Postlardagi xodimlarning ehtiyotkorligi qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?

Jamiyat 16:02 / 28.03.2020 44859

Toshkent shahriga kirish va shahardan chiqish postlarida ahvol qandayligi bilan tanishish, karantin talablari ijrosi qanday ta'minlanayotgani va postlardagi haqiqiy holat bilan tanishish maqsadida Kun.uz muxbiri Toshkent shahrining Qibray va Zangiota tumanlari bilan chegaralarida tashkil etilgan nazorat-o‘tkazish punktlarida bo‘ldi. Dastavval postlar faoliyati haqida.

Bir qarashda barchasi yaxshi ketmoqda. Toshkent shahrida doimiy propiskasi yo‘qlar, tibbiy xodimlar va yuk avtomobillar haydovchilardan boshqa hech kim shahar kiritilmayapti. Shu bilan birga, Toshkent viloyatida propiskasi yo‘qlar shahardan chiqarilmayapti.

«Biroq, fuqarolar, haydovchilar va nazoratni ta'minlovchi xodimlar o‘rtasida tushunmovchiliklar ham bo‘lib turibdi», deydi YHXBB faxriysi Mansur Rixsiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim fuqarolar va haydovchilarda shoshqaloqlik, kibrlanishga o‘xshash holatlar ko‘zga tashlanmoqda. Bir xodimning ruxsatini olmagan fuqaro yoki haydovchi ikkinchisiga uchrashmoqda va ularning vaqtini olmoqda.

«Bekorga karantin tashkil etilib, shuncha xodim o‘z-o‘zidan safarbar etilgani yo‘q. Shuning uchun, o‘tkazish postlaridagi mas'ullarning talablarini bajarish kerak, ularga bo‘ysunish lozim. Ayrim haydovchilarning qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, postdagi xodimga taqab to‘xtatish holatlari uchramoqda. Bir narsani tushunib olish kerak, bu qilinayotgan ishlar mamlakat fuqarolarining, barchamizning sog‘ligimiz uchun qilinmoqda.

Hamma fuqarolarimizni zaruratsiz uyda o‘tirishga chaqirardim. Barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib harakat qilsak, bu kunlarni tezda ortda qoldiramiz», dedi Mansur Rixsiyev.

Toshkent viloyati IIBB YHXB axborot xizmati rahbari Rustam Asqarov ham qo‘shni tumanlardagi fuqarolar taqiqlarga qaramasdan shaharga kirishga urinishayotgani haqida aytib o‘tdi.

«Mazkur postdan Toshkent viloyatining Qibray, Chirchiq, Bo‘stonliq va Yuqori Chirchiq tumani fuqarolari shaharga o‘tishga harakat qilishmoqda. Xususan, shaharga hech kim o‘tkazilmasligiga doir tashviqot ishlariga qaramasdan, fuqarolar zarur ishi borligi, qarindoshini ko‘rib kelishi kerakligini aytib, o‘tishga harakat qilishmoqda», deydi u.

Uning bildirishicha, viloyat hududida tez tibbiy yordamga muhtoj bo‘lib qolgan va hududning o‘zida ko‘rsatilgan tibbiy yordam yetarli bo‘lmagan taqdirda, unday bemorlar shaharga faqatgina tez yordam mashinasida olib kirilishiga yo‘l qo‘yiladi.

Rustam Asqarovning so‘zlariga ko‘ra, aksar fuqarolar ko‘rilayotgan choralarni to‘g‘ri tushunayotgan bo‘lsa-da, ayrim piyoda va haydovchilar nazoratchi xodimlarga ortiqcha savollar berish orqali ularning vaqtini o‘g‘irlamoqda va tirbandliklarga sababchi bo‘lishmoqda.

Chilonzor FVBE bo‘yicha boshliq o‘rinbosari podpolkovnik Murod Berdibekovga ko‘ra, «Erkin» postida ham karantin bo‘yicha barcha choralar ko‘rilgan. Kirib kelayotgan avtomashinalarni dezinfeksiya qilish ishlari uzluksiz amalga oshirilmoqda. Toshkent shahriga kirmoqchi bo‘layotgan fuqarolarning maqsadi, yashash manzili aniqlanib, shunga binoan ularni kiritish yoki ortiga qaytarish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilmoqda.

Postlar faoliyatida bizni ajablantirgan va xavotirga solgan boshqa bir jihatga e'tiborni qaratishni istardik. Postlarda xizmat vazifalarini bajarayotgan xodimlarning ehtiyotkorligi qay darajada? Ular o‘zlari virus tarqatuvchi bo‘lib qolmaydimi? Gap shundaki, ular fuqarolar va haydovchilarning hujjatlarini qo‘llariga olib tekshirgach, navbatdagi fuqaro yoki haydovchi bilan muloqot qilishdan avval, qo‘lqopli qo‘llarini spirt yoki boshqa vositalar bilan dezinfeksiya qilishlari zarur.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko‘ra, koronavirus aynan shunday kontakt orqali yuqadi. Xodimlar esa birinchi ehtimoliy kasallangan fuqaroning hujjatini ushlash bilan virusni boshqalarga kun davomida tarqatmasligi kafolatlanmagan.

Shu sababli, o‘ylaymizki, karantin choralarini ta'minlovchi mutasaddilar, xodimlarga bu borada tegishli ko‘rsatmalar beradi, kerak bo‘lsa, maxsus roliklar namoyish qilinib, mazkur kasallikning tarqalishiga doir birlamchi ma'lumotlarni ham taqdim etishadi. 

Ko‘proq yangiliklar: