Visa Foundation dunyo bo‘ylab kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun jami 200 million dollar miqdoridagi dastur yo‘lga qo‘yilgani haqida e'lon qildi. Mablag‘ning uchdan bir qismi ayol tadbirkorlarga yordam sifatida ajratiladi.
Dastur kichik va mikrobiznesni qo‘llab-quvvatlaydigan nodavlat-notijorat tashkilot uchun 200 million dollarlik yordamni o‘z ichiga oladi. Yordam mablag‘ining 60 million dollarga yaqini biznes egalari bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlovchi grantlardir. Shuningdek, Visa Foundation kichik va mikrobiznesga ko‘mak beruvchi investitsion hamkorlarga 140 million dollar ajratadi.
«Mahalliy biznes bilan ishlaydigan global kompaniya sifatida yordam zarur ekanini tushunyapmiz. Iqtisodiyotning uzoq muddatda qayta tiklanishiga yordam beramiz va iqtisodiy faollikni tezlashtirish yo‘llarini izlashda davom etamiz», deya tushuntirdi Visa bosh direktori El Kelli.
Visa xabarida kichik va mikrobiznes jahon iqtisodiyotining asosi ekani, dunyo bo‘ylab korxonalarning 90 foizdan ortig‘i va aholi bandligining 50-60 foizi aynan uning ulushiga to‘g‘ri kelishi ta'kidlangan.
Avvalroq faqat ayrim g‘arb mamlakatlari hukumatlarigina kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash haqidagi keng miqyosli chora-tadbiroar haqida ma'lum qilgan edi. AQShda koronavirus tufayli faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlarga hukumat 350 mlrd dollar ajratishga qaror qildi. Donald Tramp ajratilgan mablag‘ yetmasa, yana ko‘proq pul berilishini ma'lum qildi. Buyuk Britaniyada hukumat biznesga o‘z xodimlari maoshi uchun xarajatlarning 80 foizini, Daniyada esa 90 foizi qoplab beradi.