Viloyat rahbari hududdagi korxona egalariga ish joylarini gigiyena talablariga mos ravishda jihozlab, qo‘rqmasdan faoliyatini davom ettirish kerakligi haqida gapirgan.
«Tadbirkorlardan iltimos qilaman. Bizda trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarayotgan 50-60talik sexlaringiz (ish o‘rinlari nazarda tutilmoqda) bor. Sizlar qo‘rqmang. Biz joylardagi rahbarlarga topshiriq berdik. Tsexingizda ish faoliyatini yurgazing. Ish joyingizga SEOM va sog‘liqni saqlash tizimidan xodimlar ajratib beramiz. Ular korxona eshigi tagida turib, kirayotgan har bir xodimning isitmasini o‘lchaydi, qolaversa gigiyena talablariga amal qilgan holda ish joyiga kirishi va chiqishini nazorat qilishadi», deydi u.
Viloyat hokimi tadbirkorlarning faoliyatiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni bartaraf etishga, xususan, kredit olish, soliq, kredit to‘lovlari muddatini uzaytirish yuzasidan ularga ko‘mak berishga tayyor ekanligini aytib o‘tdi.
«Tushuninglar axir, hammamiz yotib oladigan bo‘lsak... qachongacha yotamiz? Qanday qilib qorin to‘ydiramiz? Iqtisodiyotimizni nima qilamiz?
Bu degani hammayoq bo‘ldi degani emas (barcha korxonalar ham ishlashiga ruxsat berilmaydi). Lekin, yana bir marta aytaman, shunday korxonalarimiz, tadbirkorlarimiz bor, 30-50 nafar ishchi ishlatayotgan, minglab odamlarni ishlatayotgan tadbirkorlarimiz bor edi.
Endi karantin ekan, deb yopib, yotavermasdan, nima masalangiz bo‘lsa, kredit kerak bo‘lsa yoki olingan kreditlarni qaytarish muddatini cho‘zish kerak bo‘lsa, soliqlardan imtiyozlar berish, buning uchun davlat va biz tomondan qanday yordam kerak bo‘lsa ayting. Muhtaram prezidentimiz tadbirkorlarni karantin paytida qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 2ta farmonini chiqardi.
Men viloyat rahbari sifatida aytyapman, marhamat qilib, korxonangizda gigiyena talablariga amal qilgan holda faoliyatingizni boshlang. Biz xodim ajratib, nazorat qilib berishga tayyormiz. Hayot davom etishi kerak. Sababi, ko‘p fuqarolarimiz bizga murojaat qilyapti. Biz ishlayotgan edik, oylik olib kunimiz o‘tayotgandi va ish joyimiz yopilib qoldi deyishyapti.
Faqat yana bir marta aytyapman, gigiyena talablariga rioya qilgan holda marhamat qilib faoliyatingizni yurgizishingiz mumkin», degan viloyat rahbari.
U murojaatida umumta'lim maktabi, kollej o‘quvchilari, oliy o‘quv yurtlari talabalari, ayniqsa, yoshi ulug‘ insonlarni uyda qolishga, kitob o‘qishga, foydali ish bilan shug‘ullanishga, umuman, viloyat aholisini agar zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmaslikka, shaxsiy gigiyena qoidalariga qat'iy amal qilishga chaqirdi.
«Lekin, maktablar, bog‘chalar, institutlar, kollejlar ishlashi va 65 yoshdan o‘tgan fuqarolarimiz ko‘chaga chiqishi qat'iyan man etiladi. Iltimos qilaman, otajonlar va onajonlar. Hammangiz uyingizda o‘tirib, duo qilib, Xudodan tilab, bu balo tezroq O‘zbekistonimizni tark etishini so‘ranglar. O‘quvchi yoshlarimizdan iltimos qilaman. Chiqmanglar! Uyingizda o‘tirib, o‘sha onlayn darsingizni o‘ting, uyingizda o‘tirib, ota-onagizga tomorqasiga qarashing. Uyingizdan chiqmang!
Lekin korxona tashkilotda ishlayotgan fuqarolarmiz va tadbirkorlarga takror-takror aytaman. Iqtisodiyot davom etishi kerak. Yana 5-15 kun o‘tiramiz deb hech kim kafolat bermaydi. Sizni qo‘llab-quvvatlashga qanaqa yordam kerak bo‘lsa, biz tayyormiz. Faoliyatingizni ishga tushirib, o‘sha gigiyena talablariga javob beradigan tizim qilib berish uchun, men viloyat va shtab rahbari sifatida xodim ajratib berishga va kerakli yordamlarni berishga tayyorman.
So‘zimning oxirida, Xudodan tilaymiz, qadrli andijonliklar, hamyurtlar, otajonlar, onajonlar, opajonlar, singiljonlar, akalar va ukalar. Iltimos, kelinglar, gigiyena talablariga amal qilaylik, har xil yig‘in qilmaylik. Qulog‘imizga chalinyapti, zerikdik deb ko‘chaga chiqayotganlar va 4-5 kishi to‘planayotganlarni eshityapmiz. Qat'iy chora ko‘rishga majburmiz. Majburmiz.
O‘zingizning salomatligingiz uchun, oilangiz, farzandlaringiz uchun, yurtimizning tinchligi uchun amal qilishga hammangiz majbursiz», deydi viloyat hokimi o‘z murojaatida.