Xalqaro press-klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Unda pandemiya va inqiroz davrida O‘zbekistondagi iqtisodiy vaziyat muhokama qilinmoqda.
Hukumatning iqtisodiy korpusi vakillari, yirik tadbirkorlar va biznes vakillari ishtirok etayotgan tadbir davomida O‘zbekiston moliya vaziri Timur Ishmetovning aytishicha, bugungi kunga qadar Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasiga 2,1 trln so‘m mablag‘lar shakllantirildi.
Timur Ishmetov imtiyozlar natijasida budjetga tushmagan va odamlarda qolgan mablag‘ miqdorini ochiqladi 👉 https://kun.uz/13107381
Posted by Kun.uz on Thursday, April 23, 2020
«O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilgan 15 martdan birdaniga birlamchi qadamlar bo‘yicha prezident farmoni imzolandi. Unga ko‘ra, Inqirozga qarshi kurashish bo‘yicha alohida jamg‘arma tuzilib, birlamchi qadamlar uchun 10 trln so‘m shakllantirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Bugungi kunga qadar 2,1 trln so‘m mablag‘lar shakllantirildi. Albatta, bu jamg‘armani xalqaro moliya institutlardan jalb etilgan mablag‘lar hisobidan shakllantiramiz, jarayon ketyapti. Aprel oyi oxiri-may oyi boshidan birinchi pullar kelib tusha boshlaydi. Biroq, o‘zimizda ham yetarli zaxira bor, shuning uchun hozircha budjetdan 600 mlrd so‘m ajratildi. Xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan qarz mablag‘laridan 1,5 trln so‘m ajratildi. Hozirgi kunga kelib 1,885 trln so‘m sarflandi. Bu puldan 425 mlrd so‘m Respublika sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligiga ajratildi. Sog‘liqni saqlash muassasalarini qurishga 407 mlrd so‘m berildi. Bu davom etayotgan xarajatlardir.
Shu bilan birga, Jamoat ishlarini tashkillashtirish jamg‘armasiga jami 200 mlrd so‘m ajratish ko‘zda tutilgan, bu boradagi ishlar ham davom ettirilmoqda. Bunda mablag‘lar vaqtinchalik ishsiz fuqarolarni jamoat ishlariga jalb qilish orqali ular bandligini ta'minlash, moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish yo‘nalishiga ishlatiladi. Kasaba uyushmalariga ham mablag‘lar ajratish nazarda tutilgan.
Davlat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash masalasi... Hozirgi sharoitda uyimizda elektr energiyasi bo‘lishi, suv kelishi, gaz ta'minotida uzilish bo‘lmasligi uchun aynan davlat tashkilotlari xizmat qiladi. Hozirda ularning samaradorlik darajasi muhokama qilinayotgani yo‘q. Bugungi kunda aholi kommunal to‘lovlarni vaqtida to‘lamasa, hech kim borib eshikni taqillatib pul so‘rayotgani yo‘q. Birinchidan, uyma-uy yurish karantin qoidalariga to‘g‘ri kelmaydi. Ikkinchidan, hozirgi og‘ir paytda odamlarni qiynamasdan, elektr energiyasi, suv, gazni uzluksiz ta'minlash uchun shu tashkilotlarning xarajatlarini, ayniqsa, o‘sha tashkilotlarda ishlayotganlarning oyligini ta'minlash va zarur bo‘lgan anjomlarni sotib olishga xarajat qilishimiz kerak. Bugungi kunda elektr energiya ishlab chiqaruvchi tashkilotlarga jamg‘armadan 500 mlrd so‘m ssuda ajratilgan. «O‘zbekneftgaz»ga 400 mlrd so‘m ajratilgan», - deydi moliya vaziri.
Shuningdek, Timur Ishmetovning bildirishicha, iqtisodiyotga ajratilgan pullar baribir ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgandir.
«3 aprelda imzolangan farmonda kichik biznesga juda ko‘p imtiyozlar berildi. Bugungi kunga kelib karantin natijasida faoliyati to‘xtagan tashkilotlar, yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i qat'iy belgilangan summasini va ijtimoiy soliqni hisoblashni to‘xtatish imtiyozi berildi. Shuning natijasida budjetga tushmagan va odamlarda qolgan mablag‘ 541 mlrd so‘mni tashkil qilyapti.
Bundan tashqari, QQS to‘lashda elektron hisob-fakturaga o‘tgan, aylanmasiga 1 mlrd so‘mdan kamroq bo‘lgan kichik biznes sub'yektlariga QQS to‘lovini har oy emas, balki har chorakda to‘lashga imtiyoz berildi. Ya'ni, bunda aylanma mablag‘lar qolishi nazarda tutilgan. Bugungi kunda ushbu imtiyozdan foydalangan tashkilotlarning hisobiga budjetga kelib tushmagan va ularning qo‘lida qolgan mablag‘ 450 mlrd so‘mni tashkil qilyapti. Iqtisodiyotga berilgan pullar baribir ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan», - dedi u.