Eng avvalo, pirotexnikani endi faqat voyaga yetganlarga, ya'ni 18 yoshga to‘lgan shaxslarga sotish mumkin. Ilgari yoshga doir cheklov 16 yoshni tashkil etgan, deb yozmoqda Norma.
Pirotexnika buyumlaridan tungi vaqtda (soat 23:00 dan 06:00 gacha), ta'lim, tibbiyot muassasalari va madaniy meros obektlari, portlash va yong‘inga xavfli obektlar hududida, temir yo‘llar, neft va gaz quvurlarining hamda yuqori voltli elektr uzatuvchi liniyalarning ajratilgan hududida, milliy bog‘lar, o‘rmon va ovchilik xo‘jaliklari, boshqa muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda, shuningdek, mitinglar, ko‘cha yurishlari va namoyishlar davomida foydalanish taqiqlandi.
Texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlaridan (xavflilikning III-V klasslari) foydalanish sohasida faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxslar uchun qo‘shimcha litsenziya talabi - foydalanishga mo‘ljallangan joyni, vaqtni va shart-sharoitlarni oldindan kelishish zarur.
Maishiy maqsaddagi (xavflilikning I-II klasslari) pirotexnika buyumlariga bu talab daxl qilmaydi. Prezident yoki Vazirlar Mahkamasining qarorlariga muvofiq ommaviy tadbirlarni o‘tkazish jarayonida oldindan kelishish talab etilmaydi. Maishiy, texnik va maxsus maqsaddagi pirotexnika buyumlaridan (xavflilikning I-V klasslari) ommaviy tadbirlarda foydalanish amaldagi qoidalar asosida berilgan ruxsatnoma bo‘yicha dastur doirasida amalga oshiriladi.
Oldindan kelishishni olish uchun pirotexnikadan foydalanish sanasidan 20 ish kuni oldin tuman (shahar) ichki ishlar bo‘linmasiga 2 nusxada belgilangan shaklda ariza taqdim etadi, unga quyidagilar ilova qilinadi:
yuridik shaxsning pirotexnika buyumidan foydalanishga jalb etilgan xodimlari Toshkent davlat texnika universitetining malaka oshirish kurslarida "Pirotexnika buyumlarini xavfsiz qo‘llash" yo‘nalishi bo‘yicha maxsus tayyorgarlikdan o‘tganligi to‘g‘risidagi guvohnoma nusxalari;
otish maydonchasi joylashgan joy va xavfli hudud doirasi ko‘rsatilgan holda obektga tutash hududning xaritasi, shuningdek, fuqarolar va yong‘in xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha asosiy tadbirlar ro‘yxati ilova qilingan pirotexnika buyumlaridan foydalanish dasturi.
Hujjatlarni bevosita, pochta orqali yoki elektron shaklda (ERI bilan tasdiqlagan holda), ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etish mumkin. Arizani ko‘rib chiqish uchun yig‘im undirilmaydi.
Qaror olingan kundan boshlab 15 ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi. Shu vaqt mobaynida tuman (shahar) favqulodda vaziyatlar bo‘limi tekshiruv va baholash tadbirlarini amalga oshiradi va o‘z xulosasini beradi, vakolatli organlar arizachida pirotexnika buyumlaridan foydalanish uchun mavjud shart-sharoitlarni hamda xavfsizlikni ta'minlash yuzasidan ko‘rilgan choralarni joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqish va baholashni amalga oshiradi. Shundan keyin hujjatlar IIVning markaziy apparati orqali Vazirlar Mahkamasiga yuboriladi, u yerda yakuniy qaror qabul qilinadi va “quyiga tushiriladi”.
Oldindan kelishishni quyidagi sabablarga ko‘ra rad etishlari mumkin:
hujjatlar to‘liq hajmda taqdim etilmaganligi yoxud taqdim etilgan hujjatlarda noto‘g‘ri yoki buzib ko‘rsatilgan ma'lumotlar mavjudligi;
o‘tkazilgan o‘rganishlarning yakunlari bo‘yicha asoslantirilgan salbiy xulosa olinganligi.
Oldindan kelishish to‘g‘risidagi ma'lumotlar uni berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan kunda kiritiladi. Barcha qaydlarga sana qo‘yiladi hamda ular TIIB (ShIIB) mas'ul shaxsining imzosi va muhri bilan tasdiqlanadi. Reyestr qog‘ozda va elektron manbalarda yuritiladi, yozuvlar o‘rtasida nomuvofiqlik mavjud bo‘lgan taqdirda qog‘oz manbalardagi yozuvlar ustuvor ahamiyatga ega bo‘ladi.