Amerika nefti yana plyusga chiqdi. Inqiroz tugadimi?

Iqtisodiyot 00:06 / 22.04.2020 31334

Avvalo bir narsani tushunish kerak: Kechagi savdolarda hech kim neftni ko‘chaga chiqarib qo‘yib «Oling, evaziga pul beramiz», degani yo‘q. Bochkadagi qora quyuq ko‘rinishda bo‘ladigan neft xomashyosi emas, may oyida yetkazib berish bo‘yicha fyuchers qog‘ozlarining narxi manfiy qiymatga tushib ketdi. Fyuchers bu – birjadagi moliyaviy hujjat bo‘lib, u oldi-sotdi shartnomasi hisoblanadi. Fyuchersda tovarlarning hajmi emas, faqat yetkazib berish vaqti kelishilgan bo‘ladi.

Kechagi savdolarda aynan may oyida yetkazib berish bo‘yicha fyucherslar narxi pastlab ketdi. May oyi uchun fyucherslar muddati 21 aprel kuni yakunlanardi. Shu bois neft hech kimga kerak bo‘lmagan bugungi kunda investorlar fyucherslarning amal qilish muddati tugashi arafasida omborlardagi neftdan qutulishga majbur bo‘lishdi. Omborlarga ijara puli to‘lashdan ko‘ra uni olib ketganlarga pul berish arzonroq tushgani sabab narx manfiyga qarab ketgan.

Gap shundaki, AQSh bozorlarida, ayniqsa birjada iqtisodiyot shunchalik avtomatlashib ketganki, u ba'zan real hayotga ham mos kelmay qoladi. Kecha aynan mana shunday voqea sodir bo‘ldi va neft manfiy qiymatga tushib ketdi. Hozir neft omborlari to‘lib ketdi. AQSh va Singapurdagi asosiy omborlarga talab shunchalik kattaki, ularda mahsulot saqlash uchun narxlar ikki baravar qimmatlab ketgan. Yo‘q, ular atayin narxni ko‘tarishmagan, jahon bozorida narx-navo taklif asosida o‘zgaradi. Hozir omborlarga talab katta.

Iyun oyida neftga bo‘lgan talab biroz ortishi mumkinligi hisobida iyunda yetkazib berish bo‘yicha savdolarda WTI 22 dollargacha sotilgan. Bugungi savdolar boshida 26 dollardan sotilgan Brent navli neft narxi ham pastladi. Oliy navli bu neftning 1 barreli 2002 yildan buyon ilk marta 19 dollardan pastladi. Texas neftining pastlashi tabiiyki qolgan navdagi xomashyo narxiga ham ta'sir qilmay qolmadi. Rossiyaning Urals neftining 1 barreli -2 dollargacha tushib ketdi. Vaqtincha, albatta.

Pulingiz bo‘lsa, tanker oling

Endi tankerlar tashish uchun emas, neftni saqlash uchun foydalanilmoqda - narxlar o‘sguncha ular ochiq dengizda qoladi / REUTERS

Omborlar neft bilan to‘lib toshgandan so‘ng neft sotuvchi korxonalar xomashyoni dengizdagi tankerlarda ham saqlashda majbur bo‘lishmoqda. Ayni damda dengizlardagi tankerlarda 160 million barrel neft borligi aytildi. Ular neftni hech qayerga tashimay suzma ombor vazifasini bajarmoqda.

Bunaqasi hech qachon bo‘lmagan. 2008 yilgi jahon moliyaviy inqirozi vaqtida tankerlarda maksimum 100 million barrel neft saqlangan. Hozir har biriga 2 million barrel neft saqlash mumkin bo‘lgan dunyodagi 770ta supertanker «omon-omon» davrlar kelguniga qadar dengizda qolishi mumkin.

Ayni damda dunyodagi neft omborlarining to‘rtdan uch qismi to‘lgan. O‘sha bir qismda ham 1 milliard barrel neft saqlash mumkin. Bu esa inqirozgacha bo‘lgan davrda kunlik dunyo ehtiyojidan 10 baravar ko‘p degani. Hozir esa talab deyarli yo‘q. Omborlarni to‘liq to‘ldirib bo‘lmaydi, chunki qazib olinayotgan neftni qo‘yish uchun joy kerak. Qazib olishni esa to‘xtatish imkonsiz, avvalo mijozlar qochib ketadi, bundan tashqari quduqlarni yopib yana ochish mijozlarga bepul neft tarqatgandan qimmatroq tushadi. Quduqlardan neft qochishi ham mumkin. Ha, neft savdosi mana shunday reallikdan uzoq bo‘lgan darajada g‘alati.

Amerika neft bozori uchun «qora dushanba»ga aylangan savdolarda narx manfiyga qarab ketganining asosiy sababi talabning kamligi. Ayni damda talab 30 foizga kamaygan. Ya'ni, neftni qayta ishlovchi korxonalar har kuni 30 million barrel ortiqcha neftni qayerdadir saqlashga majbur. Yuqorida aytganimizdek, qimmatlashgan omborlarda neft saqlagandan ko‘ra uni tekinga, kerak bo‘lsa pul berib tarqatgan afzal bo‘lib qoldi.

AQSh nima qiladi?

Amerikada bozor iqtisodiyoti shunchalar erkinlashib ketganki, davlat qaysidir sektorni nazorat qilishi mumkin degan tushuncha ham esdan chiqqan. Axir aynan shu erkinlik sabab bu davlat Amerika bo‘lgan-da! Shu bois hozir Oq uy nimadir qilib neftni qimmat qilib yubora olmaydi, bunga harakat ham qilmaydi.

Tramp bunday vaqtda nima qilish mumkinligini aytdi. Unga ko‘ra, mamlakat uzoq yillardan buyon ilk marta 75 million barrel neft bilan federal zaxiralarini to‘ldirib oladi. Albatta, -40 dollar evaziga emas. Bu omborlar AQShda «strategik zaxira» deb ataladi. Darvoqe, Xitoy ham 80-100 million barrel neft olib omborlarini to‘ldirishni maqsad qilgani aytilmoqda. Ba'zi manbalar Janubiy Koreya ham bu ulgurji xaridlarga qo‘shilishi mumkinligini yozishdi. Bu gigant mamlakatlar uch oy ichida milliy zaxiralarini umumiy 200 million barrelgacha to‘ldirib olishi mumkin.

Bundan tashqari, Oq uy neft korxonalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha choralar uchun pulni ayamoqchi emas. AQSh hech qachon o‘z tadbirkorlarini yolg‘izlatib qo‘ymaydi va bu mamlakatning o‘ziga xosligi ham mana shunda.

Aniq sabablar ham bor

Ko‘pchilik neft narxining manfiyga qarab ketganida talabning kamligi degan qaysidir ma'noda mavhum sababni keltirmoqda. Ammo neft bu qadar qadrsizlanishining aniq sabablari ham yo‘q emas. Masalan, Saudiya Arabistoni martning oxirgi kunida neft qazib olish bo‘yicha rekord o‘rnatdi. 31 mart tunda Saudiya tarixida ilk marta kuniga 12 million barrel neft qazib olindi. Ertasiga rekord yana yangilandi: 12,111 million barrel. Nihoyat bu ko‘rsatkich 12,323 million barrelgacha yetdi.

Ma'lumot uchun, bu Yaponiya, Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya va Italiya kabi sanoat rivojlangan yirik davlatlarning bir kunlik ehtiyojidan ham ko‘proq degani.

Saudiya neft qazib olish tempini tushirmay bozorga haddan tashqari ko‘p neft chiqardi. AQShga ham 7ta supertankerda neft yuborildi. Mana shu ham bozordagi narxlarning reallikdan uzoqlashib ketishiga sabab bo‘ldi.

Kelajakda neft qimmatlab ketishi mumkin

 

Xitoy portidagi supertanker / REUTERS

Hozir neft qadrsizlanib, unga bog‘liq korxonalar zarar ko‘rmoqda. Ular katta-katta kredit olishga, qarz bo‘lishga majbur. Ba'zi neft korxonalari esa bankrot bo‘lishga ham ulgurdi. Bunday holatda hozir ko‘pchilikning xayoliga ham kelmayotgan bir narsani taxmin qilish mumkin. Hammasi o‘z iziga tushib, neftga talab yuqori darajaga chiqsa, uning narxi keskin ko‘tarilishi hech gap emas. Axir neft korxonalari o‘z sohalarida yuz bergan tarixdagi eng yirik inqirozni boshdan kechirishdi. Bu inqirozdan chiqib ketgach, ular asta-sekin ko‘rgan zararlarini qoplash haqida o‘ylay boshlashlari tabiiy.

Bunday vaqtda neft eksport qiladigan davlatlar prinsipiallikni ham unutib, birlashishni va bozorda neftni kamaytirib, «qora kunlar»dagi zararlarni qoplash haqida birgalashib o‘ylashlarini taxmin qilsa bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: