«Hozirgi sharoitda odamlar bunday qilishga uyalishidan umid qilamiz» - Guriyev hukumat yordami manziliga yetib borishidagi ehtimoliy korrupsiya haqida

Iqtisodiyot 13:15 / 23.04.2020 20400

«Hoshimov iqtisodiyoti» dasturi doirasida Behzod Hoshimov Parijdagi Sciences Po iqtisodiyot instituti professori, iqtisodchi Sergey Guriyev bilan «Koronavirus, korrupsiya, avtoritarizm, Chernobil, narxlar va makroiqtisodiyot» mavzusida suhbat uyushtirdi.

­— Siz «Katta yigirmatalik» yetakchilariga yozilgan xat hammualliflaridan birisiz. Bu xatda ushbu mamlakatlar hukumatlari, moliya tashkilotlarini pandemiya oqibatlarini yengib o‘tishda rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berishga chaqirilgan. Shunday savol bermoqchi edimki, korrupsiya masalalari bilan shug‘ullangan iqtisodchi sifatida nima deb o‘ylaysiz, shartli ravishda Xalqaro valuta jamg‘armasi, taraqqiyot banklari, hukumatlar tomonidan ko‘rsatiladigan moliyaviy yordam noto‘g‘ri, ya'ni manzilli sarflanmasligi ehtimoli qanday? Jahon bankining yaqinda o‘tkazgan tadqiqoti haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Unda bank yordami va ofshorlardagi hisob raqamlarining ortishi o‘rtasidagi korrelyatsiyasi ko‘rsatilgan. Bu borada qanday fikrdasiz?

— Men bu tadqiqotni ko‘rdim. Haqiqatan ham rivojlanayotgan mamlakatlarda korrupsiya yuqori, davlat boshqaruvining sifati esa yuqori emas. Bu tasodif emas. Agar sizda davlat tizimi yaxshi bo‘lganida, korrupsiya past bo‘lganida siz rivojlanayotgan emas, boy mamlakat bo‘lardingiz. Shuning uchun ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlar davlat institutlarining sifati past ekaniga hayron qolish kerak emas. Shuning uchun korrupsiya hech qayerga yo‘qolmaydi. Taraqqiyot banklari, Jahon banki, Xalqaro valuta jamg‘armasida korrupsiya xavfini minimallashtirish mexanizmlari bor, lekin u siz aytganingizdek har doim ham to‘g‘ri ishlashiga ishonchim komil emas. Biroq hozir vaziyat og‘ir. Biz millionlab odamlarning o‘limiga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan pandemiya haqida gapiryapmiz. Shuning uchun umid qilamizki, rivojlanayotgan mamlakatlarda xotirjamroq vaziyatlarda pullarni o‘g‘irlashi mumkin bo‘lgan odamlar hozir bunday qilishga uyalishadi.

Ya'ni ularning vijdonidan umid qilamizmi?

Ha, umid qilamiz. Biroq gap millionlab kishilarning hayoti haqida ketyapti. Bu haqiqatan ham deyarli urush davri. Yaxshiyamki, barcha davlatlar bir tomonda, biroq tahdid ko‘lami millionlab odamlar hayotiga teng epidemiya haqida gapirganimizda urush davridagi tahdid ko‘lami kabidir. Shuning uchun odamlarga yordam berish kerak.

O‘zbekiston kontekstida Rossiya haqida savol bermoqchi edim. Rossiyada ishlaydigan o‘zbekistonlik mehnat migrantlarining pul o‘tkazmalari iqtisodiyotimizning trevial bo‘lmagan qismini tashkil qiladi. Rossiya iqtisodiyotida koronavirusgacha ham muammolar paydo bo‘la boshlagandi, jumladan neft bilan bog‘liq muammolar. Ya'ni o‘sish ko‘rsatkichi oshmadi. Nima deb o‘ylaysiz, Rossiyadagi iqtisodiy vaziyat yomonlashuvi mehnat bozori, ayniqsa malakali bo‘lmagan mehnat bozorida qanday aks etadi, mehnatga bo‘lgan talab qanchalik elastik?

— Ko‘p narsa Rossiya hukumati qanday yo‘l tutishi, iqtisodiyotni qanday qilib qo‘llab-quvvatlashiga bog‘liq bo‘ladi. Hozircha Rossiya hukumati «saxiy choralar» qo‘llashni istamayapti, biznes va fuqarolarni juda cheklangan miqyosda qo‘llab-quvvatlayapti. Shuning uchun Rossiya iqtisodiyotida jiddiy pasayishni kutish mumkin. Xalqaro valuta jamg‘armasining bugungi prognozi minus 5,5 foiz. O‘ylaymanki, bu optimistik prognoz.

2020 yilda 10 foizga yaqin tushishni kutish ham mumkin. Bunda bu kabi inqiroz birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolari ishlaydigan qurilish sektoriga ta'sir ko‘rsatadi. Hozirning o‘zida xizmatlar, ovqatlanish sektorlarida ko‘plab ish o‘rinlari qisqaryapti. O‘zbekiston fuqarolari uchun ish joylari mavjud bo‘lgan turizm va mehmonxona sektorlarida ham ish joylari qisqaryapti.

Shuning uchun umuman iqtisodiyoting o‘ziga va O‘zbekiston fuqarolari ishlaydigan sektorlarga proporsional zarba bo‘ladi. Bunga qo‘shimcha sifatida neft narxi tushishi rubl kursi pasayishiga olib keldi. Bu rubldagi maoshlar o‘zgarmay qolishi, dollardagi maoshlar keskin qisqarishini anglatadi. Shuning uchun bu vaziyat juda og‘ir va bu yerda biror yaxshi xabar izlash qiyin.

To‘liq suhbatni Hoshimov iqtisodiyoti’ning Youtube’dagi kanali orqali ko‘rish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: