Maqoladan so‘ng: Namanganda asalarichilarga transportda harakatlanishga ruxsat berildi

Jamiyat 21:51 / 20.04.2020 4975

Kecha 19 aprel kuni Kun.uz`da Namangan shahrida yashovchi asalarichilarning muammolari yoritilgan «Sheriklarim piyoda ketishgandi, endi bu yo‘l ham yo‘q» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Unda Namangan shahridan tahririyatga aloqaga chiqqan bir guruh murojaatchilar ularga ruxsatnoma berilmayotgani sababli, asalarilarni boqish uchun shaxsiy avtomobillarida tumanlarga, tumandan shaharga, umuman asalari boqiladigan joylarga borib-kelish masalasi muammoga aylanganini bildirishgan.

Bugun murojaatchi Zayniddin Xolmirzayev Kun.uz muxbiri bilan aloqaga chiqib, mavjud muammolar hal etilganini bildirdi.

Xolmirzayevning aytishicha, unga Namangan viloyati IIB YHXB binosida tashkil etilgan shtab ishchi guruhi ko‘magida karantin postlaridan hech qanday to‘siqlarsiz harakatlanishiga ruxsat berilgan.

«Bugunning o‘zida shaxsiy avtomobilimda Uchqo‘rg‘on tumaniga borib, o‘sha yerdagi asalari boqayotgan sheriklarimdan xabar olib keldim. Yo‘ldagi postlarda hech qanday muammo bo‘lmadi. Viloyat IIB YHXBda tashkil etilgan shtab ishchi guruhiga, Kun.uz saytiga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman», deydi Zayniddin Xolmirzayev.

Ma'lum bo‘lishicha, ishchi guruh tomonidan viloyatdagi asalari boquvchilarga o‘z shaxsiy transportida viloyat hududida taqiqsiz harakatlanishiga ruxsat berilgan.

Ko‘proq yangiliklar: