– Nargiza, qancha vaqtdan beri bu davlatdasiz va qaysi sohada faoliyat yuritasiz?
– Turkiyaga 2017 yilda kelganman. Bu yerdagi aksariyat o‘zbekistonlik xotin-qizlar kabi uy ishida, bir xonadonning ichida ishlayman. Aniqrog‘i, bir qizaloqqa enagalik qilaman va unga rus tilini o‘rgataman.
– Ortda qolgani rost bo‘lsin. Kasallikka qanday chalinib qoldingiz va u sizda og‘ir kechmadimi?
– Aytganingiz kelsin. Ishlaydigan xonadonimga men enagalik qilayotgan qizchaning bobosi va buvisi mehmon bo‘lib kelishdi. Ular boshqa shaharda yashaganlari sababli har doim samolyot bilan kelib ketishadi. Xullas, ular kelganlaridan bir hafta o‘tib isitma qilishni boshlashdi. Oradan ikki kun o‘tib qizaloqning dadasi, yana uch kundan keyin menda isitma boshlandi. Ularda faqatgina isitma va holsizlik bor edi, u ham bo‘lsa atigi uch kun davom etdi. Menda esa isitmadan keyin yo‘tal boshlandi va undan qutulishga qanchalik harakat qilsam ham to‘xtamadi. Aksincha, kun sayin ahvolim og‘irlashdi. Ko‘ngil aynishi va ishtahasizlik qo‘shildi. Gapirishga ham qiynalib qolganimda va yo‘talni shifokor aralashuvisiz yenga olmasligimni anglab kasalxonaga bordim. U yerda menga koronavirus tashxisi qo‘yildi.
Kasalxonadan kerakli dori-darmonlarni berib, meni uyga jo‘natishdi va nafas olish bilan bog‘liq muammo paydo bo‘lganda darhol qaytib kelishni hamda 14 kun mobaynida karantin qoidalariga qattiq rioya qilishimni uqtirishdi. Shifokorimning har bir aytgan gapiga rioya qildim va Xudoga shukr, tuzaldim. Hozir ham uyning ichida niqob va qo‘lqop bilan yuraman va himoya vositalarini kuniga bir necha bor almashtiraman. Men bilan birga yashaydigan dugonam bilan gaplashganda ham kamida bir metr masofa saqlayman. U mening, men uning xonasiga kirmaymiz. Darvoqe, qizchamizning bobosi va buvisida ham koronavirus aniqlandi va ular ham uyda davolanib, tuzalishdi. Xudoga ming marta shukr, mening quvonchim – Defne qizaloq bu kasallikka chalinmadi.
– OAV sohasida ishlagansiz, O‘zbekistonni albatta muntazam kuzatib borasiz. Turkiya bilan O‘zbekistonning koronavirusga qarshi kurash uslublarida qanday tafovut va o‘xshash jihatlar bor?
– O‘zbekistonda karantin Turkiyaga nisbatan erta boshlandi va bu samarali chora, deb o‘ylayman. Har bir kasal albatta shifoxonaga yotqizilishi va butun nazoratni davlat o‘zi olib borayotgani juda yaxshi bo‘ldi. Avtomobillarning yurmasligi, odamlarning tashqariga chiqmasligi koronavirus kasalligining tarqalishiga qarshi eng kuchli qurol.
Turkiyada ikki haftadan buyon shanba va yakshanba kunlari komendantlik soati joriy qilinyapti. Sababi, bu yerda har kuni to‘rt mingdan ortiq kishi koronavirusga chalinyapti. Bu komendantlik soati yordamida davlat fuqarolarni kasallikka chalinishdan himoya qilishga urinyapti.
– Internetda Turkiyada komendantlik soati joriy qilingani ortidan to‘polonlar, tartibsizliklar, ommaviy mushtlashuvlar sodir bo‘lgani lavhalari tarqalgandi. Siz yashayotgan hududda bunday hollar kuzatilmadimi?
– Shukr, men yashaydigan hududda janjal va to‘polonlar kuzatilmadi. Ammo kecha soat 23:00ga yaqinlashishiga qaramay juda ko‘p kishi ikki kunlik ehtiyojlarini sotib olish uchun ko‘chaga chiqqan edi. Bilishimcha, o‘sha kuni Istanbulning kamida 300 ming aholisi tashqariga chiqqan.
– Kasallik ish beruvchingiz bilan munosabatingizga putur yetkazmadimi, ishingizni yo‘qotmadingizmi?
- Bu oilaga ishga kirganimga ikki yildan oshdi. Ular menga ham ma'naviy, ham moddiy taraflama ko‘mak berishdi, baraka topishsin. Ishimga ta'siri bo‘lmadi. Bu oilaning a'zosiday bo‘lib ketganman. Qizginamni bir kun ko‘rmasam sog‘inib qolaman.
– Musofirlikdagi bu sinov tufayli tushkunlikka tushgandirsiz?
– Bu kasallikdan keyin hayotim ikkiga bo‘lindi. Koronavirusdan oldin va keyin. Hozir sihat-salomatlikda o‘tkazgan har bir kunimning qadriga yetishni va buning uchun Allohimga shukr qilishni o‘rgandim. Musofirlikda hech kim dardga chalinmasin ekan. Men kasal bo‘lgan bo‘lsam-da, koronavirus ota-onamga juda kuchli ruhiy ta'sir qildi. Ular mendan uzoqda bo‘lganliklari va biror yordam qo‘llaridan berish kelmaganligidan tushkunlikka tushishdi.
Otamning men bilan videochaqiruv orqali gaplashib turib, qo‘llari bilan ko‘zyoshlarini artganini va menga qarab kulib, tuzalib ketishimni duo qilgani, onam bilan ikkovlari bir-biriga qarab hayajon bilan "Qarang, o‘tirib olibdi! Iye, bugun bemalol gaplashyapti, ko‘p yo‘talmayapti" deganlarini hech qachon unutmasam kerak. Bilasizmi, hozir yagona istagim ularning yonida bo‘lish va men bilan aloqador barcha xavotirlarini osmonga uchirish. Boshqa hech narsaning keragi yo‘q.
Xudo xohlasa, yo‘llar ochilib hammasi iziga tushsa, birinchi qiladigan ishim Samarqandimga qaytish bo‘ladi.
Abror Zohidov suhbatlashdi.