25 noyabr kuni Yangihayot tumanining Yo‘ldosh mavzesida aholiga “Sputnik” nomi bilan tanish hududdagi 409 ta ikki qavatli yog‘och uylar buzilishi boshlangani xabar qilingandi.
Ammo tarmoqlarda jamoatchilikning mavzedagi daraxtzorlar yo‘q qilinishiga oid xavotirlaridan so‘ng poytaxt hokimiyati huzuridagi “Tashkent Invest” kompaniyasi dastur boshqa hududda amalga oshirilishini, yashillik saqlab qolinishi, uylarda yashovchilar esa boshqa hududga ko‘chirilishini ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, Yo‘ldosh mavzesi hududida aholi 1966 yilning yozidan yashay boshlagan. Shaharliklar uchun uy-joy masalasining vaqtinchalik yechimi sifatida to‘rt yuzdan ortiq ikki qavatli yog‘och uylar qurilgan.
“Hozirgi paytda bunday uy-joylar ma’nan eskirgan va xonadonlarning kichik maydoni (har bir kishiga 16 kv m dan kam) hamda oddiy maishiy sharoitlarning yo‘qligi sababli sifatli uy-joyga qo‘yiladigan zamonaviy talablarga javob bermaydi.
Aksariyat uylarning yog‘och qurilish konstruksiyalari va muhandislik tarmoqlari yuqori darajada jismoniy eskirgan, shuningdek, energiya tejamkor emas va yong‘in xavfi yuqori. Bunday uylarda yashash shaharliklar uchun noqulay va hatto xavflidir”, – deyiladi izohda.
Muammoning yechimi sifatida hududni renovatsiya qilish dasturi ishlab chiqilgani va u bir nechta bosqichlarni o‘z ichiga olishi qo‘shimcha qilindi.
Yo‘ldosh mavzesida nimalar qilinadi?
Mavze chinor, lipa, eman va boshqa turdagi daraxtlardan iborat yashil o‘simliklar bilan qalin qoplangani sababli renovatsiya boshqa joyda amalga oshiriladi. Mavjud daraxtlarni saqlab qolish va davolash, yangi daraxt, butalarni o‘tqazish orqali zamonaviy dendropark tashkil etiladi.
Rejaga ko‘ra, aholini ko‘chirish uchun 1,5 km uzoqlikdagi Gulshanobod mahallasi tanlab olingan. Tuman loyihasi va konsepsiyasi “Tashkent Invest” AJ quruvchi kompaniya bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda. Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha qurilish kompaniyasi bilan tuzilgan investitsiya shartnomasi asosida amalga oshiriladi, unda kvartiralarni davlat uy-joy fondiga berish shartlari aks ettirilgan.
Ammo kompaniyaning boshqa Telegram-kanalida e’lon qilingan xabarga ko‘ra, Gulshanobodda “Yangi mahalla” turar joy majmuasi quriladi. Loyiha “GC-Group Industries” MChJ tomonidan 24 gektar maydonda amalga oshiriladi. Buning uchun 2024-2027 yillar belgilab olingan.
“Majmua hududida 13 392 ta xonadonga mo‘ljallangan 93 ta 16 qavatli zamonaviy uy quriladi. Infratuzilmaga 1 600 o‘quvchiga mo‘ljallangan maktab, 600 o‘rinli bolalar bog‘chasi va sun’iy ko‘l kiradi. Uylarning birinchi qavatlari yashash uchun mo‘ljallanmagan bo‘lib, maishiy xizmat ko‘rsatish zonalari hamda yerusti va yerosti avtoturargohlar joylashtiriladi”, – deyiladi rasmiy e’londa.
Kompaniyaga ko‘ra, odamlar ko‘chirilganda ularga zamonaviy talablarga javob beradigan teng qiymatli kvartiralar, masalan, eski uydagi 1 xonali uy o‘rniga yangi uydagi 1 xonali uylar beriladi. Muhtoj aholiga yangi uyga ko‘chib o‘tishda yordam ko‘rsatiladi. Uy-joyini kengaytirish, qo‘shimcha haq evaziga qo‘shimcha xonalar sotib olishda imtiyozli huquqqa ega bo‘ladi.
Loyihaning rentabelligi haqida
Qayd etilishicha, loyihaning iqtisodiy samara va kutilayotgan natijalari quyidagilardan iborat:
• “Sputnik” hududi aholisining uy-joy sharoitlarini yaxshilash;
• Shahar ekologiyasiga so‘zsiz hissa qo‘shadigan yangi obekt – dendroparkni yaratish;
• Gulshanobod mahallasining rivojlanishi Yangihayot tumanining rivojlanishiga turtki bo‘ladi (bu yuzlab yangi ish o‘rinlari, yangi hududlarni kompleks o‘zlashtirish va boshqalar).
“Bunda mavjud huquqiy va me’yoriy mexanizmlardan foydalangan holda (jamoatchilik muhokamasi, mulkdorlar yig‘ilishi, bosh rejalarni amalga oshirish, kvartiralarni pardozlashga qo‘yiladigan talablarni ishlab chiqish va boshqalar) biz renovatsiya to‘g‘risidagi qonunning poydevorini va mexanizmini yaratmoqdamiz”, – deyiladi izohda.
Qolaversa, kompaniya shaharsozlik normalarini bajarish uchun 2025 yilning 1 choragida ochiq jamoatchilik muhokamasini o‘tkazish mumkinligini ham aytib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, “Sputnik”dagi yog‘och uylarning buzilishi 2021 yil mart oyida hukumatning tegishli qaror loyihasiga kiritilgandi. Keyinroq bu haqda davlat rahbarining o‘zi ham saylovchilar bilan uchrashuvda ta’kidlagandi.
Keyin ayni mavzu 2022 yilda ham ko‘tarildi. O‘shanda Tashkent city xalqaro ishbilarmonlik markazi obektlarini qurish va saqlash direksiyasi buyurtmasi asosida Kensel Yenileme Merkeze tashkiloti tomonidan Yangihayot tumani bosh rejasi loyiha konsepsiyasi ishlab chiqilgani aytilgandi.
Ma’lumot uchun, poytaxt hokimi Shavkat Umrzoqovga ko‘ra, shaharda 500 gektar hududdagi binolar renovatsiya qilinishi kerak. Bunday binolar qatoriga 2 qavatli eski uylar va Sergeli tumanidagi ayrim turar joylar ham kiritilgan.