sabab bo‘lgandi. Bu holat ovqatlanish shoxobchalarida mehnat qilib kelgan xotin-qizlarning ishsizlik ko‘rsatkichini ham oshirdi. Biroq hozir pandemiyadan oldingi hayot tarzi qaytmoqda.
Bugun bir zavod ishchisi bilan suhbatda bo‘ldim. Uning aytishiga qaraganda, pandemiya sharoitida ham to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan sohalar, masalan, qishloq xo‘jaligiga o‘xshash zaruriy yo‘nalishlarda ishlash samaraliroq degan fikrda.
– Pandemiya paytida Turkiya yoki Janubiy Koreyaga vaqtincha borib, keyin u yerda qolib ketganlar taqdiri nima bo‘ldi? Ularga kim tomonidan yordam ko‘rsatildi?
– Turkiyaga qisqa muddatga kelganlar va uchish vaqti yaqinlashganlar uchun O‘zbekistonda birinchi zararlanish holati qayd etilgandan so‘ng elchixona tomonidan e'lon berildi va u yerda ro‘yxatga olish ishlari boshlanib ketdi. Ayni paytgacha vaqtincha kelganlarning deyarli hammasi O‘zbekistonga qaytdi deyish mumkin.
Ancha paytdan beri Turkiyada yashab kelayotganlarning ham ro‘yxatga kirishga harakat qilish holatlari turli ijtimoiy tarmoqlarda ham yoritildi. Lekin birinchi o‘rinda qisqa muddatga kelganlar vatanga qaytarildi.
Eldor Vohidov:
– Umumiy fonda Janubiy Koreyada vaqtincha yashash uchun I-card`ga ega bo‘lgan fuqarolarning qolish huquqi 31 maygacha bo‘lgan fuqarolarga 3 oy muddat qo‘shib berildi. Bundan fuqarolar viza muddatini uzaytirmasdan yashash huquqiga ega bo‘lishdi.
Biznes, turistik maqsadda qisqa muddatga kelgan fuqarolarga ham viza muddati, dastlab, 31 aprelgacha, keyin 31 maygacha cho‘zdirib berildi. Janubiy Koreyadagi O‘zbekiston elchixonasining aytishicha, bu osonlik bilan bo‘lmagan. Elchixona Koreya Immigratsiya xizmatiga umumiy tarzda murojaat bilan chiqib, masalani hal qilgan.
Va mana shu vaziyatda savol tug‘iladi: qisqa muddatga kelganlar hozir chet davlatda qanday qilib yashab turishibdi?
Bir tadbirkor tanishim yaqinlarini Koreyaga mehmonga chaqirgan edi. Hozir ularda moddiy muammo bo‘lmayapti. Shunga o‘xshash boshqa shaxslarda ham moddiy jihatdan qiyinchilik bo‘lganini sezganim yo‘q. Konsullik idoralaridan so‘raganimda ham ular vaqtincha kelib, Koreyada qolib ketgan o‘zbekistonliklardan moddiy yordam so‘rab murojaat qilish holatlari qayd etilmaganini aytishdi. Faqatgina bir fuqaro O‘zbekistonga qaytish uchun 10 kun aeroportda yashashiga to‘g‘ri kelgan. Hozir o‘sha shaxs O‘zbekistonda.
Sanjar Ikromov:
– Koreya va Turkiyani solishtirsak, hatto bu davlatlarga borish talablari ham farq qiladi. Koreyaga borish uchun maxsus talablarni bajarish kerak, Turkiyaga esa bilet olib ketish mumkin.
Turkiyaga to‘g‘ridan to‘g‘ri kelib og‘ir ishlarni ham qilib kelayotgan, sanoat korxonalarida ishlagan, lekin ayni vaziyatda uyda o‘tirgan o‘zbeklar ko‘p. Ularni hudud va oila tarzida bo‘lib olib, vatandosh tadbirkorlar moddiy jihatdan qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.
Alisher Ro‘zioxunov suhbatlashdi