Video: Vodiy viloyatlari o‘rtasida transport harakati cheklanmoqda

Jamiyat 23:23 / 26.03.2020 15912

Farg‘ona va Andijon viloyatlarini bog‘lab turuvchi Yozyovon va Bo‘ston tumanlari chegarasida yo‘l-patrul va sanitar postlari ishlab turibdi.

Maskanda har bir avtoulov profilaktik zararsizlantirilib, yo‘lovchilar maxsus tana haroratini o‘lchovchi asbob – teplovizorda tekshirilmoqda.

Farg‘ona raqamlariga ega avtomobillar va yo‘lovchilar Andijon viloyati hududiga, Andijon viloyati avtomashinalari esa Farg‘ona tomonga o‘tkazilmayapti.

Yuk mashinalari va boshqa viloyat avtomashinalari bundan mustasno.

«Farg‘ona viloyati yo‘lovchilari uchun chiqish yo‘li berkitildi. Boshqa viloyat fuqarolari chiqib ketishlari uchun yo‘l ochiq. Toshkent va boshqa viloyat avtomashinalari va yuk mashinalari chegaradan o‘tishlari mumkin. Andijon viloyati fuqarolarini esa o‘z viloyati hududiga qaytaryapmiz», – deydi Farg‘ona viloyati YHX boshqarmasi xodimi Azizbek Ikromov.

Postda Bo‘ston tuman sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik markazi va tuman tibbiyot birlashmasi xodimlari ham xizmat vazifalarini bajarishmoqda.

«Hozirgi kunda Andijon va Farg‘ona viloyatlari o‘rtasida joylashgan 44-postda zamonaviy talablarga javob beradigan teplovizorlar bilan jihozlangan sanitariya postini tashkil qildik.

Ushbu joydan o‘tayotgan barcha transport vositalari va aholi vakillari kuchli nazorat ostida o‘tkazilyapti. Avtoulovlar profilaktik zararsizlantirilmoqda. Postdan o‘tayotgan har bir fuqaroning tana harorati o‘lchanyapti. Agarda harorat yuqori bo‘lsa, tibbiyot xodimlariga murojaat qilyapmiz», – deydi Bo‘ston tumani SEOM bosh vrachi Abdurashid Javlonov.

Andijon va Namangan viloyatlarini bog‘lab turuvchi Baliqchi va Norin tumanlari chegarasida ham sanitar va YPX posti ishlab turibdi. Har ikki viloyatga o‘tishga cheklov qo‘yilgan.

«Sanitar postimizda dezinfeksiya ishlarini amalga oshirmoqdamiz. 0,06 foizli xlor moddasidan foydalangan holda har bir o‘tgan avtomashinani zararsizlantirilmoqda. Yo‘lovchilarni esa, tibbiyot xodimlari tana haroratini o‘lchab o‘tkazishyapti», – deydi Baliqchi tumani SEOM xodimi Feruzaxon Mirzayeva.

Kun.uz muxbirlari: Elmurod Ermatov, Sarvarbek Nazarov.
Tasvirchi – Ahrorbek Yoqubjonov

Ko‘proq yangiliklar: