Kun.uz saytida xorazmlik quruvchi Doniyor Sattorovning Uchtepa tumanidagi 17-sonli maktabgacha ta'lim muassasasini ta'mirlashda ketgan sarf-xarajatlari to‘lab berilmayotgani haqida tanqidiy maqola e'lon qilingan edi.
Maqolada Uchtepa tumani prokurori J.Azimov tadbirkorga qurilish xarajatlarini naqd pulda berishni va'da qilib, va'dasini bajarmagani va buning natijasida quruvchi 121 mln so‘m zarar ko‘rgani haqida vajlar keltirilgani bois ushbu holat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi nazorati ostida Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqildi.
Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayotbek Shamsutdinov mazkur o‘rganish natijalari haqida Kun.uz’ga ma'lumot taqdim etdi.
Aniqlanishicha, Uchtepa tuman maktabgacha ta'lim bo‘limi va «Castle Mirakl» mas'uliyati cheklangan jamiyati o‘rtasida 17-sonli maktabgacha ta'lim muassasasini homiylik mablag‘lari hisobidan qurilish-ta'mirlash ishlarini amalga oshirish uchun shartnoma imzolangan.
Ta'lim muassasasida ta'mirlash ishlarining bir qismi, ya'ni vitraj, oyna va eshiklarni o‘rnatish hamda boshqa qurilish-ta'mirlash ishlarini olib borish uchun jamiyat rahbari S.Pak va fuqaro D.Sattarov o‘rtasida og‘zaki kelishuv tuzilgan.
Maqolada qayd etilgan tuman prokurori J.Azimov bilan bog‘liq holatlar o‘rganilganda, maktabgacha ta'lim muassasasidagi ta'mirlash ishlari homiylik mablag‘lari hisobidan olib borilayotgani, ta'mirlash ishlari qisqa muddatda sifatli topshirilishi tuman prokuraturasi tomonidan nazoratga olingani, nazorat tadbirlari davomida tuman prokuraturasi aralashuvi bilan D.Sattarovga 19,5 mln so‘m miqdoridagi ish haqi undirib berilgani, tuman prokurori tomonidan fuqaro D.Sattarovga ta'mirlash ishlarini davom ettirishini, to‘lanmasdan qolgan qarzdorlikni pudratchi tashkilot hisobidan qonuniy asoslarda undirib berishda amaliy yordam ko‘rsatishini bildirib o‘tganligi aniqlangan.
Bundan tashqari, obekt uchun Uchtepa tumani moliya bo‘limi tomonidan 800 mln so‘m budjet mablag‘lari ajratilganligi haqidagi vajlar o‘z tasdig‘ini topmagan (tumani MTB hisobchisi F.Rasulov tahririyatga bergan intervyusida 17-bog‘chaning qurilishi uchun 2019 yilda 800 mln so‘m ajratilganini aytgan - tahr).
O‘rganishda, fuqaro D.Sattarov va u yollagan ishchilar tomonidan qurilish obektida jami 126,3 mln so‘m miqdorida qurilish-ta'mirlash ishlari bajarilganligi, hozirgi kun holatiga 80 mln so‘m miqdoridagi bajarilgan ishlar uchun to‘lovlar amalga oshirilmagani aniqlanib, ushbu qarzdorlik 2020 yil 16 aprel kuni «Castle Mirakl» MChJ tomonidan to‘liq to‘lab berilgan.
«Fuqaro D.Sattarov buyurtmachi va pudratchi tashkilot rahbarlariga hech qanday da'vosi hamda hokimiyat va prokuratura idoralariga e'tirozi yo‘qligini bildirgan», deyiladi Bosh prokuratura munosabatida.