Madina Muxtorova va uning o‘g‘liga oid jinoyat ishi yarashuv bilan tugatildi

Jamiyat 18:31 / 27.03.2020 19424

«2020 yil 19 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida Jinoyat kodeksining 109-moddasi (qasddan badanga yengil shikast yetkazish) 2-qismi bilan gumon qilinuvchilar M.Muxtarova va S. Muxtarovga oid jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sudda gumonlanuvchi M.Muxtarova va S.Muxtarov yarashuv to‘g‘risida ariza taqdim qilib, qilmishidan pushaymonligi, sodir etgan qilmishining oqibatlarini anglaganligi, jabrlanuvchiga yetkazilgan zararni to‘liq qoplaganligi, hozirda jabrlanuvchi bilan yarashib olganligi haqida ko‘rsatma berib, jinoyat ishini tugatishni so‘ragan.

Jabrlanuvchining qonuniy vakili D.Yuldasheva jabrlanuvchi M.Alimjonov bilan sudda yarashuv to‘g‘risidagi ariza taqdim qilib, gumonlanuvchi M.Muxtarova va S.Muxtarovga nisbatan hech qanday da'vosi yo‘qligi, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi, yarashuv sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin kelib chiqadigan huquqiy oqibatlarni tushunganini, jinoyat ishini tugatishni so‘ragan.

Fuqaroviy da'vogar M. G.Alimdjanov sudda yarashuv to‘g‘risidagi ariza taqdim qilib, gumonlanuvchi onasi va akasiga nisbatan hech qanday da'vosi yo‘qligi, yetkazilgan zarar to‘liq qoplanganligi, yarashuv sud tomonidan tasdiqlanganidan keyin kelib chiqadigan huquqiy oqibatlarni tushunganini, jinoyat ishini tugatishni so‘ragan.

Jinoyat kodeksining 66-1-moddasiga muvofiq, Jinoyat kodeksining 109-moddasining 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan shaxs o‘z aybiga iqror bo‘lgan bo‘lsa, jabrlanuvchi bilan yarashsa va yetkazilgan zararni bartaraf etsa, yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Sud, ish hujjatlari va to‘plangan dalillar bilan to‘la tanishib chiqib, M.Muxtarova va S.Muxtarovga nisbatan jinoyat ishini yarashganlik munosabati bilan tugatishni lozim topgan. Shunga ko‘ra, jinoyat ishini tomonlarning yarashganligi munosabati bilan tugatish haqida ajrim chiqargan», deyiladi Oliy sudi matbuot xizmati ma'lumotida.

Ko‘proq yangiliklar: