Farg‘onalik sudyalarning qarorlari Oliy sudda sinishda davom etmoqda. Bu safar ham tadbirkor sarson qilingan

Jamiyat 17:08 / 22.04.2020 23308

2019 yil 21 iyul kuni Kun.uz saytida «Rishtonda auksionda mulk sotib olgan fuqaro chuv tushdi(mi?)» nomli maqola e'lon qilingandi. Unda tadbirkor Soyibjon Buvojonov «E-IJRO AUKSION» yagona savdo maydonchasida elektron onlayn auksion orqali Rishton tumanida joylashgan «O‘zagrokimyohimoya» Farg‘ona viloyati hududiy AJga qarashli ma'muriy bino-inshootlarni 279 million so‘mga sotib olgani, belgilangan to‘lovni amalga oshirib, tegishli hujjatlar (kadastr hujjatlari, guvohnoma va yerdan foydalanishga oid qarorlar)ni rasmiylashtirib olgani, lekin binoga kira olmayotgani, fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudi auksion natijalarini bekor qilib yuborgani bayon etilgandi.

Farg‘ona viloyat prokuraturasining tadbirkor manfaatlarida sudning hal qiluv qarorini bekor qilish bo‘yicha kiritgan protesti ham fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudida qanoatlantirishdan rad etilib, hal qiluv qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan edi.

2019 yil 24 iyul kuni «Elektron onlayn-auksionlarni tashkil etish markazi» DUK ushbu maqolaga munosabat bildirib, fuqaro auksion savdolari orqali ko‘chmas mulkni haqqoniy, halol yutib olganini, auksion o‘tkazishda «E-IJRO AUKSION» elektron savdo maydonchasi tomonidan biror kamchilikka yo‘l qo‘yilmaganini, sud asossiz qaror qabul qilganini ta'kidlagan edi.

Tadbirkorning nazorat tartibida kiritgan shikoyati Oliy sudning fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay'ati tomonidan ko‘rib chiqildi.

Sudlov hay'atining joriy yil 10 martdagi ajrimi bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha Farg‘ona viloyati sudi kassatsiya instansiyasining 2019 yil 31 maydagi ajrimi hamda Rishton tumanlararo sudining 2019 yil 5 fevraldagi hal qiluv qarorining 2018 yil 23 oktyabrdagi AO 1119-000049-sonli elektron-onlayn auksion natijalari to‘g‘risidagi bayonnoma haqiqiy emas deb topish haqidagi qismi bekor qilindi hamda bekor qilingan qismi bo‘yicha da'vo talabini rad qilish haqidagi yangi hal qiluv qarori qabul qilindi.

Mazkur ajrim bilan tadbirkorning huquqlari tiklanib, qonuniy tarzda sotib olingan mulkka egaligi rasman tan olindi.

Darvoqe, Oliy sud ajrimi bilan tadbirkorning «jigarini ezgan» «O‘zagrokimyohimoya» Farg‘ona hududiy AJdan da'vo talablari rad qilingani munosabati bilan davlat foydasiga 5.177.803,85 so‘m davlat boji undiriladigan bo‘ldi.

Aytish joizki, so‘nggi vaqtlarda davlat organlari mansabdorlarining tadbirkorlar huquqlariga tajovuz qilishini qo‘llab-quvvatlab, g‘ayriqonuniy qarorlar qabul qilayotgan Farg‘ona viloyatidagi sudyalarning Oliy sudda sinayotgan qaror va ajrimlari soni tobora ortib bormoqda.

Qo‘shtepa tuman hokimi va «Olimboy hoji» chorvachilik fermasi rahbari Abdumannob Qosimov, shuningdek, Farg‘ona shahar hokimligi va «Constant Trading» MChJ shaklidagi qo‘shma korxonasi o‘rtasidagi mashmashalar shu fikrimizga misol bo‘la oladi deb o‘ylaymiz.

Sarvarbek Nazarov,
Kun.uz muxbiri

Ko‘proq yangiliklar: