Toshkent shahri va viloyatida 6 mingdan ortiq pedagog propiskadan o‘ta olmay qiynalib kelayotgandi - Sherzod Shermatov

Jamiyat 23:46 / 23.04.2020 10061

Shermatovning so‘zlariga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida propiskadan o‘ta olmay yillar davomida qiynalib kelayotgan pedagog xodimlar soni 6 mingdan oshadi.

«Ushbu farmon ularning oilalariga xursandchilik olib kelishi aniq», – deb yozadi vazir Facebook`dagi sahifasida.

«To‘g‘risi, o‘zim Toshkentda tug‘ilib o‘sganim uchun propiska degan masalaga avval unchalik e'tibor qilmasdim. Lekin, Xalq ta'limi vazirligiga o‘tgandan keyin propiska bo‘yicha yuzlab murojaatlarni ko‘rib, biroq rahbar sifatida ularga yordam bera olmaslikni boshdan o‘tkazgandan keyin, bu masala ushbu soha xodimlari uchun qanchalik zarur ekanini his qilishga to‘g‘ri kelgan edi», degan Shermatov.

Uning qayd etishicha, maktablardagi oyliklar yillar davomida past bo‘lgani sababli toshkentliklar orasida maktabga ishga kirib ishlashni xohlovchilar ham unchalik ko‘p bo‘lmagan. Bunday sharoitda ishlash uchun esa ko‘pgina maktablar boshqa hududlardan kelgan xodimlarnigina ishga taklif qila olgan.

«Lekin shu og‘ir mehnatiga qaramay, propiska degan rasmiyatchilikni deb, ular o‘z uyi bo‘lsa ham unga qonuniy egalik qila olmagan. Mana, prezidentimizning ushbu farmonlari bilan barcha davlat tashkilotlarida 5 yil ishlab kelgan xodimlar uchun propiska muammosi hal bo‘ldi. Shuning uchun bu farmondan son jihatdan eng ko‘p xursand bo‘lganlar aynan xalq ta'limi sohasidagilar bo‘lsa kerak, deb o‘ylayman», – deya o‘z postini yakunlagan Sherzod Shermatov.

Eslatib o‘tamiz, shu hafta imzolangan prezident farmoniga asosan, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida joylashgan davlat organlari va tashkilotlarida 5 yil muddat mobaynida uzluksiz mehnat faoliyatini yuritayotgan mutaxassislarni (texnik, xizmat ko‘rsatuvchi va ishlab chiqarish xodimlaridan tashqari) mazkur hududlarda doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: