DSQ yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kimlar kirishini tushuntirdi

Iqtisodiyot 13:42 / 22.04.2020 47775

Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalarning avtotransport vositalari uchun ruxsat beruvchi stikerlar berilishi e'lon qilinganidan keyin mazkur toifaga kimlar kirishi haqida DSQga ko‘plab qo‘ng‘iroqlar bo‘ldi, deb yozmoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Bildirilishicha, DSQning qarori bilan “Yuridik shaxslarni yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritishning mezonlarini belgilash to‘g‘risidagi Nizom” tasdiqlangan.

Quyidagilar yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritiladi:

a) aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va aksiz to‘lanadigan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar;

b) tijorat banklari, tovar-xomashyo, fond va valuta birjalari;

v) «Navoiy KMK» DK, «Olmaliq KMK» AJ hamda ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar;

g) mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar;

d) mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha 100,0 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan yoki ketma-ket keladigan o‘n ikki oylik davr yakuni bo‘yicha ushbu miqdordan oshgan yuridik shaxslar;

ye) uglevodorod xomashyosi va mineral resurslarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi yuridik shaxslar, bundan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari mustasno;

j) O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘idan yo‘lovchilarni tashish maqsadlarida foydalanuvchi, xalqaro havo aloqalarini amalga oshiruvchi va ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar.

Yirik soliq to‘lovchilar toifasini belgilashda, sof tushumi 100,0 milliard so‘m va undan oshgan yuridik shaxslar o‘tgan kalendar yil yakuni yoki ketma-ket keladigan o‘n ikki oylik davr bo‘yicha soliq organlariga taqdim etgan soliq va moliyaviy hisobotlaridagi ko‘rsatkichlariga asosan aniqlanadi.

Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiritilgan yuridik shaxslar kalendar yil yakuni bilan Nizomda ko‘rsatilgan mezonlarga javob bermasa, ushbu xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar navbatdagi uch yil mobaynida yirik soliq to‘lovchilar toifasida qoladi.

Nizom talablari tatbiq etiladigan yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxati har yili keyingi soliq davri boshlangunga qadar bir oydan kechikmay O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga kiritilgan yoki ro‘yxatidan chiqarilgan yuridik shaxslar Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tegishli qaror qabul qilingan kundan e'tiboran besh kun ichida yozma ravishda, shu jumladan soliq to‘lovchining shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.

Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi korxonalar va ularning filiallari to‘liq ro‘yxati bilan quyida tanishish mumkin.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda respublika bo‘yicha yirik soliq to‘lovchilar soni 779 tani (filiallarni hisobga olmagan holda) tashkil etadi.

Ta'kidlanishicha, yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi va ruxsat beruvchi stikerlar berilgan korxonalar xodimlarining avtotransport vositalari harakatlanish vaqti ertalab soat 7:00 dan kechki 20:00 ga qadar uzaytirildi.

Ishchi xodimlarga transport vositalaridan faqat xizmat maqsadida va belgilangan yo‘nalish bo‘yicha foydalanishga ruxsat etiladi.

Ruxsat beruvchi stikerlarni olish uchun DSQga yuborilgan arizalarga qayta o‘zgartirish kiritish nazarda tutilmagan. Ruxsat berish uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi.

Ko‘proq yangiliklar: