Uzun tuman hokimligi tadbirkordan qarz bo‘lib qoldi va sudda yutqazdi. To‘lashga esa tumanda pul yo‘q

Jamiyat 19:32 / 26.03.2020 27748

2019 yil 22 may kuni Uzun tuman hokimligi va «Like Articomfoprt» xususiy korxonasi o‘rtasida imzolangan pudrat shartnomasiga ko‘ra, korxona Uzun tuman XTBga qarashli «X.Qulniyozov nomli bolalar oromgohida» qurilish ta'mirlash ishlarini amalga oshirgan.

Bolalarning yozgi ta'tili boshlanishiga sanoqli kunlar qolgani sababli korxona oromgohda ikki smenada ish tashkil qilib, loyiha-smeta hujjatlaridagi 113 million so‘mlik ish hajmini 13 kunda bajaradi.

Biroq, mana oradan qariyb bir yilga yaqin vaqt o‘tmoqdaki, tuman hokimligi bajarilgan ishlar uchun korxonaga bir tiyin ham o‘tkazib bergan emas.

Tadbirokor Kun.uz’ga murojaat qilishdan avval tuman hokimligiga 20 martacha murojaat qilgan. Prezidentning xalq qabulxonasi, Bosh vazirning tadbirkorlar murojaatlari qabulxonasiga ham murojaat qilib yechim topa olmagan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Uzun tuman moliya bo‘limi boshlig‘i mablag‘larni ko‘chirib berish o‘rniga, «hokimlik bilan imzolangan shartnomang haqiqiy emas», degan vaj bilan vaqtni cho‘zgan.

Natija chiqmagach tadbirkor sudga murojaat qilishga majbur bo‘lgan. Sariosiyo tumanlararo iqtisodiy sudining 2019 yil 4 noyabr kungi (sudya Z.Hakimov) hal qiluv qaroriga ko‘ra, javobgar — Uzun tuman hokimligi hisobidan da'vogar «Like Articomfoprt» xususiy korxonasi foydasiga 133 million 71 ming 147 so‘m asosiy qarz, shuningdek, pochta xarajatlari va davlat boji undirish belgilangan.

Qaror ijroga qaratilgan. Lekin hanuz tadbirkor qilgan mehnati uchun davlatdan pulini ololmayapti.

Biz mazkur masalada Uzun tuman hokimligi yuridik xizmati rahbari Risqiddin Saidov bilan telefon orqali bog‘lanib, vaziyat bo‘yicha izoh oldik.

R.Saidov sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchida ekanini va tadbirkorning haqligini tan oldi. Biroq, tumanda markaziy bozor buzilgach, mahalliy budjetga soliqlardan tushum kamayib ketgani, tuman dotatsiyada ekani, budjetda kam ta'minlangan oilalarni uy-joy bilan ta'minlash va boshqa masalalarga ham mablag‘ yetmayotganini ta'kidlab o‘tdi. Xususan, «Like Articomfoprt» xususiy korxonasiga ham mablag‘ yetmayotgani sababli ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lovni o‘tkazib berish kechikib borayotganini aytdi.

Nima ham derdik. Hokimlik ekan, deb qarab o‘tirmagan sud qonun bilan belgilab qo‘yilgan vakolatlari o‘z vazifasini odilona bajardi. Endi navbat Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosining Uzun tuman bo‘limiga.

Bu idora ham tadbirkorning huquqlarini ta'minlashda sud tutgan yo‘ldan boradimi, uning qarorini ijro eta oladimi yoki yo‘q, buni kuzatishda davom etamiz.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz maxsus muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: