Navoiyda «Biznes fundament» MChJ rahbari tadbirkor Otabek Haydarov tomonidan ota-onasidan erta yetim qolgan 3 nafar bolalarga shahar markazidagi zamonaviy ko‘p qavatli turar joydan barcha qulayliklarga ega bo‘lgan ikki xonali uy sovg‘a qilindi.
Bu haqda Navoiy viloyat hokimligi axborot xizmati ma'lum qilmoqda.
Bu bolalar ota-onasining bevaqt vafotidan so‘ng 5 yildan buyon Karmana tumanida ijarada yashab kelayotgan, buvisi Saodat aya Shukurovaning qaramog‘ida edi.
Bugun bolalarning quvonchi cheksiz. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Navoiy viloyati Kengashi taklifi bilan saxovatli tadbirkor tomonidan uy bilan birgalikda Saodat ayaning qaramog‘idagi ikki nafar o‘g‘il nevarasiga zamonaviy noutbuk hamda qiz nevarasiga tikuv mashinkasi, uy-ro‘zg‘or buyumlari ham sovg‘a qilindi.
O‘zbek — o‘ziga bek, har doim yetimlar boshini silagan millat. Otabek Haydarovdek saxovatli insonlar ko‘payaversin.