O‘zbekistonda xususiy professional futbol maktablari tashkil etiladi 

Sport 08:50 / 25.03.2020 5518

Vazirlar Mahkamasining “Xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablari to‘g‘risida nizom tasdiqlanadi.

Futbol maktablarining asosiy yo‘nalish va vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

iqtidorli bolalar va iste'dodli yoshlarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash orqali sport tayyorgarligining yuqori sifatini ta'minlaydigan qulay shart-sharoitlarni yaratish;

ilg‘or xalqaro tajribalarni inobatga olib, sportchilar tayyorlashning zamonaviy ilmiy yutuqlari va innovatsion texnologiyalardan foydalanish asosida jismoniy tarbiya va sport sohasidagi samaradorlik va natijaviylikni oshirish;

sport zaxirasini sifatli tayyorlash uchun zarur tashkiliy, o‘quv-metodik, moddiy-texnik va psixologik-pedagogik shart-sharoitlarni ta'minlash;

o‘quv-tarbiya jarayonining sog‘lomlashtiruvchi yo‘nalishlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlarni yaratish, sog‘lom turmush tarzi normalarini joriy etish.

Shunday tartib o‘rnatiladiki, unga ko‘ra:

futbol maktablarining faoliyati Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda tashkil etiladigan Xususiy futbol maktablari va xususiy professional futbol maktablari faoliyatini tashkil etish komissiyasining ijobiy xulosasi asosida tashkil etiladi;

futbol maktablarini faoliyat yuritishi uchun qo‘yiladigan minimal talablar O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan tasdiqlanadi;

futbol maktablarining faoliyat yuritishlari uchun Komissiyaning ijobiy xulosasi ikki yil muddatga beriladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Adliya vazirligi bilan birgalikda Komissiyaning ijobiy xulosasiga ega bo‘lmagan futbol maktablarining faoliyatini to‘xtatish yuzasidan zarur choralarni ko‘radi.

Belgilab qo‘yilishicha, futbol maktablari:

o‘z faoliyatini futbolchilar tayyorlash dasturi va talablar asosida amalga oshiradi;

amaldagi normativ-huquqiy hujjatlarga qat'iy rioya qilgan holda yuqori malakali futbol trenerlari bilan ta'minlash, o‘quv-mashq jarayonini tashkil etish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish choralarini ko‘radi;

futbolchilarni tayyorlash to‘lov shartlari, tomonlarning huquq va majburiyatlari hamda boshqa shartlar belgilangan shartnomaga muvofiq ularning ota-onalari yoki boshqa qonuniy vakillari bilan o‘zaro munosabat o‘rnatadi;

o‘z faoliyatini aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish, xayriya jamg‘armalari, grant mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiradi.

Futbol maktablari ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli va iqtidorli farzandlarini tanlov asosida futbol maktabidagi jami o‘quvchilar umumiy sonining 10 foizidan kam bo‘lmagan miqdorda, pullik xizmatlarni ko‘rsatish evaziga kelib tushgan daromadlar hisobidan, futbol maktabiga bepul qabul qilishi belgilab qo‘yiladi. Keyingi yillarda shug‘ullanuvchilarni bepul shug‘ullanishini davom ettirish bo‘yicha qaror futbol maktabi tomonidan shug‘ullanuvchining oilaviy sharoiti va uning sportdagi natijalaridan kelib chiqqan holda qabul qilinadi.

Futbol maktablariga, istisno tariqasida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan har yili ko‘chmas davlat mulkidan foydalanganlik uchun ijara to‘lovining eng kam stavkalarini qo‘llamagan holda davlat mulkini ijaraga berish markazlari ishtirokisiz balansida sport inshootlari bo‘lgan budjet tashkilotlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara shartnomalari tuzishga ruxsat beriladi.

Futbol maktablariga ilg‘or xorijiy tajribalarni inobatga olgan holda quyidagilar tavsiya qilinadi:

futbol bo‘yicha o‘quv-mashq jarayonini zamonaviy innovatsion texnologiyalaridan foydalangan holda tashkil etish;

zamonaviy ilmiy yutuqlar va amaliy tajribalarni joriy etish uchun o‘quv-mashq jarayoniga xorijiy trener va mutaxassislarni jalb qilish.

Ko‘proq yangiliklar: