Bitta korxona faoliyatini to‘xtatishiga ham «favqulodda holat» deb qaralishi kerak – prezident

Iqtisodiyot 20:30 / 03.04.2020 27891

Xalqaro ekspertlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, pandemiya dunyo iqtisodiyotiga 2 trillion dollardan ziyod zarar yetkazishi kutilmoqda. Hamma joyda savdo aloqalari, ko‘plab xizmatlar to‘xtab qolgan. 

Mamlakatda ushbu inqiroz iqtisodiyotga keskin salbiy ta'sirining oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Davlat rahbarining farmon va qarorlari qabul qilinib, biznes tuzilmalarga ko‘plab imtiyoz va preferensiyalar berildi.

Bugungi yig‘ilishda prezident korxonalarning izchil ishlashiga ko‘maklashish, barcha imkoniyat va zaxiralarni to‘liq safarbar etish zarurligini ta'kidladi.

«Bitta korxona faoliyatini to‘xtatishiga ham «favqulodda holat» deb qaralishi kerak. Chunki bu korxonalar qanchadan-qancha ish o‘rinlari va oilalar daromadini ta'minlamoqda. Yil boshida barcha hokimlar tadbirkorlikni rivojlantirishi bo‘yicha murojaat qabul qilib, katta marralarni belgilab olgan edik. Hozir sinov davri. Qaysi hokim hisob-kitobini joy-joyiga qo‘yib, ichki rezerv, yaratilayotgan imkoniyatlardan to‘g‘ri foydalansa, bu marralarga, albatta, erishadi. Tadbirkorlarni har taraflama qo‘llab-quvvatlash, mushkulini oson qilish va barcha zarur sharoitlarni yaratib berish hozirgi paytda har doimgidan ham muhim», deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Yalpi ichki mahsulotning asosiy qismi va aholi bandligini ta'minlaydigan 2 mingdan ortiq yirik korxona faoliyati umuman to‘xtamasligi kerakligi ta'kidlandi. Buning uchun ularning har biriga Prezident maslahatchilari, Bosh vazir o‘rinbosarlari, vazirlik, idora va banklar rahbarlari mas'ul etib biriktirildi. Ushbu korxonalarda karantin tartib-qoidalariga qat'iyan amal qilgan holda, Respublika maxsus komissiyasining qarorlariga rioya etgan holda ish tashkil etiladi. Biriktirilgan rahbarlar korxonalarga infratuzilma va xomashyo ta'minoti, mahsulot va ishchilarni tashish, soliq, kredit, bojxona masalalarida amaliy yordam berib boradi.

Tuman va shahar sektor rahbarlari o‘z hududidagi korxonalarni otaliqqa olib, ular bilan muntazam ravishda birma-bir ishlaydi. Tuman Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limida shtab tashkil etilib, har bir tadbirkorning muammosi hal etib boriladi.

«Hamma shuni yaxshi bilishi kerak: birorta ham tadbirkorni o‘z holiga tashlab qo‘ymaymiz», dedi davlat rahbari.

Prezident bugun «Koronavirus pandemiyasi davrida aholini, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik sub'yektlarini qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzolaganini aytib o‘tdi. Unda tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotganlar, xususan kichik va o‘rta biznesni rivojlantirib, sohaga qator yengilliklar berilishi ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: