Dorixonada narx sun'iy oshirilsa, litsenziya bekor qilinishi ham mumkin – Davlat soliq qo‘mitasi

Jamiyat 18:14 / 25.03.2020 3031

AOKA qoshidagi maxsus shtabda tashkil etilgan onlayn brifingda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Fazliddin Umarov tomonidan dorixonalarda narxning sun'iy oshirilishi qanday choralar ko‘rilishiga sabab bo‘lishi to‘g‘risida ma'lumot berildi.

Fazliddin Umarovning ma'lumot berishicha, dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari ulgurji savdo uchun sotib olingan qiymatidan 15 foizdan, chakana savdo uchun esa ulgurji narxidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda belgilanadigan cheklangan savdo ustamalari qo‘llangan holda sotilishi lozim. Bu «Aholini dori-darmon vositalari va tibbiyot buyumlari bilan ta'minlashni yanada yaxshilashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi prezident qarorida belgilangan.

«Savdo yoki xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzish dorixona rahbariga 1,5 mln so‘mgacha jarima solishga sabab bo‘ladi. Bundan tashqari, bu holat dori vositalarini sotish huquqini beruvchi litsenziya bekor qilinishiga olib kelishi ham mumkin», deya Fazliddin Umarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Bundan tashqari, Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari dorixonadan sotib olingan dori vositalari uchun xarid summasiga teng chek berilmasligi to‘g‘risidagi holatga ham izoh berdi.

«Har qanday savdo obektida xaridorga xaridi bo‘yicha summasiga teng miqdorda nazorat kassa mashinasining chekini berilishi majburiy. Bu savdo qoidasi hisoblanadi. Chek bermaslik yoki to‘liq summaga teng ravishda bermaslik  noqonuniy hisoblanadi.

Chunki chek fuqaroning iste'mol huquqini ta'minlash bilan birga chekda ko‘rsatilgan xarid summasiga tegishli miqdorda soliq olinishi zarur», degan Fazliddin Umarov.

Uning ma'lumot berishicha, xarid summasiga teng chek berilmasligi holati uchun javobgarlik chorasi belgilangan.

«Bundan tashqari, Soliq kodeksiga asosan, xaridorga xarid uchun chek yoki unga tenglashtirilgan hujjatlarni bermaslik yoki rad etish — besh million so‘m miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi», deya qo‘shimcha qildi Fazliddin Umarov. 

Ko‘proq yangiliklar: