Bunday sharoitda nodavlat notijorat tashkilotlari ham aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan xayriya tadbirlarini amalga oshirmoqda, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi.
Jumladan, "Sog‘lom avlod uchun" xayriya jamg‘armasi Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markaziga 129 million so‘mlik 5 turdagi dori-darmonlarni, "Nuroniy" jamg‘armasi homiylar ko‘magida 3 tonna guruch va un mahsulotlari, 2 tonna kartoshka va piyoz yetkazib berdi.
Bundan tashqari, “Mahalla” jamoatchilik xayriya jamg‘armasi viloyatlarda tashkil etilgan homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga 2 milliard 500 million so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etdi.
Xalqaro Shodiyev jamg‘armasi vakolatxonasi 3000 dan ortiq oilalargv mo‘ljallangan insonparvarlik yordami paketlarini yetkazib berdi. Ayni paytda jamg‘arma tibbiy jihozlar sotib olish va respublika tibbiy muassasalariga yetkazib berishni rejalashtirmoqda.
Shu bilan birga, YuSAIDning "Tinchlik uchun oziq-ovqat" dasturi doirasida "Sog‘lom avlod uchun" jamg‘armasi va "Resource and Policy Exchange" (AQSh) nodavlat tashkiloti o‘rtasidagi kelishuvga muvofiq, O‘zbekistonga umumiy qiymati 400 ming dollarlik gumanitar yordam ko‘rsatildi.
Gumanitar yordam to‘plamlarida vitaminlar va minerallar bilan boyitilgan quritilgan sabzavot va dukkaklilar aralashmasi mavjud.
To‘plamlar respublikadagi 140 dan ortiq ixtisoslashgan, shu jumladan silga qarshi kurash dispanserlari, asab kasalliklari dispanserlari, jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun maktab-internatlar, "Muruvvat" va "Saxovat" internat-uylari va Xalq ta'limi hvmda Sog‘liqni saqlash vazirliklari tizimidagi boshqa shu kabi muassasalarga tarqatiladi.
"Sog‘lom avlod uchun" jamg‘armasi ushbu ixtisoslashtirilgan muassasalardagi 35443 nafar kishiga insonparvarlik yordamining manzilli yetkazib berilishi va maqsadli ishlatilishini nazorat qiladi.
Hukumat nodavlat tashkilotlari va aholiga ko‘mak berishdagi boshqa xayriya tadbirlarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlaydi.