Navoiy kon metallurgiya kombinati ishchilari jamoat fondiga 1,5 mlrd so‘m hissa qo‘shishdi

Jamiyat 21:40 / 27.03.2020 4779

Xalqimiz qadimdan boshiga tashvish tushgan pallada borini yurtdoshlari bilan baham ko‘radigan, og‘ir paytlarda ulardan mehr-muruvvatini ayamaydigan, hamisha elga suyanch bo‘ladigan saxovatli insonlardir. Bardavom ezgu amallar koronavirus pandemiyasiga qarshi hamkorlikda kurash hamda uning oldini olishda yanada ko‘proq namoyon bo‘lyapti.

Navoiy kon metallurgiya kombinati yoshlari yurtimizda kechayotgan sinovli kunlarda xayrli tashabbus bilan chiqishdi. Ijtimoiy tarmoqlar orqali kombinat jamoasiga murojaat qilib, xalqimiz boshiga og‘ir sinov tushib turgan pallada yanada jipslashishga, ixtiyoriy ravishda «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondini moddiy qo‘llab-quvvatlashga chorladi.

Bu ezgu taklif kombinat jamoasini befarq qoldirmadi, tashabbus to‘la ma'qullandi, deb xabar bermoqda NKMK bosh direktorining matbuot kotibi A.Jo‘rayev Kun.uz’ga.

— Prezident Shavkat Mirziyoyevning 18 mart kungi koronavirus bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha xalqimizga murojaati biz yoshlarni hushyorlik va hamjihatlikka da'vat etdi. Tashabbusimizni ko‘pming kishilik jamoamiz yakdil qo‘llab-quvvatlaganidan xursandmiz. Ayni paytda kombinat ishchi-xodimlarining «O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondiga qo‘shgan hissasi 1,5 mlrd so‘mdan oshib ketdi. Bu, shak-shubhasiz, hamkasblarimizning saxovatpeshaligi, eng og‘ir damlarda xalqimizga suyanch va tayanch bo‘lishga tayyor ekanligidan dalolat beradi. Bu xayrli ishning savobi hammamiz uchun kattadir, — deydi NKMK yoshlar yetakchilari Kengashi raisi Sanjar Rajabov.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamoasi respublikamiz miqyosidagi barcha ijtimoiy harakatlar, xayrli ishlarda faol ishtirok etib kelgan va bundan buyon ham shunday bo‘lib qoladi.

Ko‘proq yangiliklar: