Bosh prokuratura fuqarolarga murojaat yo‘lladi

Jamiyat 16:44 / 16.04.2020 19821

Aziz vatandoshlar! Butun insoniyat XXI asrda misli ko‘rilmagan katta va og‘ir sinovga duch keldi. Koronavirus infeksiyasi aksariyat mamlakatlar hayotini karaxt ahvolga soldi. Bor kuch va imkoniyatlar hali - hamon infeksiya tarqalishini to‘xtatishga, uning shiddatini oz bo‘lsa-da, pasaytirishga jalb etilmoqda. Mazkur ofatning iqtisodiy, ijtimoiy oqibatlarini, ularning ko‘lamini va infeksiya yuzaga keltirgan inqirozdan chiqish uchun qancha vaqt va resurs talab etilishini  esa, hozir hech  kim aniq ayta olmaydi.

Ana shunday murakkab va tahlikali sharoitda har tomonlama oqilona ish tutayotgan, o‘z xalqi bilan hamjihatlikda zarur choralarni ko‘rayotgan davlatlargina pandemiyaning ta'sirini yumshatishga, jamiyatda barqarorlik, tinchlik va osoyishtalikni saqlashga, fuqarolarning xavf - xatarlar bilan yakkama - yakka qolmasligiga musharraf   bo‘lmoqda. Bunday davlatlar qatorida O‘zbekistonning ham borligi og‘ir kunlarda barchamizga taskin bermoqda va halovatli kunlarning   yaqinligiga   qat'iy   ishonch   uyg‘otmoqda. Davlatimiz rahbarining tegishli Farmon va qarorlari hamda bevosita ko‘rsatmalari asosida amalga oshirilayotgan qat'iy chora - tadbirlar, ular ijrosining oliy darajadagi muntazam muhokamasi pandemiya xurujiga qo‘yilgan to‘siq sifatida uning mudhish oqibatlarining   oldini   olmoqda. O‘z navbatida, kasallikka chalingan har bir fuqaro shaxsan muhtaram Prezidentimizning nazorati va g‘amxo‘rligida davolanmoqda. Bugun aksariyat mamlakatlarda bemorlar duch kelayotgan moddiy va ijtimoiy muammolar O‘zbekistonda davolanayotganlar uchun dolzarblik kasb etayotgani  yo‘q.

Eng asosiysi, aksariyat fuqarolarimiz amalga oshirilayotgan tadbirlar, xususan karantin choralarini to‘g‘ri tushunish va xayrixohlik bilan qabul qilmoqda, mas'ullarning   qonuniy   talablariga   rioya   etmoqda. Biroq, hozirgi sharoitdagi sustkashlik, loqaydlik, beparvolik, ortiqcha xotirjamlikka berilish, tashabbuskorlik va fidoyilikni unutish el - yurtga xiyonat bilan barobardir. Ayniqsa, davlat organlari va ularning mas'ullari koronavirus infeksiyasining mamlakatimizda keng tarqalishining oldini olish, uning davlat va jamiyat hayotiga, har bir fuqaroning kundalik turmush tarziga salbiy ta'sirini kamaytirish borasidagi o‘ziga xos kurashning oldingi   saflarida   bo‘lishi   taqozo   etilmoqda.

Binobarin, Bosh prokuratura tegishli vakolat hamda majburiyatlar doirasida global inqiroz va pandemiya sharoitida prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi shart bo‘lgan qo‘shimcha vazifalarni belgilab oldi. Jumladan, bugungi murakkab vaziyatda prokuratura organlari tomonidan quyidagi vazifalar ijrosiga ustuvor   ahamiyat   qaratiladi:

birinchidan, karantin munosabati bilan joriy etilgan cheklovlarda og‘ir vaziyatga tushib qolgan oilalar, shuningdek vaqtinchalik daromad manbaini yo‘qotgan fuqarolarimizni ijtimoiy qo‘llab - quvvatlash choralarini alohida  nazoratga  olamiz. Prokuror sektorlarida ana shunday vaziyatdagi 5 mingta oilaga karantin davrida bevosita prokuratura organlari tomonidan belgilangan miqdorlarda moddiy yordam ko‘rsatiladi;

ikkinchidan, ish haqi, pensiya va nafaqa to‘lovlarining to‘liqligi va uzluksizligi ustidan qat'iy nazorat olib boriladi. Bu jarayonda ijtimoiy adolat va qonuniylikni ta'minlashning  barcha  zarur  choralari  ko‘riladi;

uchinchidan, karantin davrida aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va tibbiy buyumlar bilan uzluksiz ta'minlash, narx - navoni barqaror   saqlash  choralari ko‘riladi.“Daladan dasturxonga” tamoyili asosida qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilardan bevosita iste'molchilarga, asosiysi, mahallalarda ko‘chma savdoni tashkil etish orqali fuqarolarimizga eng yaqin va   qulay   hududlarga   yetkazib  beriladi; 

to‘rtinchidan, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga ta'sirini yumshatish borasidagi chora-tadbirlar doirasida:

– tadbirkorlarni qo‘llab - quvvatlash, karantin cheklov-lari, sanitariya va gigiyena talablariga rioya etgan holda ularning faoliyati to‘xtab qolishiga yo‘l qo‘ymaslikning barcha   zarur  choralari  ko‘riladi;

– tadbirkorlarga soliq to‘lovlari, bank kreditlari hamda kommunal to‘lovlar bo‘yicha berilgan imtiyozlarning to‘liq   qo‘llanilishi  ustidan  nazorat   olib   boriladi;

– eksportyorlarni qo‘llab - quvvatlash, eksport prognozi bajarilishini ta'minlash bo‘yicha tizimli ishlar amalga  oshiriladi.

Bunda 3.379 nafar eksportyorning har biriga xodimlarimiz biriktirilib, yuzaga kelayotgan muammolar birgalikda hal etiladi va ularga zarur amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Mazkur amaliyot 30 dan ortiq ish o‘rniga ega, yirik oziq - ovqat ishlab chiqaruvchilari bilan ham yo‘lga qo‘yiladi;

– yuk tashishda turli to‘siq va muammolar vujudga kelishining oldini olish yuzasidan zarur choralar ko‘rib boriladi. Mavjud 516 ta karantin postlariga biriktirilgan xodimlarimiz bu borada alohida ish olib boradi; 

– davlat hamda hududiy investitsiya dasturlari ijrosi   ustidan   nazorat  yanada  kuchaytiriladi;

– budjet tushumi ijrosini ta'minlash va yangi tushum   manbalarini   aniqlashga  faol ko‘maklashiladi;

beshinchidan, oziq - ovqat xavfsizligini ta'minlash choralari doirasida prokuror sektorlarida g‘alla parvarishi, chigit ekilishi, shuningdek aholi tomorqalarida ertaki ekinlar to‘liq ekilishini ta'minlash choralari  ko‘riladi; 

oltinchidan, karantin cheklovlari davrida huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish   ishlari  bir  zum  ham  to‘xtatilmaydi. Bunda fuqarolarning karantin qoidalariga so‘zsiz rioya etishlarini ta'minlash, shuningdek, koronavirus pandemiyasi haqida asossiz xabarlar tarqatish, aholi orasida sarosima va vahima keltirib chiqarishga urinishlarning oldini  olishga  alohida  e'tibor  qaratiladi;

yettinchidan, koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan fuqarolarni aniqlash va ularning salomatligini nazoratga olishda prokuratura tergovchilari sanitariya - epidemiologiya nazorati xizmatlariga  yaqindan  ko‘maklashib  boradi.

Aziz  vatandoshlar !

Ishonchimiz komilki, ko‘pni ko‘rgan, mashaqqatli davrlarda toblangan xalqimiz koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog‘liq hozirgi sinovdan ham yorug‘ yuz bilan  albatta   o‘tadi. Buning uchun, muhtaram Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, xalqimizdan hushyorlik va ogohlikni keskin kuchaytirish, karantin bilan bog‘liq joriy etilgan barcha tartib - qoidalarga so‘zsiz va qat'iy amal qilish talab etiladi. Sabr - qanoat, iroda, metindek mustahkam tartib -intizom   bizni  yorug‘  kunlarga  tezroq  yaqinlashtiradi. Prokuratura organlari, ularning har bir xodimi esa, zimmasidagi vazifalarni so‘zsiz bajarish baro-barida har qanday yordam va ko‘makka muhtoj fuqarolarga   yelkadosh   bo‘lishni  o‘zi  uchun  sharaf  deb  biladi, deyiladi Bosh prokuraturaning murojaatida.

Ko‘proq yangiliklar: