Davletov.uz kanali muallifi Qobil Xidirov O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Mamarizo Nurmuratov bilan o‘tkazgan suhbatni maroq bilan tomosha qildim. Intervyuni tayyorlash va o‘tkazishga juda professional jihatdan yondashilgan. Intervyuda berilgan barcha savollar turli forumlarda iqtisodchilar ko‘targan qizg‘in va dolzarb mavzularni qamrab olgan, savollar iyerarxiyasi to‘g‘ri tanlangan va muloqot juda jonli bo‘lgan.
O‘z navbatida, Markaziy bank raisi Mamarizo Berdimuratovichga ham alohida rahmat, chunki u kishi boshqalardan farqli o‘laroq, iqtisodiy siyosatdagi o‘z fikrlari va tutgan siyosatini ochiqroq bo‘lishgan.
Ana shu suhbat davomida ko‘tarilgan mavzular yuzasidan iqtisodchi va tadbirkor sifatida bir qator fikrlar yuzaga keldi.
Markaziy bankning ro‘y berayotgan hodisalar ko‘lami, mamlakat iqtisodiyotiga bo‘layotgan og‘ir ta'sirini ko‘ra bila turib, 2018 yilda e'lon qilgan «inflatsiyani jilovlash» oliy maqsadidan qaytish niyati yo‘q. Boz ustiga, koronavirus Markaziy bank raisining ta'biri bilan aytganda, «ne bylo by schastya, da neschaste pomoglo» («baxsizlik bo‘lmaganda, bu baxt bo‘lmasdi») qabilidagi omil bo‘lib, o‘ylangan rejalardan ko‘proq inflatsiya darajasi tushishiga olib keldi.
Inflatsiyani jilovlash uchun Markaziy bank turli yo‘llar bilan tijorat banklarining mamlakat taraqqiyoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan investitsion loyihalarni kreditlash qobiliyatini cheklamoqda:
- Tijorat banklarining 20 trln so‘mga yaqin miqdorda korxona va xususiy shaxslarning banklardan olgan kreditlari to‘lov muddatlari ortga surilgan. Boshqacha qilib aytganda, banklarning ana shu miqdordagi odatiy resurslari kamida 6 oy davomida aylanmada bo‘lmaydi va pul bozorida umumiy investitsion mablag‘larning resurslari bo‘lib xizmat qila olmaydi;
- Banklarning ortiqcha mablag‘larini Markaziy bankka ko‘proq jalb qilish uchun tijorat banklaridan «overnight» va 7-14 kunlik depozitlar 14-15 foiz ustama to‘lov hisobiga depozitlarga jalb qilinmoqda. Demak, tijorat banklari kredit bermasalar ham depozitlar orqali qo‘shimcha daromadlar olishi mumkin. Lekin to‘lanayotgan 14-15 foiz ustama Markaziy bankning qaysi daromadlari hisobidan bo‘lyapti?
- Tijorat banklarining rezerv talablarini qayta ko‘rib chiqish hisobiga yana qo‘shimcha 2,6 trln so‘m «likvidlik darajasini oshirish» qiyomi asosida pul aylanmasidan butunlay chetga chiqarilgan;
- Bundan tashqari, banklarning o‘z ichki resurslari bo‘lgan 30 trln so‘mga yaqin mablag‘lar Markaziy bank tavsiyalari asosida korxonalarga faqat aylanma mablag‘lar tarzida turli revolver kreditlar berishga qaratilishi belgilab qo‘yilgan. Ya'ni banklar o‘zlarining ichki resurslarini ham turli investitsion loyihalarni moliyalashtirishga qarata olmaydi.
Agar O‘zbekiston bo‘yicha 2020 yil 1 mart holati bo‘yicha aylanmadagi umumiy pul miqdori (agregat M1) 40 trln so‘mdan sal ortiq bo‘lganini inobatga olsak, ko‘rinib turibdiki, tijorat banklarida investitsion loyihalarni, ya'ni 3-4 yil davomida xalq xo‘jaligida tubdan sifat o‘zgarishlarini ta'minlaydigan biror ortiqcha resurs yo‘q!
Tabiiy savol shuki: nahotki, bu pullarni real iqtisodiyotga kredit berishga sarflash bugungi kunda inflatsiyani jilovlash masalasidan dolzarbroq masala emas?
Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, banklar jami aktivlarining 55 foizini tashkil etgan umumiy hajmi 20 trln so‘mga teng bo‘lgan kreditlar qayta restrukturizatsiya qilingan. Bu asosan kichik va o‘rta biznes korxonalari, qaysiki bugungi sharoitda faoliyati to‘xtab, butunlay daromadsiz qolgan va qayta tiklanish uchun moliyaviy yordamga muhtoj korxonalar. Ularning ba'zilari uchun aylanma mablag‘lar zarur bo‘lsa, boshqalari uchun investitsion mablag‘lar havodek zarur.
Ikkinchi masala, «miqdoriy yumshatishlar» yoki stimullar masalasi. Ya'ni davlat tomonidan katta-katta investitsion mablag‘larni iqtisodiyotning turli jabhalariga sarflash haqida. Markaziy bank raisining fikricha, katta miqdordagi investitsion mablag‘lar, albatta, mamlakat miqdorida talab o‘sishi va ishlab chiqarish jonlanishiga olib kelishi kerak. Lekin, taklif tanqisligi bo‘lgan sharoitda ortiqcha talab (investitsion pullar) inflatsiya zo‘rayishiga olib keladi.
Menimcha, aynan shu borada, Markaziy bank siyosatida fundamental kamchilik bor: bugungi kunda talab - bu faqat O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar emas, balki ko‘proq xorijdan olib kelinadigan asbob-uskunalar va ashyolardir. Agar 2019 yilgi korxonalar importi strukturasiga qaraydigan bo‘lsak, 70 foizga yaqin mablag‘lar aynan shu asbob-uskunalar va xomashyo sotib olishga, boshqacha so‘zlar bilan aytganda - ishlab chiqarishni qayta qurollantirish va mehnat unumdorligini, kapital unumdorligini oshirishga qaratilgan.
Nahotki, shu narsa Markaziy bank uchun ayon bo‘lmasa? Axir Toshkent shahrida olib borilayotgan har qanday qurilish obektlariga nazar tashlasangiz, u yerda 1ta kran va 1-2ta sement tashuvchi mashinalar (ular ham ijaraga olingan) bor, xolos. Boshqa hech qanday texnika yo‘q. Qolgan ishlar ishchilarning qo‘l kuchi asosida qilinadi.
Men, albatta, iqtisodchi va tadbirkor sifatida Markaziy bank yuritayotgan inflatsiyani jilovlash siyosatiga butunlay qarshi emasman. Lekin kundalik hayotimizda katta o‘zgarishlar yuz berdi va voqelik bizdan iloji boricha ishlab chiqarishni tiklash va uni rivojlanishiga turtki berishni talab qiladi.
Markaziy bankning inflatsiyani jilovlash tadbirlari esa iqtisodiyot oyog‘iga tushov bo‘lib qolmoqda.
Gap bugungi sharoitdan kelib chiqib, nima vazifalar biz uchun birinchi darajali degan savol ko‘ndalang turganidadir.
Yana bir muhim masala: markazlashtirilgan investitsiyalar bugungi kunga qadar davlat korxonalari bilan bevosita kooperatsiyasi bo‘lmagan kichik va o‘rta biznes uchun umuman lokomotiv bo‘la olmadi. Bu sharoitda faqat bank kreditlari, lizing tashkilotlarining mablag‘larigina xususiy sektorga yordamga kelishi mumkin. Bizda esa Markaziy bank bu siyosatning teskarisini yurityapti. Natijada, davlat korxonalari va davlat fondlarini o‘zlashtirishga imkoni bo‘lgan korxonalar «gullab», qolgan biznes strukturalari xonavayron bo‘lib bormoqda.
Amaldagi holat boshqa iqtisodiy vazirlik va idoralarda yaxlit bir iqtisodiy dastur va aniq oriyentir ko‘rsatkichlar yo‘qligi oqibati ekanini ham tushunib turibmiz.
Shu o‘ylar tufayli «iqtisodiyotda taklifning o‘zi yo‘q, shuning uchun «miqdoriy yumshatish» siyosati inflatsiyani kuchaytiradi», «biz kreditlar miqdorini o‘tgan yildagi absolyut miqdoridan oshirmaymiz», «koronavirus tufayli inflatsiya darajasi biz mo‘ljallagandan ham pastga tushdi, inflatsiya darajasini shunday ushlab qolamiz», degan fikrlar asosida iqtisodiyotni ichki investitsiyalar hisobidan rivojlanishiga qarshi turish siyosatiga qat'iyan qo‘shila olmaymiz.
Zamon ko‘pchilik fikrini eshitib, ko‘pchilikning manfaatini ko‘zlaydigan iqtisodiy siyosat yuritishga chorlaydi.
Bizning oldimizda esa eng asosiy masala inqirozga uchragan iqtisodni tiklashning barcha samarali usullarini qo‘llash va buning uchun resurslarni ayamaslikni taqozo qiladi.
Abdulla Abdukadirov
Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi