Endi davlat tilida bo‘lmagan hujjat loyihalari muhokamalar portalidan avtomatik o‘chiriladi

Jamiyat 01:57 / 22.04.2020 8028

O‘zbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga (regulation.gov.uz) loyihalar davlat organlari tomonidan mustaqil ravishda joylashtiriladi.

Adliya vazirligi xabariga ko‘ra, endilikda davlat tilida matni bo‘lmagan, boshqa tilda kiritilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari portal ma'muriyati tomonidan avtomatik ravishda, muallifni ogohlantirib o‘tirmay o‘chiriladi.

20 aprel kuni portalga shu haqdagi ogohlantirish joylashtirilgan.

Ma'lumot uchun, «Davlat tili haqida»gi qonunning 8-moddasiga asosan, O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining boshqa hujjatlari davlat tilida qabul qilinadi va e'lon qilinadi.

«Adliya vazirligi ekspertiza yakunlari bo‘yicha xulosada loyiha o‘zbek tilida taqdim etilsin, deb yozadi. Chunki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 26 avgustdagi PF-5519-son Farmoni bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Reglamentining 49-bandida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlari loyihalari Administratsiyaga davlat tilida, zarurat bo‘lganda – boshqa tillardagi tarjimasi bilan birga kiritilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Hukumatning 2019 yil 22 martdagi 242-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Reglamentining 40-bandiga muvofiq Vazirlar Mahkamasi hujjatlari loyihalari Hukumatga davlat tilida, zarurat bo‘lganda – rus tili va boshqa tillarga tarjima qilinib kiritilishi lozim», – deyiladi vazirlik xabarida.

Ko‘proq yangiliklar: