O‘zbekistonning Qoratog‘dagi birinchi favqulodda va muxtor elchisi Oybek Shaxavdinov 25 noyabr kuni Qoratog‘ prezidenti Yakov Milatovichga ishonch yorliqlarini topshirdi.
Prezident qarorgohida bo‘lib o‘tgan tantanali marosimdan so‘ng o‘tkazilgan muloqot chog‘ida O‘zbekiston-Qoratog‘ munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, ularni yangi sifat bosqichiga olib chiqish bo‘yicha istiqboldagi vazifalar muhokama qilindi.
Yakov Milatovich O‘zbekiston xalqini ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lida erishilgan muvaffaqiyatlar bilan tabriklab, yurtimizga tinchlik, taraqqiyot va farovonlik tiladi. U sayyohlik va gumanitar almashinuvlar uchun qulay sharoitlar yaratish muhimligini ta’kidladi.
O‘zbekiston va Qoratog‘ o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar 2006 yil 19 dekabr kuni o‘rnatilgan.
Oybek Shaxavdinov Qoratog‘ bilan birgalikda O‘zbekistonning Sloveniyadagi va Xorvatiyadagi birinchi elchisi hisoblanadi. Shuningdek, u 2024 yil mart oyida O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi lavozimiga tayinlangan. Shaxavdinov qarorgohi Vengriya poytaxti Budapeshtda joylashgan.