Samarqand shahrida tadbirkorning 6,4 milliard so‘m mablag‘ini qimor o‘yinlariga yutqazgan hisobchi aniqlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.
Qayd etilishicha, departamentning Samarqand shahri bo‘limi tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Tekshiruvda «Ph.l» MChJda hisobchi lavozimida ishlagan B.M. bank elektron kalitlaridan foydalanib, MChJning 6,4 milliard so‘m mablag‘ini soxta ma’lumotlarni rasmiylashtirish orqali o‘zining nomiga ochilgan plastik kartalarga o‘tkazib olishga erishib, ushbu mablag‘larni internet tarmoqlaridagi qimor o‘yinlarida yutqazib, talon-toroj qilgani aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Shofirkonda 16 yoshli o‘smir o‘ndan ortiq shaxslar nomiga onlayn kredit rasmiylashtirib olgani aniqlangan edi. PayNet shoxobchasida ishlagan bola fuqarolarga sim-karta berish jarayonida ularning fotosuratlarini identifikatsiyadan o‘tkazish uchun olgan. So‘ngra yashirin ravishda ularning telefon raqami va fotosuratlaridan foydalanib, “Anorbank” ilovasidan onlayn kredit rasmiylashtirgan.