Zangiotada barpo qilinayotgan shifoxonalar qurilishi ishlari qanday ketmoqda?

Jamiyat 17:38 / 28.03.2020 33997

Kun.uz muxbirlari Zangiota tumanida koronavirus tufayli O‘zbekistonga olib kelingan vatandoshlarni karantinga olish uchun zarur bo‘ladigan shifoxonalar qurilishi bilan bevosita tanishdi. Bugungi kunda 10 ming bemorni yoki karantinga olinadiganlarni bag‘riga sig‘dira oladigan bloklar «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJning qurilish tashkilotlari hamda «Enter Engineering» tomonidan barpo qilinmoqda. Bu ishlar uchun jami 4 mingga yaqin ishchi-xizmatchi safarbar etilgan. Ikkita qurilish maydonida 400ga yaqin turli texnikalardan foydalanilmoqda.

Qurilish ishlari jadal sur'atlar bilan davom ettirilmoqda

«O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ «Gidrotexnika inshootlari qurilishi direksiyasi» boshlig‘i Zohid Boboyevning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda poydevorni quyish ishlari olib borilyapti.

«Qurilish ishlarini olib borish uchun barcha qurilish mahsulotlarini yetkazib berish uzluksizligi ta'minlangan. Ishchi-xizmatchilar uchun sharoitlar barpo qilingan, 3 mahal issiq ovqat tashkil etilgan.

Ma'lum qilishlaricha, ishlar ikki smenada olib borilyapti, ishchilar dezinfeksiyalovchi vositalar, niqoblar bilan ta'minlanmoqda. Ularga koronavirusdan himoyalanish usullari ham tushuntirildi», deydi Zohid Boboyev.

«Enter Engineering» tomonidan barpo qilinayotgan qismida 1,5 mingdan ortiq ishchi shifoxonani tezkorlik bilan qurib, foydalanishga topshirish ustida jonkuyarlik ko‘rsatmoqda. Bunda 150ta texnika yordamidan foydalanilmoqda.

Har biri 5 ming kishiga mo‘ljallangan ikkita davolash bloklari, tibbiyot xodimlari uchun alohida turar joylar, o‘ta og‘ir ahvoldagi bemorlarni jonlantirish bo‘limlari va karantin uchun maxsus xonalarni o‘z ichiga oladi. Har bir blok ming kishilik 5ta alohida korpusga taqsimlanadi. Kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish, shifoxonani jihozlash, zarur infratuzilmani yaratish qurilish ishlari bilan birga olib borilmoqda. Bu yerga xorijdan charter reyslar orqali olib kelinadigan o‘zbekistonliklar joylashtiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: