Bugun oramizda badiiy tarjimonlik bilan shug‘ullanayotgan “ko‘rinmas qahramonlar” ham borki, ularning zahmatli va mashaqqatli ishlari e'tirofga loyiq. Chunki ular yurt adabiyoti orqali o‘zbek nomining turli millat va elat o‘quvchilari qalbidan joy olishiga asosiy sababchilardir. Ana shunday qahramonlarimizdan biri - O‘zbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi Qashqadaryo viloyati hududiy boshqarmasi matbuot kotibi, “Femida” gazetasi muharriri Asror Allayarov bilan mavzu yuzasidan suhbat qurdik.
Asror Allayarov 1986 yil Qashqadaryo viloyati, Koson tumani Guvalak qishlog‘ida tug‘ilgan. Hindistonning Bangalor universitetida tahsil olgan. Viloyatdagi “Daryo”, “Sharq dunyosi” hamda “Femida” gazetalarida bosh muharrirlik qilgan. Hindistonning “Kafla-qit’alararo” jurnalida maslahatchi muharrir bo‘lib ishlagan. Birlashgan Arab Amirliklarining “Al Shirawi” kompaniyasida faoliyat ko‘rsatgan.
Ilk hikoyalar to‘plami “A Decision” 2014 yilda AQShda chop etilgan. Olti oy o‘tib ushbu to‘plam Yaponiyada yapon tilida “Zamonaviy o‘zbek hikoyalari” nomi ostida nashr etilgan. 2017 yilda yangi to‘plami Serbiyaning “Alma” nashriyoti tomonidan serb tilida bosib chiqarilgan. Xalqaro Naji Naaman adabiy mukofoti sovrindori.
-Tarjimonlik faoliyati bilan shug‘ullanishingizga nima turtki bo‘lgan? Aslida bu sohaga qiziqish sizda qanday uyg‘ongan?
-Yoshlikdan ijod qilaman. Hindistonda tahsil olayotgan paytlarim Hind okeanida joylashgan Santa Mariya oroliga borganmiz. O‘shanda “Oy yog‘dusi” nomli qisqa she'r yozganman va uni ingliz tiliga o‘girganman. Shundan buyon bu jarayon sevimli ishimga aylangan. Qator she'r va hikoyalarimni ingliz tiliga o‘girib, xorij nashrlariga yuborganman. Turli davlatlarning turli tillarda chiqadigan 30dan ortiq gazeta va jurnallarida chop etildi. Dunyoning 50dan ortiq tillariga tarjima qilindi. Shu jumladan, Afrika qit'asining sanoqli kishilar suhbatlashadigan tillariga ham. Shundan so‘ng ko‘plab o‘zbek adabiyoti namunalarini jahonga olib chiqish istagi paydo bo‘ldi. Chunki bizning adabiyotimiz haqida hali xorij o‘quvchilarida deyarli tasavvur yo‘q. Buni shakllantirish uchun esa ko‘p ishlashimiz kerak.
-Sizning tarjimalaringiz asosidagi kitoblar aynan qaysi davlatlarda tarqalgan?
-Ularning ko‘pchiligi AQShda, shuningdek, Hindiston, Turkiya, Kanada, Serbiya, BAAda chop etilgan. Shuningdek, o‘zbek adiblaridan qilgan tarjimalarim hind, fransuz, ispan, ingliz, turk, arab, italyan, grek tillarida nashr etilgan xalqaro antologiyalar, bosma nashrlarda e'lon qilingan. Turli yillarda bir necha ijodkorlarimiz Livanda o‘tkaziladigan xalqaro Naji Naaman adabiy mukofoti g‘oliblari bo‘lishdi. Xalqaro Nobel mukofoti sovrindorlari xotirasiga bag‘ishlab chop etilgan to‘plamlardan o‘rin oldi. Bugungi kunda ko‘pchilik o‘zbek ijodkorlarining ingliz tilidagi to‘plamlari Amazon orqali sotuvda ham bor.
- Xorijdagi xalqaro tadbirlarda o‘zbek adiblarining ishtiroki va adabiyotimizning targ‘iboti qay darajada?
-Ijodkorlarimiz Osiyo, Yevropa va Amerika qit'asidagi nufuzli anjumanlarda muntazam ishtirok etib kelishmoqda. Hindistonda o‘tkazilgan o‘nlab xalqaro adabiy festivallar, Ozarboyjonda o‘tkazilgan Turkiy tilli shoirlar anjumani, Turkiyada bo‘lib o‘tgan “O‘zbek she'riyati kunlari”da munosib qatnashdik. Bu mamlakatlarning ijodiy uyushmalari bilan doimiy hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik.
-Asarlarining xorijiy tillarga tarjima qilinishi bu albatta eng katta yutuq emas, ijodkorlarga undan keyingi muhim jarayonlar bo‘yicha qanday maslahatlar bera olasiz?
-Birinchi navbatda har bir ijodkorning o‘zi chet tilini o‘rganib, o‘z ijodini o‘zi tarjima qilgani ma'qul. Bu o‘z fikr va qarashlarini yuz foiz boshqa tilga ko‘chira oladi degani. Tarjimadan so‘ng ko‘pgina xorijlik ijodkorlar adabiy agentlar bilan bog‘lanish yo‘llarini izlaydi. Ayni shu inson esa adibning kelajakdagi mavqeini belgilab beradi. O‘z mijozining qo‘lyozmalarini nashriyotma-nashriyot olib boradi, xalqaro tanlovlarga muntazam yuboradi, kelajagi haqida qayg‘uradi. Buning ortidan muallif yaxshigina qalam haqi va adabiy agent kattagina ulush oladi. Ko‘pchilik Nobel mukofoti sovrindorlarining muvaffaqiyatlari ortida ham aynan ularning adabiy agentlari turgan. Bugungi kunda yurtimizda ham ingliz tilida ijod qilib, xalqaro mukofotlarga intilayotganlar bor. Jumladan Baxtiyor Abdug‘afur, Go‘zal Ro‘ziyeva, Nodirabegim Ibrohimovalar bu borada sezilarli yutuqlarga erishishgan.
-Ayni paytdagi o‘zingiz faoliyat ko‘rsatayotgan Qashqadaryo viloyati turizmni rivojlantirish hududiy boshqarmasida qanday yangiliklar yo‘lga qo‘yilmoqda?
-Boshqarma tashkil etilganidan so‘ng olib borilgan samarali ishlar natijasida Shahrisabz Prezidentimiz tomonidan “Festivallar shahri” deb e'lon qilindi. Bugungi kunda viloyatda bir yilda 20 ga yaqin madaniy tadbirlar, 7ta xalqaro festival o‘tkazib kelinmoqda. Yana bir e'tiborli tomoni, 2019 yilda Kitob tumanida o‘tkazilgan “Anor” festivali doirasida Shahrisabz hamda Italiyaning Kazerta shaharlari “egizak shaharlar” maqomini oldi. Boshqarma axborot xizmati xorijiy nashrlar bilan muntazam hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Yevropa, Lotin Amerikasi hamda Osiyo mamlakatlari nashrlarida faoliyatimizga oid chiqishlar qilinmoqda. Bu esa vohamizga keluvchi xorijiy sayyohlar sonining ortishiga sezilarli ta'sir o‘tkazyapti. Joriy yilning iyun oyida dunyodagi eng baland Everest cho‘qqisi yo‘lida Qashqadaryo o‘tovini joylashtirish bo‘yicha Nepal Turizm departamenti bilan kelishuvga erishilgan edi. Bu ishlar butun dunyodagi karantin rejimi sababli yil oxiriga qolsa kerak.