«O‘zbekistonda internet reklama bozori 2019 yilda 4 million dollarga teng. Boshqa davlatlar bilan solishtiramiz. Uzoqqa bormaylik, Qozog‘istonni olsak, internet reklama bozori 2019 yilda 100 million dollarga teng bo‘lgan. Rossiyada esa 3 milliard dollar. Bu degani kishi boshiga internet reklama bozori 20 dollar degani. Rossiyada 150 million kishi yashaydi desak, 3 milliard kishi boshiga 20 dollar. O‘zbekistonda 35 million deb olsak, kishi boshiga internet reklama bozori 10 sent degani. Bu juda kam.
Qozog‘istondagi nur.kz yangiliklar portaliga tashriflar soni 1 oyda 25 milliontagacha bo‘lgan. Shu internet portalning bir yillik tushumi, reklamadan topgan puli 10 million dollar. Bitta internet sayt.
Bu biz uchun nima degani? Bu salohiyat juda katta degani. Bugungi kunda kimdir pandemiya boshlandi, onlayn ketdi deyish noto‘g‘ri. Obektiv omillar bizni bu narsadan to‘xtatadi. Bu raqamlar bizda o‘sish uchun salohiyat katta ekanini ko‘rsatadi. Internet bozorining kishi boshiga 10 sentdan 1 dollarga o‘sishi ham 10 baravar o‘sishini bildiradi. Men 20 dollar deyayotganim yo‘q. Qozog‘istonda 19 million aholi yashasa, u yerda 100 million, [internet bozori kishi boshiga] 5 dollarga teng degani.
5 dollar va 10 sent, qarang qancha katta farq. Biz ham shu raqamlarga o‘samiz. Chunki bizning odamlarimiz juda tadbirkor, aqlli, ko‘p narsaga qiziqadi, ko‘p ishlashni xohlaydi. Biz ham raqamlarga boramiz. Mening fikrimcha, [buning uchun] 3, 4, 5 yil kerak. Lekin yetib borgunimizcha oflayn biznesning roli juda katta», dedi Anvar Irchayev.
Ko‘rsatuv davomida MFactor loyihasi asoschilari Anvar Irchayevga savol bilan murojaat qildi.
- Bugun Kun.uz sayti reklama bo‘limi kanalida narxlar arzonlashtirilgani haqida xabar keldi. Hozirgi inqiroz vaqtida reklama narxlari tushgan paytda kim reklamaga pul tikishi joiz va kim reklamaga pul tikishi nojoiz? Shu haqida ham o‘z fikrlaringizni bildirib o‘ting.
- Men o‘z tajribamdan kelib chiqib gapiraman. Biz ikkita reklama kompaniyasiga investitsiya qilganmiz. Bittasi Orange Media, 2007 yilda biz uni noldan ochganmiz. Bilbordlar bilan shug‘ullanadi, hozirgi kunga kelib 400-500ta bilbordga ega bo‘lgan kompaniya. 2010 yilda internet reklamalari bilan shug‘ullanadigan ikkinchi kompaniyaga investitsiya qilganmiz.
Nima uchun investitsiya qilayotganimizda shu sohalarni tanlaganmiz?
Chunki reklama bu – kontrsiklik (qarama-qarshi) sanoat. Qarama-qarshi degani tashkilotlari yaxshi ishlayotganda bozorni egallash uchun hamma reklamaga pul ajratadi. O‘zining bozor ulushini egallash uchun pul ayamaydi. Lekin bozor qisqarayotgan paytda ham o‘z bozorini saqlab qolish uchun yana pul tikadi. Chunki savdosini baribir yurgizish kerak. Odamlar «ishim yursin, mijozlarga yetib boray, mahsulotim to‘g‘risidagi ma'lumotni yetkazay» deb reklamaga yo‘l topib, investitsiya qiladi. Shunga men o‘ylaymanki, imkoniyat bo‘lsa, reklama kompaniyalar bilan ishlash kerak. Chunki hammamiz tushunyapmiz, Xudo xohlasa, bu [pandemiya] tugaganidan keyin bozorlar ochilib, baribir ishlaydi. U paytda hamma reklama bozoriga tiqilganida yana narxlar oshib ketadi. Hamma xohlagan paytda yana joy topib bo‘lmaydi. Lekin hozir bozor ochiq paytida chegirmalar juda katta. Imkoniyatga qarab, lekin to‘lovlarni cheklab, hech kim hozir to‘lagin deb aytmaydi, oyma-oymi, bo‘lib-bo‘libmi muddatidan oldin reklamalarni olsa, ertaga iqtisodiyot yurganida bu juda foydali bo‘ladi.
Undan tashqari, reklama kompaniyalari bilan faqat pul asosidamas, kimlarningdir bilbordlari bo‘shab qolgan. Toshkentda bilbordlar uchun soliq to‘lash kerak. Aytsa bo‘ladi: «men sening soliqlaringni to‘lay, bannerni ham o‘zim chiqaraman, osib qo‘yginda, shu banner tursin» deb bu jarayonda ham o‘z joyini egallab, bir yillikmi, yarim yillikmi shartnomalar tuzib, yaxshi joylarni egallab olish mumkin deb o‘ylayman.
Ba'zilar aytishi mumkin: oylik to‘lashga pulim yo‘q, qanday qilib reklamaga to‘layman?
Imkoniyatga qarab, yo‘lini topishiga qarab ish tutish kerak deb o‘ylayman. Shu sohada reklamaga aynan hozir esdan chiqarmay harakat qilishi joiz bo‘lsa kerak. Chunki hozir hamma kunlik masalalar bilan band. Lekin kunlik masaladan chiqib, strategik masalaga qaralsa, katta imkoniyatlar ochilgan.
To‘liq suhbatni MFactor’ning You Tube’dagi kanalida tomosha qilish mumkin.