Karantinga olingan xodimlarga ijtimoiy sug‘urta nafaqasi to‘lanadi

Jamiyat 16:30 / 24.03.2020 8217

Bugun, 24 mart kuni, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi qoshida tashkil etilgan maxsus shtabda Adliya vazirligi tomonidan karantin davrida fuqarolardan tushgan murojaatlarga javob berildi.

Adliya vazirligi axborot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva karantinga olingan xodimga mehnat nafaqasi to‘lanishi haqida batafsil ma'lumot berdi.

«Mehnat kodeksiga ko‘ra, agarda xodim karantin vaqtida sanitariya-epidemiologiya organlari tomonidan atrofidagi shaxslar orqali yuqumli kasallikka chalinish xavfini oldini olish maqsadida ishdan chetlatilgan bo‘lsa, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa beriladi. Vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi mehnatda mayib bo‘lgan va kasb kasalligiga chalinganda ish haqining to‘liq miqdorida, boshqa hollarda esa ish haqining 60 foizidan 100 foizigacha miqdorda to‘lanadi.

Bunday nafaqaning eng kam miqdori mehnatga haq to‘lash eng kam miqdorining (679 ming 330 so‘m) 35,2 foizidan, ya'ni 239 ming 124 so‘mdan oz bo‘lmasligi va nafaqa hisoblab chiqariladigan ish haqi miqdoridan ortib ketmasligi lozim.

Karantin bo‘yicha qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra, koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o‘rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo‘lgan farzandini parvarish qilayotgan shaxslarga o‘rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to‘lanadi», deya O‘rinboyevaning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

U koronavirusni qasddan tarqatish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishini eslatib o‘tdi.

«O‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarayotgan shaxslarga nisbatan noqonuniy harakatlarni sodir etish javobgarlikka jinoiy sabab bo‘ladi», deydi u.

Jinoyat kodeksiga ko‘ra:

  • qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish – 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
  • qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish – 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan;
  • haqorat qilish – Bazaviy hisoblash miqdorining 400 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 1 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Ko‘proq yangiliklar: