O‘zbekiston neft va gaz qazib olishni ko‘paytirish uchun 650 mln dollar kredit olmoqchi

Iqtisodiyot 18:43 / 07.04.2020 9641

Bu – prezident Shavkat Mirziyoyev 4 aprel kuni imzolagan «Neft-gaz tarmog‘ining moliyaviy barqarorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarorda ko‘zda tutilgan.

Hujjatda qayd etilishicha, 650 mln dollarlik kreditning 250 mln dollari Ipak yo‘li jamg‘armasi (Xitoy) va xorijiy tijorat banklari, 400 mln dollari eksport-kredit agentliklari hisobidan jalb qilinadi.

«O‘zbekneftgaz» AJ axborot xizmati rahbari Siyovush Hoshimovning Kun.uz`ga ma'lum qilishicha, 650 mln. dollar miqdoridagi xorijiy kredit 185ta quduqni burg‘ulash, 172ta quduqni kapital ta'mirlash, 7ta siquv kompressor stansiyalarini qurish va boshqa tadbirlarga yo‘naltiriladi.

«Natijada 2030 yilgacha qo‘shimcha ravishda 118 mlrd. kub metr tabiiy gaz hamda 2,3 mln. tonna gaz kondensati qazib chiqariladi», – dedi «O‘zbekneftgaz» rasmiysi.

Qaror bilan, Energetika vazirligiga Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va «O‘zbekneftgaz» AJ bilan birgalikda 2020 yil 1 iyungacha mablag‘ to‘plash vazifasi yuklatildi.

Moliya vazirligi dasturni moliyalashtirish uchun «O‘zbekneftgaz» AJning «Ipak yo‘li» jamg‘armasi va xorijiy tijorat banklari oldidagi majburiyatlari bo‘yicha belgilangan tartibda davlat kafolatlarini berishga vakolatli hisoblanadi.

Prezident qaroriga muvofiq, neft-gaz tarmog‘i korxonalarining operatsion samaradorligini yaxshilash bo‘yicha «yo‘l xaritasi» ham ishlab chiqiladi. Bundan tashqari, sohadagi barcha korxonalarda korrupsiyaga qarshi «kompleans-nazorat» tizimi joriy etiladi.

Shu bilan birga, hujjatda yuqori malakali xorijiy ekspert va mutaxassislar, shu jumladan xorijdagi vatandoshlarni neft-gaz tarmog‘i korxonalariga ishga yollash bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, neft-gaz tarmog‘idagi faoliyat turlarini litsenziyalash soddalashtirilishi belgilangan.

«O‘zbekneftgaz» AJ va «O‘zkimyosanoat» AJ ustav jamg‘armalarida davlat ulushi oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: