2020 yil boshoqli don ekinlari hosilini yig‘ib olish bo‘yicha hukumat qarori qabul qilinadi

O‘zbekiston 09:38 / 26.03.2020 12694

Vazirlar Mahkamasining “2020 yil boshoqli don ekinlari hosilini o‘rib-yig‘ib olish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi muhokama uchun joylashtirildi.

2020 yil don hosili o‘rim-yig‘im ishlarini o‘z vaqtida va sifatli tashkil etish, g‘alla o‘rish kombaynlaridan samarali foydalanish, shuningdek, ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun boshoqli don xarid qilish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalari bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining raisi, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va uning tizimidagi don mahsulotlari korxonalari, “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar va tumanlar hokimlari, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Transport vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zagroservis” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy filiallari, “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi va don mahsulotlari korxonalari rahbarlari g‘alla o‘rim-yig‘im mavsumida quyidagilar asosiy vazifa etib belgilanadi:

g‘alla o‘rish kombaynlarini, don tashish uchun jalb etiladigan barcha turdagi transport vositalarini, shuningdek don qabul qilinadigan shoxobchalar, xirmon maydonlarni, don tozalash mashinalari va boshqa moddiy-texnika bazalarini joriy yil 10 mayga qadar to‘liq tayyorlash choralarini ko‘rish;

g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklaridan don qabul qilish korxona va shoxobchalariga qabul qilinayotgan don dastlabki tozalashdan o‘tkazilgandan keyin, tozaligi, namligi va ifloslik darajalari belgilangan davlat standart talablariga to‘liq mos kelgandan keyin, tegishli hujjatlar (dalolatnomalar) asosida donni qabul qilib olish;

ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun xarid qilinadigan qonun hujjatlarida belgilangan miqdordagi donni g‘allachilik klasterlari va fermer xo‘jaliklari dalalaridan don mahsulotlari korxonalariga yetkazib berib, ko‘rsatilgan xizmatlar uchun, mashina-traktor parklari tomonidan ko‘rsatilgan mexanizatsiya xizmatlari hamda g‘alla kombaynlari operatorlariga ish haqi to‘lash uchun hisob-kitoblarni o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta'minlash.

Belgilanishicha, donni don qabul qilish korxonalariga yetkazib berish bo‘yicha transport xarajatlarini qishloq xo‘jalik ishlab chiqaruvchilari va don mahsulotlari korxonalari o‘rtasida tuzilgan shartnomalarga muvofiq “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan to‘lanadi.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

g‘alla yetishtiruvchi klasterlar va fermer xo‘jaliklari birinchi navbatda ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun boshoqli don xarid qilish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarishini ta'minlaydi;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun boshoqli don yetishtirish va sotish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishi ustidan nazorat o‘rnatadi.

2020 yil hosili uchun ekilgan g‘allani o‘z vaqtida va sifatli o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tarkibi tasdiqlanadi.

Respublika Ishchi guruhiga (Barnoyev) quyidagi vazifalar yuklatiladi:

2020 yil hosili uchun ekilgan g‘allani o‘z vaqtida va sifatli qilib o‘rib-yig‘ib olishni tashkil etish;

yanchilgan donni o‘z vaqtida tashish, qabul qilib olishni tashkil etish va yetarli miqdorda yoqilg‘i moylash materiallari zaxirasini yaratish;

ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun boshoqli don xarid qilish bo‘yicha tuzilgan kontraktatsiya shartnomalarining bajarilishi va qabul qilib olingan don uchun o‘z vaqtida hisob-kitoblarni amalga oshirilishi yuzasidan monitoring yuritish;

boshoqli don ekinlarini pishib yetilishidan kelib chiqib, zarurat bo‘lgan hollarda g‘alla o‘rim-yig‘imida qatnashadigan yuqori unumli g‘alla o‘rish kombaynlarini bir viloyatdan ikkinchi viloyatga amaliy yordam uchun o‘tkazilishini tashkil etish.

Davlat statistika qo‘mitasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi bilan birgalikda g‘alla yetishtirish va ichki bozorda don narxlari barqarorligini ta'minlash tadbirlarini amalga oshirish uchun boshoqli don xarid qilinishi hajmlari to‘g‘risida taqdim etilayotgan statistik hisobotlarning ishonchliligi ustidan qat'iy nazorat o‘rnatadi.

Hisobot ma'lumotlarini buzib ko‘rsatish holatlari aniqlangan taqdirda aybdor shaxslarga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan javobgarlik choralari ko‘riladi.

Ichki ishlar vazirligi 2020 yil 1 iyundan e'tiboran 2020 yil boshoqli don ekinlari hosilini yig‘ishtirib olishga jalb etiladigan Ichki ishlar vazirligi va Favqulodda vaziyatlar vazirligi ta'lim muassasalarining tinglovchilari va kursantlari kontingentini taqsimlangan holda ularni viloyat bo‘limlari ixtiyoriga yuboradi.

Ko‘proq yangiliklar: