«Oylik yoki kunlik daromadsiz qolsangiz, yig‘ib qo‘ygan jamg‘armangiz bilan ro‘zg‘oringizni qancha vaqt bemalol ta'minlay olasiz?» degan savolga 450 mingdan ortiq kishi javob berdi.
So‘rov qatnashchilarining 35 foizi aytarli jamg‘armasi yo‘qligini, 24 foizi jamg‘armasi 10 kunga yetishini, 26 foizi jamg‘armasi bir oyga yetishini bildirgan.
Respondentlarning qolgan 15 foizi jamg‘armasini bir oy va undan uzoq muddatga yetadi deb hisoblaydi.
Albatta, so‘rovnoma natijalari reprezentativ ekanini to‘la ishonch bilan ta'kidlashdan yiroqmiz. Ammo ishtirokchilar soni 450 ming ekanidan kelib chiqsak, natijalar muayyan xulosalar uchun nisbiy asos bo‘la oladi.
So‘rov natijasini taxminiy ijtimoiy kesim sifatida qabul qiladigan bo‘lsak, unda yaqin kunlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatni avvaldan ko‘ra bilishimiz mumkin. Oilalarning tez kunlarda iqtisodiy inqirozga uchrashi ehtimoli haqida so‘z bormoqda, demakki masalaning naqadar jiddiy ekanini aytishga hojat yo‘q.
Hukumat tomonidan karantin sharoitida iqtisodiy qiyin ahvolda qolgan oilalarga manzilli yordam ko‘rsatish – oziq-ovqat mahsulotlarini ham davlat hisobidan, ham homiylik mablag‘lari evaziga yetkazib berish bo‘yicha choralar ko‘rilyapti, biroq karantin davrida moddiy zaxirasi oxirlab qoladigan oilalar soni kun sayin yumaloqlanayotgan qordek ko‘pchib boradi. Buni tan olmog‘imiz lozim.
Tan olish ortidan esa vaziyat taqozo qilib turgan choralarni zudlik bilan ko‘rish kerak bo‘ladi.
Birinchi navbatda ko‘rilishi lozim bo‘lgan chora, ko‘plab davlatlar tajribasida qo‘llanayotgan amaliyot – aholiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri pul tarqatish. Kam ta'minlangan deb hisoblanmaydigan, ammo doimiy kunlik daromadisiz qolgan oilalar busiz juda qiyin ahvolda qolishini taxmin qilish mumkin.
Qolaversa, faoliyati to‘xtagan korxonalarning homiylik yordamini ko‘rsatish imkoniyati ham vaqt o‘tishi bilan tobora kamayib boraveradi.
Bir martalik yordam puli miqdori 1 mln so‘m yoki hatto undan ortiq, minimal qiymatda esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori (634 880 so‘m)ga teng bo‘lishi mumkin. Albatta, jarayonni tashkil etish muayyan qiyinchiliklarni tug‘diradi, adolatli va shaffof mexanizmni yaratishni talab qiladi.
Keyingi o‘rindagi choralardan – COVID-19 kasalligi qayd etilmagan tumanlarda karantin qoidalarini yengillashtirish, mazkur hududlarda iqtisodiy faoliyatni jonlantirish. Koronavirus qayd etilgan tumanlarning boshqa tumanlardan vaqtincha izolyatsiya qilinishiga jiddiy ahamiyat qaratish kerak.
Tomorqachilikni rivojlantirish uchun kuni kecha hukumat 20 ming tomorqa egasiga subsidiya (beg‘araz yordam) ajratishga qaror qildi. Ammo buning tartibi – odamlar bu yordamni zudlik bilan olishlarini ta'minlash uchun kerak bo‘lgan choralar tegishli vazirlik tomonidan zudlik bilan ishlab chiqilishi lozim, ya'ni qaror qog‘ozda qolib ketmasligi kerak. Shu bilan birga, 20 ming raqami holat talabiga javob beradimi, degan savol ko‘ndalang turibdi.
Karantinning davomiyligini shu tobda bashorat qilib bo‘lmaydi, zero bu bemorlar soniga, kasallik tarqalishi dinamikasiga bog‘liq. Ammo yuzaga kelgan bu holatdan muvaffaqiyatli chiqib olish ko‘p jihatdan salbiy ssenariylarga tayyor turishga bog‘liq. Bu o‘rinda tibbiyot buyumlari va uskunalari xarid qilinayotgani, maxsus shifoxonalar qurilayotgani ijobiy qadam. Bemorlar oshib borayotgan ayni kunlarda esa ushbu yaratilayotgan infratuzilmaning qanchalik yetarli ekani masalasini yana bir marta qayta ko‘rib chiqish va o‘tkazilayotgan testlar sonini oshirish ham maqsadga muvofiq.
Shokir Sharipov