«Bokschimiz bir yarim kunda 6 kg vazn tashlashiga to‘g‘ri keldi». Saken Polatov Olimpiadaga tayyorgarlik va muvaffaqiyat siri haqida

Sport 15:23 / 08.04.2020 8556

Ayni paytda keng tarqalgan koronavirus sabab to‘rt yillikning eng muhim musobaqasi - Olimpiya o‘yinlari 2021 yilga qoldirildi. Bu o‘z navbatida O‘zbekiston boks federatsiyasi rejalariga ham o‘z ta'sirini ko‘rsatmay qolmadi. Shu sababli O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari Saken Polatov bilan bir qator masalalar yuzasidan suhbat uyushtirdi. Intervyuning asosiy qismi bilan tanishing.

- Saken Djyetibayevich, vaqt ajratib intervyu berishga rozi bo‘lganligingiz uchun rahmat aytamiz. Ancha savollar yig‘ilib qolgandi. Fursatdan foydalanib, Tokio Olimpiadasi uchun 7 ta litsenziya qo‘lga kiritilgani bilan muborakbod etamiz.

- Rahmat. Ha, Iordaniyada o‘tkazilgan lisenzion turnirdan 7 ta yo‘llanma bilan qaytdik. Bu natijalarning zamirida juda ko‘pchilikning mehnati yotibdi. Sportchilarimiz uddalashdi.

 Fursatdan foydalanib, O‘zbekistonda boksni rivojlantirish uchun sharoit yaratib berayotgan muhtaram Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Mamlakatimiz rahbarining sportga, xususan boksga bo‘lgan qiziqishi bizni yanada ruhlantiradi. Yodingizda bo‘lsa, 2019 yili Yekaterinburgda o‘tkazilgan jahon chempionatidan so‘ng yurtboshimiz bizni shaxsan o‘zlari qabul qilgandilar. Nasib qilsa, yaqin kelajakda O‘zbekistonda boksni rivojlantirishga oid farmoyish chiqadi. Bundan tashqari, musobaqalar, yig‘inlar o‘tkazish uchun sharoit yaratib berayotgan Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga, shunindek, homiylarimiz - O‘zbekiston temir yo‘llari AJ, “PEPSI”, “BUKA” va “Orient Finans Bank” kabi tashkilotlarga ham rahmat aytamiz.

 - Ayni paytda yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi tufayli barcha sport turlari, shu jumladan boks federatsiyasi rejalariga ham o‘zgartirish kiritilgan. Ushbu masala yuzasidan qanday ma'lumot bera olasiz?

- Darhaqiqat, ushbu xavfli koronavirus sababli rejalarimiz o‘zgarib ketdi. Yaxshi bilasiz, Ammanda o‘tkazilgan lisenzion turnirda Tokio Olimpiadasiga 7 ta yo‘llanma qo‘lga kiritgandik. Qolgan vaznlarda Parijda o‘tkaziladigan lisenzion musobaqa orqali Olimpiada chiptalariga ega chiqmoqchi edik. Bu borada Fransiya poytaxtidagi musobaqa uchun jiddiy reja ishlab chiqilgandi. Bundan tashqari Tokio Olimpiadasi yo‘llanmasini naqd qilib qo‘ygan charm qo‘lqop ustalarimizning tayyorgarlik rejasida ham o‘zgarish bo‘ldi.

- Yigitlarimiz 8 ta vazn toifasida 6 ta litsenziya qo‘lga kiritishdi. Bu O‘zbekistondek boks derjavasi uchun qoniqarlimi?

- To‘g‘ri, biz 8 ta vaznda litsenziyani Osiyo kvalifikatsion musobaqasidayoq qo‘lga kiritmoqchi edik. Musobaqa boshlangunga qadar -75 kg vazn toifasida Bektemir Meliqo‘ziyev bahslarga tayyorlandi. Lekin, ayrim sabablarga ko‘ra lisenzion musobaqada Bektemir Meliqo‘ziyev ishtirok eta olmaydigan bo‘lib qoldi. Uning o‘rniga Ammandagi yig‘inni yakunlab O‘zbekistonga qaytib ketayotgan Fanat Qahramonov yarim yo‘ldan, aniqrog‘i Istanbuldan yana Iordaniyaga majburan chaqirib olindi. Afsuski, oldimizda shunday vaziyat yuzaga keldi. Fanat qaytganidan so‘ng bir yarim kun ichida 6 kilogramm vazn haydashiga to‘g‘ri keldi. Sportchilar juda yaxshi bilishadi - bu oson ish emas. Shunday bo‘lsa-da, u musobaqada ikki raqibini mag‘lubiyatga uchratishga muvaffaq bo‘ldi. Yakunda baribir ushbu jarayonlar bokschimizga o‘z ta'sirini ko‘rsatdi, u jismoniy tomonlama tiklana olmadi. Aslida yaxshi bilasiz, Qahramonov ham iqtidorli bokschi.

Dilshod Ro‘zmetov haqida gapiradigan bo‘lsam, u juda ajoyib, iste'dodli sportchi. Yosh bo‘lishiga qaramay, 2019 yilgi jahon chempionatida finalgacha yetib borgandi. Dilshod Ammandagi musobaqada g‘alaba qozonishni judayam istagandi. Bu esa ruxiy tomonlama bokschimizga ta'sir qildi. Afsuski, u hakamlarning tushunarsiz qarori sabab yakunda yutqazib qo‘ydi. U o‘z ustida yana ishlaydi va ishonamizki jahon lisenzion turnirida Tokio Olimpiadasi chiptalariga ega chiqadi.

 - Demak, jahon lisenzion turnirida Dilshod Ro‘zmetovga imkoniyat beriladi. - 75 kg vazn toifasida musobaqada qaysi bokschi ishtirok etadi?

- Hozircha koronavirus sabab Parijdagi lisenzion turnirning qachon o‘tkazilishi aniq emas. Ushbu vazn toifasida qaysi bokschilar litsenziya uchun kurash olib borishini murabbiylar shtabi hal qiladi. Lekin, sizga ishonch bilan ayta olamanki, bu borada ishlangan aniq rejamiz bor.

- Tokio Olimpiadasining qoldirilishi bokschilarimizga qanday ta'sir ko‘rsatadi deb o‘ylaysiz?

- Ayni paytda barcha mamlakat bokschilari biz bilan bir xil sharoitda. Ba'zi qit'alarda esa hali litsenziya qo‘lga kiritgan bokschilar nomi ham aniq emas. Yaxshi bilasiz, Yevropadagi lisenzion musobaqa ayni o‘tkazilayotgan paytida to‘xtatildi. Endi oldimizda bir yildan ortiq vaqt bor. O‘ylaymanki, ushbu muddat barcha bokschilar tayyorgarligi uchun yetadi. Endi navbatdagi rejani vaziyatdan kelib chiqib, murabbiylar shtabi bilan birgalikda tuzamiz. Karantin yakunlanib, xalqaro musobaqalar boshlanganidan so‘ng bokschilarimiz musobaqalarda ishtirok etishadi. Mana shunday kuchli turnirlar, yig‘inlar orqali bokschilarimiz formasini ushlab turamiz. Umuman olganda, hozirda bokschilarimiz mashg‘ulotlarni tashlab qo‘yishgani yo‘q. Ular nazoratda va o‘z formalarini ushlab turishibdi.

- 2019 yili Yekaterinburg mezbonlik qilgan jahon chempionati o‘zbek boksi tarixida o‘ziga xos iz qoldirdi. Bungacha O‘zbekiston terma jamoasi JChda uchta oltin medal qo‘lga kirita olmagandi. Buning siri nimada deb o‘ylaysiz?

- To‘g‘ri aytasiz. Biz ushbu musobaqa orqali o‘zbek boksi tarixida yangi sahifa ochdik deb hisoblayman. Biz jahon birinchiligiga jiddiy tayyorgarlik ko‘rgandik. Yekaterinburgdagi jahon chempionati haqida gap ketganida ajoyib xotiralar esga tushadi. Buning siri? (o‘ylanib). Aytib o‘tganimdek, biz jahon chempionatiga jiddiy, har tomonlama tayyorgarlik ko‘rdik. Yigitlarimiz 40 kun oldin Rossiya hududida yig‘in boshlashdi. Bu mahalliy iqlimga moslashish, adaptatsiya uchun juda muhim hisoblanadi. Ular musobaqa boshlanishiga yaqin Yekaterinburg shahriga yetib borishdi. O‘z navbatida biz ham chempionat boshlanishi oldidan Oybek Kasimov va Sherzod Toshmatov bilan birga bokschilarimizni qo‘llab-quvvatlash uchun Yekaterinburgga bordik. Ularga ajoyib, motivatsion rolik qo‘yib berdik. O‘sha rolikda 8 nafar bokschimizning oila a'zolari ham ishtirok etishgan va farzandlariga o‘z tilaklarini bildirishgandi. Maxsus ijodiy guruh viloyatlarga borib, bokschilarimizning xonadonida bo‘lishdi, ularning ota-onalari, yaqinlaridan duo olishdi, bokschilarimizning ruhini ko‘taruvchi lavhalar ishlandi. Bundan bokschilarimizning xabari yo‘q edi. Qolaversa, biz O‘zbekistondan Samarqand nonlarini bokschilarimiz uchun olib bordik. Ishonasizmi, o‘sha rolikni ko‘rib bokschilarimiz ko‘zlariga yosh olishdi.

Tasavvur qilyapsizmi, 1 oydan ortiq vaqt davomida oila, vatan sog‘inchida chetda yurgan inson uchun bu qanday ta'sir qiladi? Ortlarida kimlar turganini yana bir karra his qilishdi. Ushbu holatni ko‘rib, hattoki o‘zimizning ko‘zimizga ham yosh keldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsam, bu yigitlar uchun psixologik tomonlama juda yaxshi ta'sir qildi. Aynan mana shunday jihatlar ham terma jamoaning musobaqalarga tayyorgarligi jarayonida muhim rol o‘ynaydi.

Samarqandlik Fanat Qahramonovning buvisi tomonidan yopilgan nonlarning olib borilgani yigitlarga o‘zgacha ta'sir qildi.

- Boksni rivojlantirishga oid farmoyish haqida gapirdingiz. Bu qanday bo‘ladi?

- Nasib qilsa, ushbu farmoyish O‘zbekistonda boksni yana bir necha pog‘ona ko‘tarish uchun xizmat qiladi. Bu orqali mamlakatimizda boks ommaviyligini yanada oshirishni maqsad qilib qo‘yganmiz. Qisqacha qilib aytsak, bu yaqin 10 yilda boksni yangi saviyaga olib chiqish uchun strategik reja bo‘ladi.

 - O‘zbekistonlik murabbiylar ham ayni paytda xorijiy terma jamoalarda faoliyat olib borishmoqda. Bu ham o‘zbek boksiga berilgan yuqori baho desak adashmagan bo‘lamiz.

- To‘g‘ri aytasiz. Yurtimiz bokschilari kabi murabbiylarimizga ham qiziqish xorijda kuchli. Hozirgi kunda bir qator o‘zbekistonlik mutaxassislar chet mamlakat terma jamoalarida faoliyat olib borishmoqda. Bunga misol sifatida Olim Muhammedov (Janubiy Koreya), Vladimir Shin (Yaponiya), Alisher Rahimov (Nepal), Sherzod Abdurahmonov (Kuvayt) va Hasan Muhammedov (BAA)ni keltirishim mumkin. Yuqorida sanab o‘tilgan mamlakatlar aynan o‘zbekistonlik mutaxassis orqali o‘zlarida boksni rivojlantirishni maqsad qilishgan. Shuningdek, ayni paytda boshqa murabbiylarimizga ham chetdan takliflar borligini aytishim mumkin.

 - Suhbat uchun tashakkur. Oldinda turgan mas'uliyatli musobaqalarda bokschilarimizga omad tilaymiz.

- Rahmat. Suhbatimiz so‘ngida barcha sportchilarimizga murojaat qilmoqchi edim. Ayni paytda yuzaga kelgan xavfli koronavirus pandemiyasi sabab mamlakatimizda karantin rejimi joriy qilingan. Sportchilarimiz ham qoidalarga amal qilib, o‘rnatilgan tartibda uyda mashg‘ulotlarni olib borishlarini tavsiya qilgan bo‘lardim. Belgilangan qoidalarga amal qilsak, ishonamanki ushbu virusdan qutulamiz va yurtimiz bayrog‘ini yanada yuqorilarga ko‘taramiz.

 O‘zbekiston boks federatsiyasi matbuot xizmati.

Ko‘proq yangiliklar: