Bundan biz, eksportimizning eng ko‘p — 24 foizi ulushini (2019 yil yakunlari bo‘yicha ma'lumot) tashkil etuvchi o‘zbekistonliklar xursand bo‘lishimiz va xavotirga tushmasligimiz kerakmi?
O‘zbekistonning oltin zaxiralari
O‘zbekiston oltinning tasdiqlangan zaxira konlari bo‘yicha jahonda 8-o‘rinda turadi. Uni qazib olish bo‘yicha 11-o‘rinda (yiliga 90 tonna). Zaxiralardagi qazib olingan oltin miqdori bo‘yicha esa 16-o‘rinda.
2020 yilning 1 yanvar holatiga O‘zbekistonning zaxiralarda jamg‘argan oltini miqdori 336 tonnani tashkil etadi. Bu mamlakat oltin-valuta zaxiralarining qariyb 53 foizini tashkil qiladi. Bu miqdor O‘zbekistonga importning 13 oyini moliyalashtirish imkonini beradi.
Yuqorida ta'kidlanganidek, 2019 yilda oltin eksporti mamlakat yalpi eksporti ulushida 24 foizni tashkil etib, 4,9 milliard AQSh dollari miqdoriga teng bo‘lgan.
Zanglamas va yemirilmas boylik
Qora oltin — neft va zangori oltin — tabiiy gazdan farqli o‘laroq, sof oltin yer qa'ridan qazib olinganidan so‘ng xo‘jalik faoliyatida sarflab yuborilmaydi. Oltin bir necha ming yildan buyon arxeologik artefaktlar, zargarlik-xo‘jalik buyumlari, numizmatik va esdalik tanglari, o‘lchovli va bank yombilari sifatida to‘planib kelinmoqda.
2012 yilda olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, insoniyat yaralganidan buyon qazib olingan oltinning miqdori 166,6 ming tonnani tashkil etadi. Bu miqdor qanchaligini bilish uchun, agar shu vaqtgacha eritilgan jahonning barcha tillalari bitta kub shaklida to‘plansa, uning tomoni kamida 20 metrni tashkil etadi.
Mamlakat moliya vazirligi yoki markaziy banki nazorati ostida bo‘lgan oltin jamg‘armasi ushbu davlatning oltin zaxirasi hisoblanadi. Avvaliga uning bosh funksiyasi milliy valuta ekvivalentini ta'minlash bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunga kelib milliy valuta kursini barqarorlashtirish uchun inqirozga qarshi funksiyani bajarmoqda. Shu sababli yaxshi oltin zaxiralari ko‘proq iqtisodiy mustaqillikni ta'minlaydi. 2008 yilgi jahon iqtisodiy inqirozidan so‘ng dunyoda oltin zaxirasi o‘sib borish tendensiyasi kuzatilmoqda.
So‘nggi yillarda jahon bo‘yicha oltin qazib olish yiliga qariyb 2,8 ming tonnani tashkil etmoqda. Faqat bitta muammo bor: agar oltin qazib oluvchi korxonalar shu sur'atda ishlashda davom etishsa, 20-25 yil ichida konlarni tugatishadi.
Oltinning jahon bozorlaridagi narxi
1717 yilda Isaak Nyuton troya unsiyasi (31,1 gramm) uchun metin narx belgilagan — 4,24 funt-sterling. Qayd etish joizki, bu narx 200 yil mobaynida o‘zgarmasdan kelgan.
Ikl marta oltin narxi 1932 yildan so‘ng oshgan, bu o‘sha vaqtdagi harbiy harakatlar bilan bog‘liq. Shundan so‘ng «oltin standart» o‘zgartirilgan 1971 yilgacha shu darajada qolgan. Keyinchalik oltin bo‘yicha statistika boshqa rangli metallar narxi dinamikasi kabi sikllar bo‘yicha olib borilgan.
So‘nggi 10 yilliklar ichida oltin narxi kursi kishini taajjublantirmasdan qolmaydi. Agar 2001 yilda unsiyasini 272 dollarga so‘rashgan bo‘lsa, 2011 yilga kelib uning narxi 1600 dollarga chiqib ketdi.
So‘ng jahon bozorlarida uzoq vaqt mobaynida 1 unsiyasi 1300 AQSh dollari miqdorida sotib kelingan oltinning bahosi 2019 yilning yarmidan boshlab yana ko‘tarila boshladi. Koronavirus inqirozi boshlangach, uning narxi 1700 dollardan ham oshdi. Bugungi kunda uning qiymati 1680 dollar atrofida baholanmoqda.
Ayniqsa, neft narxi pasaya boshlagach, oltin bahosida keskin ko‘tarilish yuz bergani diqqatga sazovor.
Endi nima bo‘ladi?
Oltinga bo‘lgan talabning oshishi uning narxi va qazib olinishini jadallashtirishi mumkin, albatta. Biroq, so‘nggi o‘n yillikda shu narsa ravshanlashdiki, qimmatbaho metall qiymati bog‘liq bo‘lgan birinchi narsa bu — AQSh dollaridir. Dollar qanchalik mustahkam bo‘lsa, oltin narxi tushadi va aksincha. Shu sababli, bu yerda oltin ishlab chiqaruvchilar biror narsani o‘zgartirishga qodir emas.
Oltin qiymatining so‘nggi 5 yildagi statistikasi ko‘rsatmoqdaki, u bir mavsum mobaynida ham tebranishi mumkin, bunda o‘rni kelsa hattoki global siyosiy va iqtisodiy omillar ham rol o‘ynamay qolishi ham mumkin.
Ammo oltin qiymatiga bevosita ta'sir o‘tkazishi mumkin bo‘lgan bir necha asosiy omillar baribir mavjud:
- Amerika dollari kursining tebranishi;
- Mamlakatlar o‘rtasidagi tashqi iqtisodiy aloqalar;
- Oltin qazib olishni soddalashtiruvchi innovatsion texnologiyalar;
- Zargarlik buyumlariga talab;
- Energiya tashuvchilar uchun xarajatlar oshishi;
- Jahondagi siyosiy vaziyat.
Bu omillardan tashqari yana bir ko‘plab boshqalari ham borki, ular bu qimmatbaho metallning kursi dinamikasiga u yoki bu darajada ta'sirini o‘tkazadi.
Nima bo‘lganda ham, moliyaviy inqiroz va noma'lumlik sharoitida oltin narxi hamma vaqt o‘sadi. Lekin bu ham vaqtinchalik hol. Agar noma'lumlik gorizonti uzayib ketsa (aytaylik, 3–6 oygacha) oltin narxi ham pasaya boshlaydi. Chunki birlamchi ehtiyojlarni qondiruvchi tovarlar qiymatga ega bo‘la boshlaydi.
Oltin nima uchun qadrga ega? Chunki uning jamg‘arish va qiymatni saqlash funksiyasi bor. Lekin jamg‘arishdan ma'no bo‘lmasa, qiymatning o‘zi qolmasa, oltindan qanday naf bo‘ladi?
Tajribali investorlar beqaror siyosiy va iqtisodiy vaziyatda o‘z mablag‘larini himoya aktivi bo‘lib xizmat qiluvchi oltinga tikishadi. Bundan xulosa qilish mumkinki, iqtisodiy yuksalish davrida sariq metallning kotirovkalari ko‘pincha pasaya boshlaydi.
Shuhrat Shokirjonov tayyorladi.