Munosabat: Hukumat vakillari pandemiya vaqtida tadbirkorlarga ko‘mak va ularning xalqqa yordami haqida 

Iqtisodiyot 12:13 / 23.04.2020 22575

Kun.uz pandemiya va uning ortidan paydo bo‘lgan iqtisodiy inqiroz masalalari yuzasidan mutaxassis va mutasaddilar bilan suhbatlar tashkil etmoqda. Navbatdagi suhbatdoshlar – Markaziy Bank boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Botir Zohidov, Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Jamshid Abro‘yev, Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ahmadjon Suyunov hamda Iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi departament direktori Ilhom Mamatqulov pandemiya davrida xususiy sektor vakillariga ko‘mak berish haqida gapirishdi. Hukumat vakillari «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati masalasiga to‘xtalib, uni to‘g‘ri tashkil etish bo‘yicha fikrlarini bildirishdi.

MB rasmiysi Botir Zohidovning aytishicha, xayriya ishlari ikki tomonga ham ma'qul bo‘ladigan shartlar asosida bo‘lsa, bu yanada ko‘proq samara beradi.

«Banklar tomonidan bunday tadbirkorlarga ko‘rsatiladigan yordam to‘g‘risida aytib o‘tadigan bo‘lsak, bu foizlar kompensatsiyasidir. Ushbu mexanizm bizda mavjud. Hukumatimiz tomonidan oxirgi farmonda belgilab berildi. Bu kreditlarni Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash fondi tomonidan qilinayotgan kompensatsiyalar hisoblanadi. Farmon imzolangunga qadar bunday kompensatsiyalar endi olinadigan kreditlar oldindan kelishilgan shartlar asosida olib borilgan bo‘lsa, oxirgi farmondan aylanma mablag‘lar bilan olib bo‘lingan kreditlar bo‘yicha ham kompensatsiya olish mexanizmlari yaratildi. Bu o‘z-o‘zidan tadbirkorlarimizga yengilliklar yaratdi», dedi u.

U xususiy sektorga bank tomonidan ko‘mak berishning ikki yo‘nalishi – kredit muddatlarini prolongatsiya va aylanma mablag‘larga yo‘naltirilayotgan kreditlar haqida ham ma'lumot berdi.

«Prezidentimiz farmonida joriy yilda tadbirkorlik faoliyatini uzluksiz davom etishini ta'minlash maqsadida 30 trillion so‘m revolver kredit ajratilishi belgilandi. Bugungi kunning o‘zida 5,1 trillion so‘m hajmda turli kreditlar allaqachon ajratildi. Talabga qarab, yana kreditlar beriladi», deydi MB raisi o‘rinbosari.

Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Jamshid Abro‘yevning fikricha, ayni paytda soliq bojlarini oshirish rejada yo‘q. Qaytanga Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tomonidan bu ishlarga 500 mlrd so‘m ajratilmoqda.

«Shuningdek, Eksportyorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ham mavjud. Bunda 200 mlrd so‘m resurs bo‘lishi ko‘zda tutilmoqda, ya'ni eksport bilan bog‘liq xarajatlarni kompensatsiya qilib berish maqsadida pullar ajratilgandi.

Davlat xarajatlari bo‘yicha gapiradigan bo‘lsak, nafaqa oluvchilarni sonini kengaytirish bo‘yicha, ya'ni mahalla orqali beradigan mexanizm mavjud bo‘lib, bunda kam ta'minlangan oilalarni ham qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. May-iyun oylariga borib, nafaqa oluvchilar soni 750 minggacha yetadi. Bu ko‘rsatkich 30 foizga oshishini bildiradi. Birinchi qarorda 10 foizga oshirish rejalashtirilgan edi, keyinchalik avtomatik ravishda nafaqalarni to‘lash oqibatida ularning soni yana oshadi.

Budjet tomonidan hozirga kelib zarar ko‘rgan transport korxonalari – «Toshshahartransxizmat», Metropoliten, «O‘zbekiston havo yo‘llari» kabi korxonalarga bir-ikki yilga mo‘ljallangan moliyaviy yordam ko‘rsatish ishlari boshlangan. Bularning ish faoliyati to‘xtab qolishi mumkin emas», deydi vazirlik vakili.

Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Ahmadjon Suyunovning davlat rahbari tomonidan taklif etilgan «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakatini boshlash tadbirkorlarni saxovatli bo‘lishga majburlash emasligini ta'kidladi. Ayni paytda qo‘mita va tegishli mutasaddilar harakatning shaffof mexanizmini yaratmoqda.

«Bu yo‘nalishda birinchi oldimizga qo‘yilgan masala ham shundan iboratki, tashabbus bilan chiqayotgan tadbirkorlarimizning ko‘rsatayotgan yordamlariga ko‘proq e'tibor qaratishimiz kerak. Buning uchun tavsiya etiladigan tadbirkorlik sub'yektlari ishlab chiqilmoqda. Bu borada hududiy Xalq deputatlari kengashlari bilan birgalikda ishlar amalga oshirilmoqda», dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: